XORIJLIKLARGA O‘ZBEK TILINI O‘RGATISHDA duch kelinayotgan ayrim harf va tovush muammolari
Uzoq yillar davomida o‘zbek tilining fonetikaga oid muammolari o‘z poyoniga yetmayapti. “Ma’rifat” gazetasining 2023-yil 1-mart sonida tilshunos olimlarimizning singarmonizm hodisasi, tilimizga majburan “yuklatilgan” ayrim fonetik qonun-qoidalar, ona tilimiz tarixidagi ko‘plab muammolarning o‘z yechimini topmagani va ayrim tilimiz uchun muhim bo‘lgan tovushlar (yoki harflarning) “qatag‘on” qilingani haqidagi qarashlari chop etildi. Ularni o‘qir ekansiz, ona tilimizning taqdirini bu tilni o‘z ona tili deb hisoblamagan, uni ravnaq toptirish yo‘lida emas, aksincha, tanazzulga uchratish harakatida bo‘lgan ayrim olimlarning fikrlaridan hayratga tushishingiz tayin.
Xususan, Y.Polivanov, K.Yudaxin kabi turkiyshunoslarning o‘zbek tilini va uning nafaqat leksikasi va grammatikasi, balki fonetikasini ham “ruslashtirish” harakatlari, bu harakatlari doirasida ko‘plab ona tilimizning haqiqiy jonkuyarlari, shu tilda so‘zlab, shu tilda ijod qilgan millatimiz fidoyilarining qarashlariga qarshi chiqishlari va, alaloqibat, ularning o‘zlarini ham yo‘q qilish harakatlaridan nafratingiz oshishi aniq. Shu o‘rinda mazkur maqolada keltirilgan akademik Sh.Shoabdurahmonovning fikrlarini juda qat’iy va o‘z o‘rnida singarmonizmning zarurati to‘liq ochib berilgan deb hisoblaymiz. Xuddi shunday, Ashurali Zohiriy ham “sof o‘zbek tilida singarmo‘nizm borlig‘ini hech kim inkor qila olmaydi. Hol shundoq bo‘lg‘ondan keyin, cho‘zgining (og‘ir-yengilligi bilan) to‘qquzta qilinishi, shu singarmo‘nizmga asoslang‘on. Ya’ni: singarmo‘nizm bilan cho‘zgining to‘qquztalig‘i bir-biriga qattiq bog‘lang‘on”, degan fikrni bildirgan. Demak, ularning unlilar borasidagi qarashlari bugungi kun singarmonizm muammolarini hal qilishning dastlabki qadamlari bo‘lgan, ammo bu muammolar haligacha hal qilinmagan deb e’tirof etiladi. Umuman olganda, unlilar muammosi har doim bo‘lib kelgan va bu muammolarni hal qilish vaqti yetib keldi, deb hisoblaymiz.
XX asr boshlaridan o‘zbek alifbosida nechta unli bo‘lishi kerak degan muammo kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylanganiga ko‘plab tadqiqotlar va maqolalar orqali guvoh bo‘ldik. Demak, fonetikamiz(ha, aynan bizning fonetikamiz) bu muammoni bugungi kungacha ham hal qila olgani yo‘q.
Xo‘sh, nechta unli bo‘lishi kerak? Bugungi alifbomizda 6 ta unli bo‘lib, uning singarmonik hodisalariga shu paytgacha e’tibor deyarli qaratilmadi. Negaki, go‘yoki ortiqcha tashvishning keragi yo‘q edi. Ammo biz o‘zga tilli guruh vakillariga o‘zbek tilini o‘rgatayotganimizda (xususan, xorijliklarga) singarmonizmning qanchalik muhimligini, fikrimiz ifodasi jarayonida aynan unlilar orqali talaffuzning mukammalligi, bir tovushning turli o‘rinlarda turlicha talaffuz etilayotganligini tushuntirayotganimizda ularning yozma ifodasi yo‘qligi qiyinchiliklar tug‘diradi.
Ayrim rus tilshunos olimlari, xususan Y.Polivanovning o‘zbek tili 6 unliga ixtisoslashganligi haqidagi fikrlarini o‘qib, u o‘zbek tilining ham adabiy tilda, ham shevalarda talaffuzlariga befarq yoki grammatika, ayniqsa fonetikani rus grammatikasi yoki fonetikasiga majburlab moslashtirishni istaganmikan, deb o‘ylab qolasan. Uning fikricha, Toshkent shahar shevasi aynan shu 6 unliga mos emish. Olim bu shevada ham undoshlar qurshovida bo‘lgan unlilar, ba’zan so‘z va shakl yasovchi qo‘shimchalar so‘zlarga qo‘shilganda undoshlarning ta’siri asosida so‘zlarda singarmonik hodisalar yuz berishini bilmaganmi yo bilib turib, o‘zini bilmaganga olganmi? Masalan, qalam va kamina so‘zlarini talaffuz qilganda a tovushining “qalin” va “ingichka” talaffuzi har qanday til vakili nutqida farq qilishini anglab olish qiyin emas.
