Tekindan kafan bo‘lsa, o‘lmoq kerakmi?
O‘tgan asrda “Navoiy zamondoshlari xotirasida” nomli kitob nashr etilgani tahsinga sazovor ishlardan bo‘lgan edi. Bu – yaxshi o‘ylab topilgan nom va buyuk marhumlarni xotirlashning juda ibratli yo‘li sifatida tezda keng jamoatchilik orasida urf bo‘ldi. Biroq olomondagi suiiste’molchilik ruhiyati ushbu o‘rnakning ham siyqasini chiqarib yubordi. Faqat olamdan o‘tgan buyuklargagina qo‘llasa arziydigan bu udum arzimaydigan, o‘rtamiyona, oddiy kishilarga nisbatan ham qo‘llana boshladi. Bu ham mayliku-ya, ammo o‘zi tirikligidayoq, go‘yo tiriklayin kafanga kirishga intilayotgan, o‘lsa kafansiz qoladigan murdavor kimsaday, atrof-javonibdan maqola undirib, unmasa, gumashtalari yordamida bir mahallar yozilgan narsalarni topib yo‘ndirib, yostiqday o‘lik matohdan kitob yasashni do‘ndirib chop ettiradiganlar ko‘payib ketdi.
Kitobxonlar oldidagi mas’uliyat, uyat, andisha hissi tanazzulga uchradi. Bunday kitoblarni ongli jamoatchilik ko‘zini shamg‘alat qilib, do‘konlarga ochiq-oshkora sotuvga chiqarmasdan, pana-pastqamda xufya tarqatish bemaza tajribaga aylandi. Ayniqsa, lavozimdagi kimsalarga bunday kitoblarni uyushtirish, nashr ettirish va tarqatish tekinga tushadi. Chunki yugurdak va laganbardorlari ko‘p. “Tekindan kafan bo‘lsa, o‘lmoq kerak”-da! Obro‘parastlik, shuhratparastlik shunchalar lazizmi, birodarlar? Kitob degan mo‘tabar, muqaddas qadriyat shu qadar mayda va siyqa o‘yinchoq bo‘ldimi? Zamondoshlarimiz xotirasida yashayotgan, qanchadan-qancha marhum, chinakamiga buyuk
siymolarimiz bor, shunday kitoblarni ular haqida yaratib, qachon ruhlarini shod etasiz, aziz ziyolilar?
Atoqli adabiyotshunos olimlarimizdan Ibrohim Haqqulov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Mohiyatga muhabbat” (“Tafakkur” nashriyoti, Toshkent, 2019-yil. Adadi 200 dona. Shu kitobdan ko‘chirma keltirilsa, betlar raqami ko‘chirma yonida beriladi) nomli kitobni o‘qib, o‘zimga ko‘p foydali ma’lumotlar oldim. Ayniqsa, O.Sharafiddinov, A.Hayitmetov, N.Karimov, T.Mirzayev, B.Nazarov, O.Safarov, R.Vohidov kabi katta olimlarimiz va E.Vohidov, Sh.Xolmirzayev, E.A’zam, X.Davron, N.M.Raufxon, N.Eshonqul singari yetuk shoir-yozuvchilarimiz tomonidan yozilgan maqolalar juda maroqli. Afsuski, bu maqolalarning ko‘pchiligi ancha avvallar yozilgan. Ushbu maqolalarning mualliflari (aksariyati marhum) tavsif etilayotgan shaxs keyingi 30–40 yil ichida qanchalar o‘zgarib ketgani va faoliyatidagi ahvolni bilganlarida, bunday maqolalarni yozarmidi-yo‘qmi dargumon.
