Zamonaviy kartografiya fani qanday bo‘lmog‘i kerak?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-martdagi “O‘zbekiston Milliy atlasini ishlab chiqish va chop etish to‘g‘risida”gi 204 sonli farmoyishining 1-bandida respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyati va tabiiy-geografik holati haqidagi to‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun fundamental ilmiy-lug‘aviy asar yaratish masalasi qo‘yilgan. Davlat ramzi sifatida qabul qilingan Milliy atlasni zamon talablari darajasida yaratish uchun tegishli ilmiy tadqiqotlarni olib borishga to‘g‘ri keladi. Ilmiy tadqiqotlar esa geografiya, jumladan kartografiya fani tushunchasi, maqsadi va uning metodologik jihatlariga oydinlik kiritib olishga undaydi. Zero, u barcha fanlarning bosh masalasidir.
“Kartografiya fani”ga izoh berishdan avval “fan” o‘zi nima ekanligini bilib olish kerak. Falsafiy ilmiy adabiyotlarda “Fan — dunyo haqidagi bilimlar tizimi, ijtimoiy ong shakllaridan biri”, deb aytilgan. Lekin dunyoni bilish nafaqat fan orqali, balki fanlardan tashqaridagi noilmiy tarzda (parailmiy, aqidali, kvaziilmiy, antiilmiy, psevdoilmiy) ham amalga oshiriladi. Shuning uchun fan tushunchasida “ilmiy bilish” iborasini ishlatish maqsadga muvofiq. Bizningcha fan — ijtimoiy xarakterga ega bo‘lgan ilmiy bilish tizimi. Aynan tizimi, chunki fanda har bir holat, hodisa va jarayon oddiydan murakkabga, yaqindan uzoqqa, kattadan kichikka tomon yoki aksincha uzviy vertikal joylashtirilgan bo‘linma yoki qismlar iyerarxiyasida o‘rganiladi.
“Fan” atama emas, balki so‘zdir. Undagi biron fanning nomi atama orqali fan sohasini yoki o‘quv moduli(kursi)ning nomini anglatishi, mumkin. Masalan, “Kartografiya” atamasi ham fan, ham o‘quv kursi yoki moduli. Xuddi shunday holat “Geografiya”, “Geoekologiya”, “Iqlimshunoslik” kabi atamalarga nisbatan qo‘llaniladi. Agarda ushbu atamalar subyekt(izlanuvchi)ning tadqiqot predmeti sifatida ishlatilsa, ular fan sohasi deb qabul qilinadi. Agarda ular subyekt(o‘rganuvchi)ning ta’lim olishi nuqtayi nazaridan qaralsa, o‘quv kursi yoki moduli sifatida qabul qilinadi. Fan bilan o‘quv kursi yoki moduli bir xil ma’noni anglatmaydi. Masalan, “Kartografiya asoslari”, “Umumiy kartografiya” fan emas, balki mazkur fanlarning umumlashtirilgan yoki asoslashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarini beruvchi o‘quv kursi yoki modulidir. O‘quv adabiyotlari, o‘quv reja va dasturlarida, afsuski, o‘quv kursi yoki modulining “o‘quv fani” deb yuritilishi mantiqan to‘g‘ri emas.
