“Turk filologiyasi”ga sayohat
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti 1918-yilda tashkil topgan. Ushbu dargohda arab, fors, dariy, pushtu, hindiy, urdu, turk, uyg‘ur, xitoy, yapon, koreys, indonez, malay, vetnam kabi sharq tillari mukammal o‘rgatiladi. Hozir 25 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. “Turk filologiyasi” to‘ng‘ich kafedralardan bo‘lib, 1991-yili faoliyat boshlagan. Nafaqat respublikada, dunyo ilm-fanida tan olingan akademiklar Alibek Rustamov, G‘ani Abdurahmonov, professorlar Qozoqboy Mahmudov, Qosimjon Sodiqov, Adhambek Alimbekovlar shu kafedraning zabardast o‘qituvchilaridir.
“Turk filologiyasi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, dotsent, tarjimon Poshshajon Kenjayeva 3 monografiya, 2 darslik, o‘quv-qo‘llanma va tarjima asarlar to‘plami, 70 dan ortiq ilmiy,ilmiy-adabiy maqolalar muallifi.
— Hozir kafedramizda professorlar Hafiza Islomjonova, Qudratulla Omonov, dotsentlar Jumali Shabanov, Xolida Imomova, Lola Aminova faoliyat yuritmoqda, — deydi Poshshajon Kenjayeva. — Kafedra respublika va xorijdagi turkshunoslik sohasi vakillari bilan ham yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Uning 2030-yilgacha rejalashtirgan konsepsiyasida Turkiya, Germaniya, Rossiya oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlik ko‘zda tutilgan. Turkiyaning Anqara Hoji Bayram Vali, G‘ozi, Anqara va Istanbul universitetlari bilan ikki tomonlama o‘quv-uslubiy va ilmiy hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bunga ko‘ra, kafedralararo ilmiy seminar, vebinar, anjumanlar tashkil etilibgina qolmay, o‘zaro professor o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, malaka oshirish kurslari hamda onlayn darslar tashkil etilgan. G‘ozi universitetidan filologiya fanlari doktori, professor Fotma Achik, Anqara universitetidan professor Aynur O‘z O‘zjan, Hoji Bayram Vali universitetidan dotsent Vali Savash Yelo‘q, Bartin universitetidan xorijlik vatandosh professor Zilola Xudoyberganova, Istanbul universitetidan ham xorijlik yurtdosh Ma’mura Mamatqulova talabalariga onlayn ta’lim bermoqda.
Shu bilan birga, kafedramizga Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi yordamida xorijlik professor o‘qituvchilar jalb etilgan. Afyon Ko‘jatepa universitetidan dotsent Mustafo Karazeybek, Firat universitetidan dotsent Sezgin Demir, Aksaroy universitetidan Chetin Yildiz, Giresundagi litsey o‘qituvchisi Fikri Aydemir, Turkiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Mehmet Surayyo Erning rafiqasi Pinar Er singari ko‘ngilli o‘qituvchilarning faoliyati ham alohida tahsinga sazovor. Ular talabalarga usmonli turk tili, turk tili adabiyoti, xalq og‘zaki ijodi, o‘qitish metodikasi, amaliy fonetika fanlaridan mahorat bilan saboq berib kelmoqda. Ayni paytda kafedramizda turk tili bilan birga uyg‘ur tili ham o‘qitilmoqda.
— Mazkur kafedrada o‘qish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil qilishidan xabarimiz bor. Ayting-chi, buning siri nimada?
— Aytganingizdek, o‘tgan ikki yilda turk tiliga qiziquvchilar hamda bakalavr va magistratura yo‘nalishida qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagidagi talabalar soni oshdi.
Buni, albatta, tilni nazariy, ham amaliy jihatdan mukammal o‘qitishdagi sa’y-harakatlarimiz natijasi deb bilaman. Turk tili mashg‘ulotlarining nazariy qismi o‘zbek professor o‘qituvchilari, amaliy qismi esa turk volontyor o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Turk volontyor o‘qituvchilari Ch.Yildiz, F.Aydemir “Turk tilini o‘rganamiz”, “Badiiy tarjima masalalari” nomli to‘garaklar tashkil etgan. Yosh o‘qituvchilarni ilmiy tadqiqot ishlariga jalb etish maqsadida S.Demir tomonidan “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” ilmiy to‘garagi ham faoliyat yuritmoqda.
— Talabalar amaliyotni qayerda o‘tashadi?