Kitobni o‘qir ekanman, ba’zi maqolalar mening dardimni, ma’naviy jarohatimni yangiladi. Balki ular shu maqsadda kiritilgandir. Kitob chiqarish jarayonidagi hozirgi davrga xos, umumiy nazoratsizlik ushbu nashrda ham sodir bo‘libdi. Kitobning titul varag‘ida marhum To‘ra Mirzayev mas’ul muharrir, Ergash Ochilov ilmiy muharrir, Sayfiddin Rafiddinov, Sirdaryo O‘tanova taqrizchi, Nasiba Bozorova, Munis Hakimov to‘plab nashrga tayyorlovchi sifatida ko‘rsatilgan. Lekin ularning birortasi vazifasini mas’uliyat bilan halol bajarmagan. Men ular bilan kitobning nashr jarayoni haqida suhbatlashganimda, ulug‘idan tortib kichigigacha kitobni bosilib chiqishidan oldin o‘qimagani yoki to‘liq o‘qimaganiga iqror bo‘ldi. Aslida, har qanday kitob bosilib chiqqunicha bunday mas’ul shaxslar tomonidan bir emas, bir necha marta ko‘zdan kechirilishi lozim. XX asr adabiyotshunosligi va nashriyotchiligida shunday qonun-qoida taomilda edi. Aftidan, bunday katta (523 bet) kitobni bir marta o‘qib chiqish mehnati ularga og‘irlik qilgan yoki “Qassob ko‘paysa, mol harom o‘ladi” qabilidagi ish sodir bo‘lgan. Hali tirik bo‘laturib, o‘zi haqida bunday ulkan kitobni tuzdirib, nashr ettirish tobora urf bo‘layotgan shaxsiyatparastlik, manmanlik, kibr-u havoning yaqqol namunasidir.
Yubilyar siymosini porlatib turgan qator beg‘araz maqolalar orasida eng g‘arazgo‘y narsa Nabijon Boqiyning “Hisobot (Ibrohim Haqqul hayotidan lavhalar)” sarlavhali luqmasi bo‘lgan. Bu shunday tuturiqsiz narsaki, uni na hikoya, na xotira, na hangoma, na hajviya turkumiga kiritish mumkin. Harqalay, nimadir deb yuritish kerakligi uchun biz uni shartli ravishda “luqma” deb atadik. Biroq luqmada ham mantiq bo‘lishi kerak. Bu narsaga “luqma” degan nom ham hayf. N.Boqiyning o‘zi kim va
uning yozgan narsasi nima-yu, yuqorida biz tilga olgan mo‘tabar siymolar kim hamda ularning yozgan nafis maqolalari nima? “Teng tengi bilan, tezak qopi bilan”, degan ona xalqimiz. Darhaqiqat, xuddi bir tovoq to‘y oshining o‘rtasiga go‘sht o‘rniga go‘ng solib qo‘yilganday bo‘libdi. Yubilyar shunday jirkanch narsani qanday qilib o‘zining to‘yona to‘plamiga ravo ko‘rganligiga aql bovar qilmaydi. Bu to‘plamga kirgan narsalar uning ixtiyoridan tashqarida bo‘lmagan, albatta. O‘zining 70 yillik to‘yidan esdalik qoladigan muhtasham kitobga nimani kiritib, nimani kirgizmaslikni u yetti o‘lchab, bir kesganligi aniq. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.
Qizig‘i shundaki, N.Boqiyning luqmasi birinchi navbatda yubilyarning sha’nini bulg‘ab turibdi. Buning nimasi I.Haqqulovning hayotidan lavhalar ekan? Uni o‘qigan odamlar I.Haqqulov betayin bir yozuvchi bilan hamtovoq ekan,
uning hayotidan lavha, Abdulla Avloniy aytganiday, “sho‘ldo‘r-sho‘ldo‘r” choy ichish-u, bir-biriga “mo‘ldo‘r-mo‘ldo‘r” termulib, kimlarnidir g‘iybat qilishdan iborat ekan-da, deb o‘ylamaydimi?