Bu o‘rinda Kartografiya fanini qanday tushunmoq kerak, degan o‘rinli savol tug‘ilishi mumkin. “Kartografiya — tabiat va jamiyatdagi voqea va hodisalarning joylashishini va ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni hamda ularning xususiyatlarini, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishini, maxsus tasvir-obrazli belgi modellar vositasida matematik yo‘l bilan tekislikda kichraytirib generalizatsiya qilib tasvirlashni va undan tadqiqot usuli asosida manba sifatida foydalanishni o‘rgatuvchi fandir”, deb ta’riflagan yirik o‘zbek kartograf olimi, professor T.Mirzaliyev. Mazkur ta’rif juda murakkablashgan bo‘lib, unda “tabiat va jamiyatdagi voqea va hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi, xususiyatlari va o‘zgarishi” so‘zlar birligi keltirilgan. Lekin kartografiyada har doim ham tabiat va jamiyat birligi, joylashishi, bog‘liqligi, xususiyatlari va o‘zgarishi aks etmasligi mumkin. Masalan, “Temur imperiyasi va undagi yurishlar” kartasining (1-rasm) mazmunida faqatgina jamiyatshunoslikka, ya’ni kishilar faoliyatiga xos bo‘lgan holat, voqea 1-rasm. Amir Temur imperiyasi va undagi yurishlar kartasi va hodisalar, tabiatshunoslikka tegishli gidrografik holat aks etgan, xolos. Ular o‘rtasidagi birlik, joylashish, bog‘liqlik, xususiyat va o‘zgarish aks etmagan. Chunki Temuriylar imperiyasining chegarasi yoki ularning yangi yerlarni bosib olish uchun yurishlari hech qanday tabiiy chegara yoki obyektlarga bog‘lanmagan. Lekin tabiatning gidrografik va imperiyaning muayyan davrdagi hududiy holati bu kartada mavjud. Shunday qilib, kartografiya fani nafaqat tabiat va jamiyat birligi, undagi voqea va hodisa, balki ularning alohida yoki o‘zaro aloqadorlik holatini ham o‘rganadi.
Internetdagi ommaviy lug‘at “Vikipediya”da Kartografiya — tabiat va jamiyat hodisalarini tadqiq qiluvchi, modellashtiruvchi va maydon bo‘yicha joylashuvini aks ettiruvchi, obyektlarning moslashishi va o‘zaro aloqadorligi to‘g‘risidagi fandir, deyilgan. Bu nisbatan qisqa va aniqroq ko‘rinishdagi ta’rifda,
birinchidan, holat so‘zi tushib qolgan, voqea, hodisa va jarayonlar umuman aks etmagan. Ikkinchidan, hozirgi zamon elektron kartalarda nafaqat “maydon bo‘yicha joylashuvi”, balki zamon yoki vaqt bo‘yicha o‘zgarishi, makon (litosferaga tomon chuqurlikka kirib borish hamda 2-rasmda ko‘rsatilgan atomosferaga tomon yuqoriga ko‘tarilishi) bo‘yicha dinamik vaziyat va 2-rasm. Atmosfera qatlamida shamol harakatini ko‘rsatuvchi “oflayn” ko‘rinishdagi karta. jarayon hamda statik holatlarni ham aks ettirishi mumkin. Uchinchidan, kartalarda nafaqat model (fanda — tadqiqotlarni olib borish maqsadida muayyan bir obyekt yoki tizimning asosiy xususiyatlarini aks ettiruvchi ixchamlashtirilgan obyekt) balki sxematik (fanda – shartli belgilar, chizma yoki tasvirlar asosida muayyan bir obyektning tarkibiy qismlari va ular o‘rtasidagi aloqadorlik ko‘rsatkichlarining sxematik kartalarda aks etishi) ko‘rinishda ham aks ettirilmoqda. To‘rtinchidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining adal sur’atlarda rivojlanishi bilan nafaqat “oflayn”, balki “onlayn” ko‘rinishdagi yangi zamonaviy kartalar yuzaga kelmoqda (3- va 4-rasmlar).
Xullas, masalaga oydinlik kiritgan tarzda zamonaviy Kartografiya fani — tabiat, jamiyat, hamjamiyat hamda ular o‘rtasidagi holat, vaziyat, voqea, hodisa va jarayonlarni oflayn yoki onlayn ko‘rinishda aks ettiruvchi kartalarni loyihalash, tuzish, ko‘paytirish, uzatish, o‘zgartirish, amalda joriy qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy bilish tizimi. Soddalashtirilgan tarzda kartografiya fani — ijtimoiy xarakterga ega bo‘lgan kartalarga doir ilmiy bilish tizimi.