— Bu borada O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zRFA Adabiyot muzeyi, TDSHU qoshidagi Xorijiy tillar akademik litseyi, Yashnobod tumanidagi 30-umumta’lim maktabini tilga olishimiz mumkin. Biz talabalar amaliyotini xorijda, xususan, Turkiya OTMlarida ham olib borishni rejalashtirgandik. Afsuski, pandemiya tufayli bu rejalar kechikmoqda.
— Haqiqiy bilimdonlarni saralash uchun kafedrangiz tomonidan qanday tadbir, musobaqalar uyushtiriladi?
— Turk tilidan olimpiadalar, shuningdek, magistr va bakalavr yo‘nalishidagi iqtidorli talabalar uchun alohida to‘garak tashkil etilgan. Unda ilmiy darajali professor o‘qituvchilar iqtidorli talabalar uchun ilmiy-tadqiqot yaratishning sir-asrorlari haqidagi mashg‘ulotlarni uzluksiz olib boradi. Dars mashg‘ulotlariga yil davomida xorijdagi hamkor OTMning professorlari ham jalb etilgan holda ilmiy seminarlar tashkil etiladi.
— Talabalarni chet elga o‘qishga yuborish tadbirlari qanday kechmoqda?
— Turkiya OTMlari bilan 2019-yilda ikki tomonlama imzolangan memorandumga ko‘ra, talabalar almashinuvi dasturi ham kelishilgan. Dastur pandemiya tufayli to‘xtatilgan. 2021-2022-o‘quv yilida Anqara Hoji Bayram Vali universiteti bilan 5A120102 — Lingvistika (turk tili lingvistikasi va dialektologiyasi) mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma dastur (double degree 0,5+0,5+1 (ixtiyoriy) asosida magistraturaga qabul qilish ko‘zda tutilgan. Bu dastur asosida ta’lim olgan magistrlar ikkita OTM diplomini olishga muvaffaq bo‘ladi. Kelajakda talabalar almashinuvi dasturini yanada
kengaytirish kafedraning istiqbolli rejasiga kiritilgan.
— O‘qishni tugatgach, talabalar qaysi sohalarda faoliyat yuritishi mumkin? Ish topishga qiynalgan talabalarga ko‘mak beriladimi?
— Bitiruvchi talabalar turk va ingliz tilini chuqurlashtirib o‘rgangani uchun turli sohalarda ishlashi mumkin. Bugungi zamon talabi ham har bir mutaxassisning til bilish darajasiga qaratilgan. Yaqinda Prezidentimiz boshchiligida chet tillarni o‘qitishni takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kelgusi yildan boshlab davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilishning majburiy talabi kiritilishi ma’lum qilindi. Bu ham bitiruvchilarimiz uchun katta imkoniyat. Bundan tashqari, yana bitta qo‘shimcha sharq (arab yoki fors) tilini o‘zlashtirish imkoniyati ham berilgan. To‘rt yil davomida uchta tilni qunt bilan egallagan talabalarning bir qismi magistraturada, yana bir qismi ta’lim sohasida, qolgani esa tarjimonlik va xorijiy tashkilotlar vakolatxonalarida ishlashi mumkin.
Hozir kafedrada ikki tayanch doktorant, uch tadqiqotchi va besh nafar magistr ilmiy izlanish olib bormoqda. Joriy yilda M.Aripov “Turkcha tilak, olqish va duolarning lingvopoetikasi” va M.Qayumova “Haldun Taner dramalarining poetikasi” mavzusidagi (PhD) dissertatsiyalarini himoyaga olib chiqishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, kafedra professori X.Islomjonova “Doktorantlar ilmiy jamiyati”ni tashkil qilgan. Bunda har oyda tadqiqotchilar tomonidan olib borilayotgan dissertatsiya jarayoni, natija va maqsad-vazifalari, qo‘lga kiritgan yangi ilmiy ma’lumotlar tahlil qilib boriladi. Dotsent P.Kenjayeva “OT-FT-67 Buyuk ipak yo‘li mintaqasi xalqlari folklorining tipologiyasi, milliy o‘ziga xosligi va yozma adabiyot rivojida tutgan o‘rni (turk folklori asosida)” davlat loyihasi doirasida faoliyat yuritib, “Turk xalq og‘zaki poetik ijodi” monografiyasini nashrdan chiqardi.
Olib borilayotgan ilmiy-amaliy, ilmiy-metodik, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi, albatta, kelajakda o‘z mevasini beradi.
Suhbatdosh: Hurzoda NAZAROVA,
TDSHU talabasi