Poyintar-soyintar gaplar orasida nima emish: “Nomi o‘zgargan Markazqo‘mdan yana yetti nafar azamat qo‘qqis kelib ilm dargohini tappa bosadi va qirq kecha-kunduz qimirlamasdan direktor xonasida o‘tirib, qirq yil davomida to‘plangan xalq og‘zaki ijodi namunalarini ham elakdan o‘tkazib yuboradi. Oxiri: “Faktlar tasdiqlanmadi”, degan xulosa chiqarib ketadi taftishchilar...” (305). Bular bo‘lmagan va kurakda turmaydigan gaplar. I.Haqqulovni qahramon ko‘rsatish uchun bunday uydirmani to‘qish shart emas edi. N.Boqiyning “kashf-u karomati” siz ham kitobdagi ta’rif-tavsiflar uni qahramon darajasiga ko‘tarib qo‘ygan. Balki N.Boqiy 2015-yili Til va adabiyot instituti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining nazorat-taftish komissiyasi tomonidan ikki oy tekshirilgani, oqibatda, ish tergovga oshirilib, yarim yillik tergov jarayonidan so‘ng, institut ishi jinoyat sudida ko‘rilganiga shama qilgandir? Lekin ilmiy-ijodiy jarayondan uzoqda yurgan N.Boqiy bu tafsilotlarni qayerdan biladi? Ehtimol, yubilyarning o‘zi unga ma’lumot berib, to‘plamga biror narsa yozishini so‘ragandir? Agar shunday buyurtma asosida yozgan bo‘lsa ham, bu luqma muallifning o‘ta no‘noq yozuvchiligidan dalolat beradi. Qolaversa, u nazarda tutgan voqea juda jiddiy, katta tarix. U haqda bu tariqa yengil-yelpi, dudmal qog‘oz qoralashning o‘zi bema’nilikdir. Undan ko‘ra, samimiy tilagi bo‘lsa, Usmon Azim, Erkin A’zam, Xurshid Davronday ikki og‘iz dil so‘zlarini yozib qo‘ya qolmaydimi? Balki bu narsani N.Boqiy yozmagandir ham, yana kim biladi deysiz?
Luqmaning asosiy maqsadi I.Haqqulovga yoqmaydigan ikki olimni haqoratlash bo‘lgan. Ulardan biri “novcha”, “falonchi”, “katta olim”, “mumtoz adabiyotimiz bilimdoni” deya tilga olinadi. Go‘yoki I.Haqqulovning dalahovlisida E.A’zam, N.Boqiy uchalasi choyxo‘rlik qilib o‘tirishganida ikki mehmon kirib keladi va shunday muloqot sodir bo‘ladi: “Falonchi o‘rnidan turib:
– Ibrohimjon, men ataylab sizdan kechirim so‘rash uchun keldim, – dedi qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib. – Katta boshimni kichik qilib keldim, meni kechiring, juda ko‘p bora sizga nohaq tosh otdim, nohaq tanqid qildim, nohaq... Ilmiy munozaralar chog‘ida men ko‘p nohaq bo‘lganman, shunga...” deydi (306).
Mehmonlar jo‘nagach, ikki-uch kundan keyin ulfatlar yana bir piyola choy ustida uchrashadilar. Shunda gap yana “novcha” olimga taqaladi:
“– U kishi yaxshi olim, lekin...”, deydi E.A’zam.
“– To‘g‘ri, yaxshi olim u kishi, lekin bir “lekini” bor”, deydi I. Haqqul.
“– Aybg‘inasi bo‘lmasa, yaxshi odam bo‘lardi”, deb luqma tashlaydi N.Boqiy (307).
Shundan so‘ng “oradan uch oyga yetib-yetmasdan vaqt o‘tadi-yu, birdan I.Haqqulov ishlaydigan ilm dargohini yana eski Markazqo‘m idorasidan kelgan nufuzli taftish hay’ati kelib tappa bosarmish” (o‘sha bet). Go‘yoki, u olim I.Haqqulovning ustidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga yozgan-u, devon taftish hay’atini jo‘natgan. Yana I.Haqqulovni qahramon ko‘tarish, jabrdiyda ko‘rsatish, ideallashtirishga qaratilgan ifoda. Qaysi asrda, qanday saviya bilan yashayapsiz, azizlar? Bir kishining xati bilan Prezident devonidek oliy idora taftish hay’atini yuboradimi? Bu gapga kimni ishontirmoqchi bo‘lgansiz? Mabodo, yuqoridan taftish hay’ati kelsa, uning ortida jiddiy asos bo‘ladi.
Gapning indallosiga kelganda, I.Haqqulov deydi: “ – Zig‘irdek manfaat aralashsa, bas, u kishi birdan to‘nini teskari kiyib oladi. Uning mezoni – manfaat, xolos. – Esiz, ilm-a ! – deb bosh chayqaydi E.A’zam” (o‘sha bet).