Biz M.Lomonosov nomidagi MDU Toshkent shahri filiali filologiya va matematika yo‘nalishi rusiyzabon talabalariga o‘zbek tili fanini o‘qitish jarayonida bu kabi chalkashliklarga, ya’ni shu kabi so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qildirish jarayonida ko‘p qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz. Ba’zan ularning o‘zlari ham ayrim shunday so‘zlarni transkripsiya asosida yozib olib o‘rganishmoqda. Har safar “Nega u va o‘ o‘zbek alifbosiga alohida harf sifatida kiritilgan, ammo qalin va ingichka talaffuz qilinadigan a, o va i harflarining bunday juftlari yo‘q?” deb haqli e’tiroz bildirishadi.
Agar ahamiyat beradigan bo‘lsak, tilni, xususan o‘zbek tilini auditoriya sharoitida emas, balki ko‘chada o‘rganish osondek bo‘lib qolyapti. Negaki, ko‘chada (biz shartli ravishda ko‘cha deb oldik, aslida nutq mavjud bo‘lgan har qanday muhitda) tilni o‘rganish va qo‘llash qulaylik tug‘diradi. Sababi, xorijlik kishi o‘zbek tilini o‘rganganda muloqot jarayonida ko‘pincha shevaga xos tarzda suhbatga kirishishi mumkin. Bizga ma’lumki, tovushlarning talaffuzi ko‘p jihatdan shevalarda ham farq qiladi. Xususan, Toshkent shahri shevasi Qashqadaryo yoki Namangan viloyati shevalaridan tubdan farq qiladi (masalan: baliq – adabiy tilda, balu – Toshkent shevasida, kelyapti – adabiy tilda, kelo‘tti – Namangan shevasida, u yoqqa – adabiy tilda, aqqa yoki eqqa – Qashqadaryo shevasida). Biz xorijliklarga nafaqat adabiy tilni, balki shevalar o‘rtasidagi fonetik va leksik farqlar, ularning o‘ziga xosliklarini ham o‘rgatishga harakat qilyapmiz. Talaffuz doirasida qaysidir viloyatning tili yumshoq, ya’ni “muloyim”, qaysidir viloyatning shevasi “qo‘polroqdek” tuyulishi ham uning dialektik o‘ziga xosliklaridan biridir. Shunday ekan, tilni o‘rganayotganda va o‘rgatayotganda faqat adabiy til me’yorlari bilan chegaralanib qolmasdan, o‘sha tilda mavjud bo‘lgan ayrim hududiy dialektlar bilan ham tanishib va tanishtirib borish zarur deb hisoblaymiz.
Bizning tilimiz turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, ko‘plab (deyarli 80%) turkiy tillar lotin alifbosini qabul qilgan ekan, nega ularda mavjud bo‘lgan singarmonizmni ham qabul qilmaymiz? Masalan, turk tili alifbosida bir qancha unli, hatto undoshlarning ham singarmonik juftlari berilgan. Ozarboyjon tili alifbosida ham ularning ba’zilarini ko‘rishimiz mumkin. Qozoq tili yangi tahrirdagi lotin yozuviga asoslangan alifbosida ham ushbu fonemalarning singarmonik juftlari mavjud. Turkman tili lotin yozuviga asoslangan alifbosida ham ayrim unlilarning o‘z juftlari borligini ko‘rish mumkin.
Albatta, har bir til o‘z jozibasi va milliy xususiyatiga egadir. Ammo biz tilimizdagi kamchiliklarni bartaraf etmas ekanmiz, uning jozibasi-yu o‘ziga xosligi parda ortida qolaveradi. Qolaversa, singarmonik hodisalarning so‘zlarni to‘g‘ri va aniq talaffuz qilishda, tilni mukammal o‘rganishda o‘z o‘rni borligini barcha tilshunos olimlar singari biz ham zarur deb hisoblaymiz.
Lotin yozuviga asoslangan alifboga a, o va i unlilarining singarmonik juftlarini ham kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi deb hisoblaymiz.
Nargiza MUSULMONOVA,
Alisher Navoiy nomidagi
ToshDO‘TAU dotsenti