Kartografiya fani tushunchasida biz dinamik xarakterdagi kartalarning turi, shakli, masshtabi, xiliga to‘xtalib o‘tganimiz yo‘q va fanni talqin qilishda ning keragi ham yo‘q. Zero, “karta” yoki, keyingi paytda ko‘p ishlatilayotgan nazariy asosga muhtoj, o‘zbekchadagi “xarita” so‘zi alohida bir ilmiy munozara obyektidir.
Endi kartografik ilmga kelsak, o‘zbek tilining izohli lug‘atida “ilm” so‘ziga 3 xil ta’rif berilgan. Lekin fanda uning 1-varianti, ya’ni ilm — o‘qish-o‘rganish, tadqiqot, tahlil etish bilan erishiladigan bilim, ko‘nikma, ma’lumot, degan ta’rif fanga yaqinroq keladi. Nima uchun yaqinroq, zero lug‘atning keyingi variantlarida berilgan “insonning ma’lumot olishi” degan ibora hali uni ilmli bo‘ldi degani emas. Rus tilida eng ommabop bo‘lgan S.I.Ojegovning lug‘atida ilm — ong orqali borliqni anglash, deyilgan. Erkin ensiklopediya “Vikipediya”da esa ilm — anglash faoliyati natijasi yoki individning masala yechimini topishda kerak bo‘ladigan ma’lumotlarga ega bo‘lishi, deb berilgan. Umuman olganda, “ilm” so‘zi turli adabiyotlarda turlicha aks ettirilgan. Bizningcha u, ijtimoiy geografik fanlarda kishilik jamiyatiga, gumanitar geografik fanlarda esa jismoniy shaxsga tegishli bo‘lib, ilm — borliqni ongli ravishda anglash, bilish va tushunishdir.
Keltirilgan tushunchalardan kelib chiqqan tarzda kartografik ilm — kishilarning kartografiya fanini anglay olishlari, bilishlari va tushunishlari. Bu ham ijtimoiy kategoriyaga ega. Chunki ilm ham kishilik jamiyatiga tegishli jarayon yoki holatdir. O‘zbek tilining izohli lug‘atidan
kelib chiqqan tarzda kartografik ilmda ishlatilgan so‘zlarni quyidagicha ta’riflash mumkin:
anglash — kartografiya ilmining inson, jamiyat va hamjamiyat rivojida nechog‘lik kerak ekanligini fahmlamoq;
bilish — kartografiya ilmining mazmuni va mohiyatiga yetmoq;
tushunish — kartografiya ilmining nazariy va amaliy ahamiyatini to‘g‘ri baholamoq.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida tadqiqot ikki xil ma’noda ishlatilgan. Birinchisi — tadqiq ishi, tekshirish, o‘rganish. Ikkinchisi esa ilmiy tekshirish ishining natijasi. Afsuski, mazkur lug‘atda tadqiqot so‘zining asl ma’nosi ochib berilmagan. Shuning uchun ham yana bir bor S.I.Ojegovning lug‘atiga nazar tashlaymiz. Unda tadqiqotga ilmiy o‘rganish va kuzatish sifatida qaralgan. Lekin kuzatish o‘rganishning bir metodi. Vikipediyada tadqiqot keng ma’noda yangi ilmlarni izlash yoki dalillarni (faktlarni) aniqlash maqsadida o‘rganishni tizimlashtirish, tor ma’noda esa nimanidir o‘rganishning
ilmiy metodi, deb berilgan. Bunda ham aniqlik yo‘q, zero dalillarni yoki faktlarni aniqlashda hamma ham “tizimlashtirish”ga e’tibor qaratmaydi yoki uni tushunib yetmaydi. Tor ma’noda tushunchadagi ta’rifda berilgan “ilmiy metodi” deyish ham mumkin emas. Zero, tadqiqot metod emas, biron-bir faktlarni analiz (tahlil) va sintez (umumlashtirish) qilish. Uning uchun esa turli tadqiqot metodlaridan foydalanish kerak bo‘ladi. Tanlangan metodlar ilmiy asoslangan yoki amaliy qo‘llaniladigan noilmiy ham bo‘lishi mumkin. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolajonlar atrofimizdagi olam fanini o‘rganayotganda hech qanday metod borligi va unga tizimli yondashuv kerakligini tasavvur ham qilolmaydi.