Tanib olish qiyin emaski, gap filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalqaro Bobur mukofoti sohibi, zahmatkash matnshunos olim Vahob Rahmonov haqida ketyapti. Men kitobni o‘qiganimdan so‘ng V.Rahmonovga telefon qilib, bo‘lgan voqeani so‘rab-surishtirdim. U ham kitobdagi hangomadan xabardor ekan. V.Rahmonov, haqiqatan ham, bir hamshahrining tashvishi bilan I.Haqqulovning dalahovlisiga borganini, lekin kitobdagi gaplar bo‘lmaganini aytdi. Rosti Xudoga ayon. Xo‘p, boringki, V.Rahmonov borib kechirim so‘ragan ham bo‘lsin. 80 yoshni qoralayotgan ulug‘ yoshdagi olimning o‘zidan o‘n yoshlar kichkina, shogirdi tengi odamdan kechirim so‘ragani – “Eman daraxtining egilgani – singani, er yigitning uyalgani – o‘lgani“ emasmi? Bu o‘sha yerda qolib ketishi lozim bo‘lgan gap emasmi? Buning nimasini luqma buyurtirib kitobga kiritib yuribsiz? Bu – o‘taketgan maydakashlik emasmi? Axir, siz-u biz, yana qancha avlodlar shu V.Rahmonovning “She’r san’atlari” qo‘llanmasidan o‘rganib bilimimizni oshirganmiz-ku! Demak, V.Rahmonov siz-u bizga ustoz maqomida turadi.
Men V.Rahmonovni himoya qilmoqchi emasman. U kishi ham o‘ziga xos xarakterga ega shaxs. U bilan ham matbuotda matnshunoslik yuzasidan keragicha bahslashganman. Kimda kamchilik yo‘q? N.Boqiy kim bo‘libdiki, V.Rahmonov haqida “Aybg‘inasi bo‘lmasa, yaxshi odam bo‘lardi”, deb masxaralaydi?! “O‘zgalar aybidan kulmagil zinhor, sening ham ustingdan kulguvchilar bor!” “Ishtoni yirtiq, tizzasi yirtiqqa kuladi”mi? V.Rahmonov sahifalarda lug‘atsiz sharhlab bera oladigan bir
baytni N.Boqiy sharhlash, tushunish nari tursin, to‘g‘ri o‘qib bera olmaydi-ku?! U kishi “Essiz, ilm-a!” deya bosh chayqaydigan darajadagi kimsa ham emas.
Hazrat Alisher Navoyining:
Kishikim qilsa olimlarga ta’zim,
Qilur go‘yoki payg‘ambarga ta’zim.
Hadis o‘lmish nabiydin o‘yla hodis
Ki, olim keldi payg‘ambarga voris
degan saboqlarining javobi shumi? Qani, bu yerda o‘zbekona andisha, odamgarchilik, milliy axloq-odob?!
I.Haqqulovning: “Zig‘irdek manfaat aralashsa bas... Uning mezoni – manfaat, xolos”, degan gapi ham tuhmat. Aksincha, I.Haqqulovning o‘zida ham manfaatparastlik kuchli. U matnshunos olim bo‘lmay turib, Navoiy to‘la asarlar to‘plamining 5 tomiga nashrga tayyorlovchi va mas’ul muharrir bo‘lib oldi. Birovlarning mehnati evaziga o‘n million so‘mlab qalam haqi ishlab oldi.
V.Rahmonovda ham manfaatparastlik bor. Lekin “uning mezoni – manfaat, xolos” emas. U – haqiqiy matnshunos olim. Qo‘lyozma manbalarni yaxshi o‘qiydi, tushunadi, kezi kelganda, qilni qirq yoradi. O‘bekistonda ikkita matnshunos bo‘lsa, bittasi – shu. Bu – mening fikrim. Akademik Alibek Rustamov esa maqolalaridan birida: “O‘zbekistonda bironta matnshunos yo‘q. Vahob Rahmonov bundan mustasno”, degan ekan. Kerak bo‘lsa, V.Rahmonov bir institut bajaradigan vazifani bir o‘zi bajargan vaqtlar bo‘lgan. Alisher Navoiy “Xamsa”sining besh dostonini ilmiy-tanqidiy matnlar asosida besh muhtasham kitob shaklida nasriy bayonlari bilan birga lotin yozuvida birinchi marta bir o‘zi 2006-yilda