Rus tili darsmi to bog‘dorchilik?!
Rus tili darsida kartoshka yetishtirishni o‘rganamiz?!
Rus tili fakulteti. Hamisha orqa partad a o‘tiradigan 3-4 talaba ko‘p e’tiborimni tortgan. Ular rus tilini yaxshi bilmas, tayyor matnni ham eplab o‘qiy olmasdi. Shu tufayli darslarda javob berishiga to‘g‘ri kelib qolsa, xijolatdan qizarar, sessiyalarda unga yalinib, bunga yolvorib, arang uch baho olardi. Ustozlardan ko‘p dakki eshitadigan, boshi egik, uyatchan bu talabalar bir kuni meni lol qoldirdi:
Ekologiya darsi. Ustoz kuyib-pishib mavzu tushuntiryapti. Birdan gap o‘simliklarga borib taqaldi. Paxta yetishtirish, loviya ekish, kartoshka undirish, meva va sabzavotlar eksporti haqida gap borar ekan, ustoz ham berilib so‘zlay boshladi. Azbaroyi mavzu qiziganidan, ko‘pchilik tilga ham e’tibor bermay, muloqot o‘zbek tiliga o‘tib ketdi. Bir payt orqa partadan bir yigit eksport haqida qizg‘in so‘zlay boshladi. Gaplari shunchalar ma’n o li, mantiqli ediki, beixtiyor ustoz ham uning fikrlarini qiziqib tinglay boshladi. Hiyol o‘tmay, boshqasi loviya yetishtirish bo‘yicha bilganlarini gapira ketdi. Asta orqaga o‘girilar ekanman, hamisha boshi xam, yuzi qizarib, ko‘zlarini u yon-bu yonga olib qochib, darslarni tamomlaydigan boyagi talabalar gapirayotganini ko‘rib, hayratim ortib ketdi. Ularning ovozi dadil edi, ko‘zlari yonib turardi. O‘zi gapirayotgan so‘zlarning mohiyatini anglab gapirish, o‘zini qiziqtiradigan, tushunadigan mavzuda so‘zlash insonga shu qadar o‘zgacha kayfiyat baxsh etarkan-da, dedim o‘zimga.
Keyinroq, tanaffus payti o‘sha yigitlardan ikkitasini suhbatga tortdim:
— Boyagi gapirishlaringni ko‘rib, ochig‘i lol qoldim. Shundoq qiziqishlaring bor ekan. Bu sohada ma’lum bilimlarga ham ega ekanliklaring ko‘rinib turibdi, rus tili fakultetida nima qilib yuribsizlar? Qishloq xo‘jaligi sohasida yoki iqtisod, biznes yo‘nalishlarida o‘qisalaring bo‘lmaydimi? O‘zlaring ma’lum bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yo‘nalishda o‘z bilimlaringni yana-da mustahkamlash yaxshiroq emasmi? – dedim.
— Ey, nimasiini aytasiz. Ota-onamga bir necha marta aytdim, o‘qituvchi bo‘lasan, deb turib olishdi. Ishonasizmi, birinchi kursda superkontraktga o‘qidim. Shuncha pul-a. Rosa alam qildi. Bu pullarni eksport biznesiga tiksam, qancha daromad olardim, — deb qoldi yigitlardan biri. Boshqasi ham shunga yaqin gaplarni gapirdi. Xullas ayon bo‘ldiki, bolalar bu yo‘nalishni yaqinlarining qistovi va bosimi ostida tanlagan.
***
Yaqinda bir tanish ayol bilan suhbatlashib qoldim. Aytishicha, farzandi haftaning muayyan kunlari maktabga bormaslik uchun bahona qidirar, borgim kelmayapti, deb xarxasha qilarkan. Bir-ikki hafta o‘tib, onani nimaga aynan shu kunlari bolasi o‘zini bunday tutishi qiziqtirib qolibdi va farzandini so‘roqqa tutibdi. Emishki, haftaning shu kunlari ma’lum fandan dars o‘tadigan o‘qituvchi sinfga kirishi bilan, men sizlarga bir voqea aytib beraman, derkanu, shu bilan dars vaqti tugagunicha o‘z hayotidan hikoyalar so‘zlab berarkan. Vaziyat shu darajada ekanki, o‘sha o‘qituvchi dars o‘tadigan sinflarning barcha o‘quvchilari uning turmush o‘rtog‘i kim, ismi nima, qayerda ishlaydi, nechta farzandi bor, ularning o‘qish va ish joylari, qiziqishlari, nabiralari, ularning qiliqlari, hatto uy hayvonlarining xarakteristikasigacha – hammasini bexato bilib qolibdi. Axir har dars, naq qirq daqiqa o‘qituvchi hayotidan lavhalar eshitaverib yod bo‘lib ketgan-da. “Axiyri, o‘sha o‘qituvchi nafaqaga ketdiyu, bolamning xarxashasiyam tindi, – deydi ayol. — Ungacha esa, ikki yil sabr qilishimizga va aynan o‘sha o‘qituvchi fanini repetitor yollab o‘rganib turishimizga to‘ri keldi”.
Xo‘sh, yuqoridagi ikki voqeani bir-biriga nima aloqasi bor, deb o‘ylayotgandirsiz? To‘g‘ri aytasiz, balki aloqasi yo‘qdir. Lekin ota-onasining qistovi bilan kasb tanlayotgan talabalar ertaga ikkinchi voqeada aks etgani kabi o‘z kasbiga befarq, mas’uliyatsiz bir kadr bo‘lib yetishib chiqmasligiga kim kafolat beradi? Ikkala voqeani birlashtirib, xayolan hatto o‘sha ikki yigit ham rus tili darsida bolalarga kartoshka yetishtirish va olma-gilos eksporti haqida berilib so‘zlab berayotganini tasavvur qildim. Endi o‘ylab ko‘ring, maktablarimizda o‘zi xohlamay kasb egallagan o‘qituvchilar necha foizni tashkil qilarkin? O‘zi tushunib tushunmay poliklinikada bemor qabul qilayotgan shifokorlar-chi? Bankda o‘tirib, mijozga qo‘pol muomala qilayotgan xushro‘y yigit, balki zo‘r ekskavatorchi bo‘lishni orzu qilgandir? Alamidan ichib kelib, har kuni ayolini do‘pposlaydigan dehqon yigit balki bolaligida zo‘r matematik bo‘lish istagida yongandir. Agar davom etsak, bu kabi so‘roqlar tugamasligini siz ham sezdingiz chog‘i? Balki ko‘z oldingizda qaysidir tanishingiz gavdalangandir ham, balki o‘zingizning amalga oshmay qolgan qiziqishlaringiz yana bir bosh ko‘tarib qo‘ygandir...
Xullas, nima bo‘lganida ham, gap farzandlarimizning kasb tanlashi haqidaligini angladingiz, deb o‘ylayman. Bugun bitiruvchi yoshlarimiz yo biror kasb, yo biror hunar tanlashdek mas’uliyatli vazifa qarshisida turgan ekan, ular o‘zi qiziqqan, yuqorida ta’riflaganimdek, ko‘zi yonib gaplashadigan sohasi tomon qadam tashlashiga imkon beraylik. Endi kech, qaysi yo‘nalishda ketishini allaqachon belgilab, shunga ko‘ra harakat qilganmiz, demang. Ko‘cha boshidan qaytish oson, ichkariga kirilgani sari qaytish uchun bosiladigan yo‘l ham uzoqlashib boraveradi.