“Tadqiqot” so‘ziga falsafiy nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsak, u biron-bir jarayonning kishilar tomonidan o‘rganilishi, kashf qilinishi. Tadqiqot ham ijtimoiy kategoriya, ya’ni kishilik jamiyatiga xos bo‘lgan jarayondir. Aynan jarayon. U ilmiy yoki noilmiy tarzda ham kechadi. Ilmiy tadqiqot —voqea va jarayonni kishilar tomonidan aniq bir izimlashtirilgan metodlar yordamida o‘rganish hamda ularni yozma ravishda bayon etish jarayoni. Shuning uchun ham fanda tizimlashtirilgan ilmiy ilish metodlarini metodologiya deb ataydi.
Kartografik tadqiqot — kartalarda aks etgan yoki etishi kerak bo‘lgan holatni kishilar tomonidan aniq bir tizimlashtirilgan metodlar yordamida o‘rganish hamda ularni yozma ravishda bayon qilish jarayoni. Ko‘pgina ilmiy adabiyot hamda lug‘atlardan foydalangan tarzda kartografik tadqiqotda ishlatilgan so‘zlarni quyidagicha ta’riflash mumkin:
tizimlashtirish — muayyan bir kartografik tadqiqot maqsadida holat, voqea, hodisa va jarayonlarni qismlarga ajratish va ularni iyerarxik pog‘onaga, ya’ni qat’iy vertikal ketma-ketlikda joylashtirish jarayoni;
met od — kartografik tadqiqotlarni olib
borishning empirik (amaliy) hamda nazariy (mantiqiy) usullari;
o‘rganish — kartografik tadqiqotlarni o‘zlashtirish va egallash.
kashf etish — kartografik tadqiqotlar orqali biron-bir yangilikni yaratish, ixtiro eti sh va muammoning yechimini topish yoki masalaga innovatsion yondashish;
ochish — kartografik tadqiqotlar orqali muayyan bir qonuniyat yoki qonunlarni ochish;
yozma ravishda bayon qilish – kartografik tadqiqotlar orqali olingan natijalarni yozma
ravishda ifodalash yoki bayon etish.
Endi “Metodologiya” terminiga kelsak. Belorussiyalik pedagog olimlar metodologiyaga — nazariy va amaliy faoliyatni tashkil etish va joylashtirish prinsiplari va vositalari tizimi sifatida qaraydilar. Rossiyalik mutaxassis G.A.Fedotova “Metodologiya — obyektiv borliqni, undagi kechayotgan jarayonlar yo‘nalishi va usullarini anglash va qayta ishlashning umumiy prinsiplari haqidagi fan” demoqda. O‘zbekistonda eng nufuzli milliy ensiklopedik lug‘atda “Metodologiya — tadqiqotchining nazariy va amaliy faoliyatini tashkil etish, tiklash tamoyillari va usullari tizimi hamda bunday tizim haqidagi ta’limot” yoinki metodlar haqidagi ta’limot yoki umumiy bilish metodi, deb ham ta’riflangan. Mazkur adabiyotlarda metodologiya metodlarga va umuman voqelikka qanday yondashish yo‘lini o‘rgatadi deyilmoqda. Unda voqelikning muayyan qismi, biror jihati, rivojlanishining ayrim holatini tadqiq qiluvchi metodologiyaga “Metafizika”ni, voqelikning chiziqli rivojlanish, o‘zgarish jarayonini va uni tashkil etuvchi elementlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorliklarni aks ettiruvchi metodologiyaga “Dialektika”ni, voqelikda ro‘y beruvchi keskin halokatli o‘zgarishlar, nochiziqli rivojlanish jarayonlarini o‘rganishda qo‘llaniladigan metodologiyaga “Sinergetika”ni misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Metodologiyaga ilmiy bilishning, voqelikni anglash va o‘zgartirishning algoritmi sifatida ham qarash mumkin, deyilgan.