G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti orqali chop ettirgani fikrimizning yorqin dalilidir. Xo‘sh, Navoyi asarlarini lotin imlosida chop etish zaruriyat bo‘lib turgan bir paytda qaysi ilmiy-tadqiqot instituti yoki qaysi ijodiy jamoa shu ishni amalga oshira olgan? Hech kimning xayoliga ham kelmagan. U tezkorlik bilan, juda qattiq ishlaydi va nashriyotlar bilan til topishib, uloqni ilib ketadi. Katta daromadni ham bitta o‘zi oladi. Yoki boshqalar nashr etgan kitoblarning xatolarini topib, qip-qizil qilib chizib, nashriyot va yuqori idoralarga olib boradi va yana uloqni o‘ziga og‘dirib oladi. Buni – uddaburonlik deydilar. Har to‘kisda bir ayb. Bunday ravishi bilan u boshqa hamkasblariga raqib, xudbin, manfaatparast, g‘alamis bo‘lib yomon ko‘rinadi. Yuzingda ko‘zing bormi demasdan matbuotda qo‘pol tanqid qiladi. Ustoz B.Qosimov bilan ikkalamizning 10-sinf “O‘zbek adabiyoti” darsligimizni ham “Bir yolg‘onda qirq yolg‘on” sarlavhali maqolasida juda qo‘pol tanqid qilganida, biz ham xafa bo‘lganmiz, dilimiz og‘rigan. Lekin buning uchun unga kek saqlab, haqoratlab, ta’qib etmaganmiz. Odam-da! Qolaversa, – bu kurash. Lekin u, ba’zilarga o‘xshab, tekinxo‘r, ilmiy o‘g‘ri, matnshunoslikda iste’dodsiz muttaham emas. U – salohiyatli va mehnatkash. Qora mehnatdan erinmaydi. Lekin matnshunos olim sifatida u ham xatolarga yo‘l qo‘yadi, avliyo-oblo emas. Mana, 2015-yili “O‘zbekiston” nashriyotidan “Mumtoz so‘z sehri” nomli katta kitobi chiqdi. Kamchiliklar manaman deb turibdi. U bisotidagi maqolalari bilan kitobini bundan ikki chandon sifatli chiqarishi mumkin edi. O‘zi tayyorlamaganmi, shoshib tayyorlaganmi, nima bo‘lgan, bilmayman. Kitobni o‘qishim bilan, e’tirozlarimni o‘ziga aytdim. Vaqt topishim bilan, kitobi haqida bir maqola yozish niyatim bor. Unga zarba berish uchun emas. Matnshunoslik bo‘yicha har kuni kitob chiqmaydi, fan sifatida o‘qitilayotgan bu sohani ham rivojlantirish kerak. Siz ham, zo‘r bo‘lsangiz, pana-pastqamda mayda gap qilib yurmasdan, kitobi haqida bir ilmiy, tahliliy, tanqidiy maqola yozing, ilmga foydasi tegsin.
Insonning jismoniy xususiyatlarini asos qilib olib, unga laqab taqash eng ma’naviy tuban odat va axloqsizlikdir. V.Rahmonovning bo‘yi balandligini pisanda qilib, unga “novcha” deb laqab qo‘yishga N.Boqiyning nima haqqi bor? N.Boqiyning bo‘yi oldida, albatta, V.Rahmonovning bo‘yi novcha ko‘rinadi-da! Bu uning aybi emas-ku! Xo‘sh, bo‘yi pastligini asos qilib olib, N.Boqiyni pakana, pachaq yoki pachaqzada deb atasak, qanday bo‘ladi?! Yoki N.Boqiyning nutqiy kamchiligi bor. Duduqlanadi, duduqlangani sababli gaplari portlab chiqadi, tez, chala, tushunarsiz gapirib qo‘yadi. Buni uchrashuvda qoniqmagan talabalardan ham eshitganmiz. Xo‘sh, shu asosda unga “gungalak” yoki “soqov” deb laqab qo‘yishsa, qanday botarkan?! “Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa, birovga ur”, degan dono xalqimiz. Umuman, laqab qo‘yish hali tarbiyasi chala, voyaga etmagan quyi sinf o‘quvchilariga xos xususiyat. Voyaga etgan odamlarda bu xususiyat barham topadi.
Darvoqe, suhbat davomida N.Boqiy: “ – Faol kurashadigan yana bittasi bor, – deyman kulib, – Xo‘rozxo‘ja deydilar uni”, deya bizga ham laqab taqib yuborgan familiyamizga ishora qilib. Bu, shaksiz, I.Haqqulov ko‘nglining tagidan bo‘lgan. Hayronman, o‘n yilda bir tasodifan ko‘rishib qolmasak, N.Boqiy bilan deyarli ko‘rishmaymiz. Ko‘rishganda ham, hurmatli va samimiy muomalada bo‘lganman. O‘tgan o‘quv yilida “Adabiyotshunoslik asoslari” fanidan maxsus topshiriq berib o‘qittirib, uning “Qatlnoma” asarini bir juft dars soatida talabalarga muhokama qildirganman. O‘quv dasturida yo‘q edi, o‘z tashabbusim bilan shu ishni amaliy darsda bajartirganman. Qisqa fan soatlarida bir yozuvchiga e’tibor bo‘lsa, shunchalar bo‘lar-da! N.Boqiyning bu gustohona qilig‘i mening xizmatlarimga nisbatan mukofotmi – jazomi, tuhmatmi? Rus tilida “zakon podlosti” – pastkashlik qonuni degan bir tushuncha bor. Uning bu qilmishi shu tushunchaga to‘g‘ri kelsa kerak.
Mening “faol kurashadigan”ligimdan unga nima zarar yetgan ekan? Aslida, faol kurashadiganlar hisobiga jamiyat barqarorligini saqlab turadi. Faol kurashadiganlar ko‘proq bo‘lsa, xalqimizning ma’naviyati bundan-da, yuqoriroq bo‘lardi. Arpasini xom urgan bo‘lmasam, N.Boqiyning menda nima xusumati bo‘lishi mumkin? Yo‘q, bu I. Haqqulov fitna san’atining mahsuli. U o‘chakishish, odamlarni bir-biriga o‘chakishtirishga ustasi farang bo‘lib ketgan. Doktorlik dissertatsiyam OAKka borgan kezlarda, ekspert kengashining raisi mening talabalik davrimdan ustozim, diplom ishimning ilmiy rahbari professor B.Qosimov, I.Haqqulov esa uning a’zolaridan biri edi. Ishim 50 ga – 50 ovoz olganida, ekspert kengashi raisi 2 ta ovozga ega bo‘lib, ikkinchi ovozidan foydalanish huquqi bor edi. U ikkinchi ovozini ham bersa, 51 foiz ovoz bilan ishim o‘sha bosqichdayoq tasdiqlanib ketardi. Lekin I.Haqqulov B.Qosimovning pinjiga kirib, mening ishimga qora taqriz yozib, ustozimni yo‘ldan urgan. Ish cho‘zilavergach, men B.Qosimovdan qora taqrizchi kim ekanligini bir-ikki so‘raganimdan keyin, u mendan arazlagan. Ishim Prezidiumda ko‘rilganida, katta olimlardan biri B.Qosimovdan: “Nega ikkinchi ovozingizni shogirdingizga bermadingiz?” deb so‘ragan va ustozim mulzam bo‘lgan. Shundan so‘ng B.Qosimov bilan do‘stona munosabatlarimiz, 30 yillik oilaviy bordi-keldimiz (u kishi turmush o‘rtog‘imning diplom ishiga ham ilmiy rahbar bo‘lgan) barbod bo‘lgan. Diydor qiyomatga qolgan. Bunga I.Haqqulovning meni yiqitishdek g‘arazli niyati sabab bo‘lgan. Bu fitna tarixini marhum ustozning uylariga ta’ziyaga borganimda, ustozim so‘nggi kunlaridan birida aytib bergan ekan, rahmatli kelinoyim Matluba Qosimovadan eshitganman.
Basharang qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama
To‘plamda noto‘g‘ri ma’lumotlar, asossiz va bemavrid iddaolar
bayon etilgan, soxta, ko‘chirmakashlik uslubida yozilgan maqolalar ham borki, ular kitobning saviyasi bir tekisda saqlanishiga rahna solgan. Sultonmurod
Olimov: “Ibrohim aka, yana bir laborant va kamina – uch kishi qariyb yelkama-yelka o‘tirib, bir-biriga taqab qo‘yilgan ikki stoldan foydalanar edik” (90), deb yozibdi. Bu – yolg‘on ma’lumot. U paytda I.Haqqulov bizning O‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limimizda emas, Folklor bo‘limida ishlar edi. Ikkita stolda uch kishi emas, bir stolda ikki kishi o‘tirib ishlar edik. Mavhum qilib yozilgan “yana bir laborant” – men edim. Biz – Sultonmurod ikkalamiz bo‘limda ilmiy xodim ko‘pligi, joy yetishmasligi, eng yosh ekanligimiz uchun bir kichkina yozuv stolida o‘tirib besh tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqotining nashrdan oldingi mashinkalangan nusxasini “slicheniye” (o‘qib, xatolarini uch nusxada tuzatish) qilganmiz. Qo‘llarimizda ruchka, piska, o‘chirg‘ich. Xatolarini o‘chirib, qora siyohli ruchkada chiroyli, nafis qilib tuzatishimiz kerak edi. Joy tor, ish og‘ir bo‘lishiga qaramasdan, yoshlikning shashti bilan kim ko‘proq sahifani “slicheniye” qilishi bo‘yicha musobaqalashardik. Yolg‘on deganimning sababi – Sultonmurod xotirasi pasaygani yoki adashgani uchun ma’lumotni noto‘g‘ri ko‘rsatayotgani, meni “yana bir laborant” deb bekitib o‘tayotgani yo‘q. U ko‘ra bila turib shunday ish tutgan. Nega? Chunki Sultonmurod 8-sinf “Adabiyot” darslik-majmuasining muallifi bo‘lib olganidan so‘ng, uch nashr mobaynida ko‘p jiddiy ilmiy xatolarga yo‘l qo‘ydi.
Jumladan, bir-ikkitasini aytsam, Navoiyning yoshligida yozgan “Kelmadi” radifli g‘azalini 1492-yil, ya’ni Jomiy vafotidan keyin (bu paytda Navoiy 51 yoshda bo‘lgan) yozilgan degan xato ma’lumotni kiritib, uning sakkiz yil o‘qitilishiga sabab bo‘ldi. Ilmiy asoslanmagan “begona bayt” tushunchasini darslikka olib kirib, uch nashr – o‘n ikki yil mobaynida o‘qituvchi, o‘quvchi, metodist, tadqiqotchilarni adashtirdi. Men uning xatolari haqida Respublika Ta’lim markaziga murojaat qildim, matbuotda tanqidiy maqolalar chiqardim. Ayrim xatolarini 3-nashrda tuzatdi, ba’zilarini oxirigacha tuzatmadi. Xalq manfaatini ko‘zlab haqiqatni aytganimning jazosiga u meni “yana bir laborant” (go‘yo o‘zi laborant bo‘lmagan) deya kamsitib o‘tgan. Tanqid uchun do‘stlik rishtasini uzib, o‘zicha qasos olgan.
Sayfiddin Rafiddinov ham yaxshi maqola yozgan. Lekin maqolaning o‘rtasida Navoiy 10 tomlik to‘la asarlar to‘plami tanqidchilari to‘g‘risida ortiqcha ehtirosga berilib, bemavrid iddaolar qilgan. Shusiz maqola yubiley kitobiga juda mos edi. 10 tomlik tanqidchilari haqidagi mulohazalarini alohida maqola qilib, biror gazeta yo jurnalga bersa bo‘lardi.
Mazkur nashr haqida ilmiy-tanqidiy maqola yozganlardan biri menman (N.Jumaxo‘ja. Alisher Navoyi asarlari matnshunosligida ma’naviy huquq va huquqiy madaniyat masalalari. “Alisher Navoyi va XXI asr” mazuyidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman materiallari. T., 2019-yil. 20-24-betlar. N.Jumaxo‘ja. Nuqsonsiz nashr orzusi. Alisher Navoiy asarlari nashrida nega xato ko‘p? “Huquq va burch” jurnali, 2019-yil, 2-son, 30-35-betlar). Shuning uchun S.Rafiddinovning achchiq, ammo asossiz ta’na-dashnomlariga javob yozish lozim deb bildim.
Avvalo, shuni aytayki, men ushbu nashr uchun da’vogar yoki talabgor bo‘lmaganman, unga nashr mualliflari bilan sheriklik qilishga talashmaganman. Shuning uchun mening tanqidiy mulohazalarim tama va hasaddan mutlaqo xoli, ilm hamda Navoiy merosini o‘qiydigan xalq manfaatlari nuqtayi nazaridan xolis yozilgan.
Nusratullo JUMAXO‘JA,
filologiya fanlari doktori,
Alisher Navoyi nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori
(Davomi bor.)