Avstriyalik buyuk faylasuf olim P.Feyerbend “Metodologiya” har qanday tazyiqdan xoli (diniy aqida kabi), davlat siyosatidan ajralgan va masalaga erkin yondashsagina yangi g‘oyalarni keltirib chiqaradi, deb ta’kidlaydi. Lekin P.Feyerbend “Metodologiya — metodlar haqidagi ta’limot” ekanligi, har tadqiqot qilayotgan shaxsning muayyan davrda davlat siyosati, ijtimoiy holat, iqtisodiy imkoniyat va institutsional vaziyatdan kelib chiqqan tarzda ko‘rilayotgan masalaga metodologik yondashuv qila olishini inobatga olmagan. Aks holda unday metodologiya qog‘ozda qolib ketadi va amaliyotda o‘z o‘rnini topolmaydi.
Yuqorida tahlil qilingan xorijiy va milliy adabiyotlardan kelib chiqqan tarzda shuni ta’kidlash joizki, “Metodologiya” tushunchasida: voqelik, obyektiv borliq, jarayon, prinsip, vosita, usul, ta’limot, tamoyil, nazariya, amaliyot, tashkil etish kabi o‘nlab so‘zlar qo‘llanilgan. Bu esa uni amalda qo‘llash va o‘quvchilar tomonidan oson anglab olish imkoniyatini bermaydi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining barcha 1-bosqich magistratura o‘quv rejasining umumta’lim blokida 36 soatlik “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” o‘quv moduli turibdi. Ammo “So‘rov-anketa” metodi bo‘yicha ushbu o‘quv fani bo‘yicha o‘rganilganda mazkur kursni o‘zlashtirish darajasi 15—20% ortmagan (1-jadval). Shuning uchun ham kelgusida Oliy ta’limning “Geodeziya va Kartografiya” magistratura mutaxassisligi o‘quv rejasidagi “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” o‘quv fani olib borilishini baholash uchun magistrlar o‘rtasida quyidagi savol va topshiriqlar orqali sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazish maqsadga muvofiq:
“Kartografiya fani” deganda nimani tushunasiz?
“Kartografiya ilmi” deganda nimani tushunasiz?
“Kartografiya ilmi” bilan “Kartografiya fani”ning umumiy va xususiy tomonlarini ochib bering.
“Kartografik ilmiy tadqiqot” deganda nimani tushunasiz?
Ilmiy tadqiqot metodologiyasi va uning kartografik tadqiqotlardagi o‘rnini ochib bering.
Kartografik tadqiqot metodlarini metodologik nuqtayi nazardan tizimlashtiring!
“Metodika” terminiga ilmiy tushuncha bering.
Kartografiyada ilmiy tadqiqot metodologiyasining mazmuni va mohiyatini ochib bering.
Magistratura bosqichining umummetodologik blokida turuvchi “Ilmiy-tadqiqot metodologiyasi” fanini o‘qitishdan qoniqqanmisiz?
Magistraturada “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” fanini o‘qitish bo‘yicha sizning taklifingiz.
Mazkur o‘quv kurs bo‘yicha nimani bilishni xohlar edingiz?
“So‘rov-anketa” metodi ilmiy tadqiqotga ilk
qadam qo‘yayotgan magistrlarga nechog‘lik boshlang‘ich fundamental nazariy asos va “yo‘l xaritasi” sifatida o‘tilayotganini ko‘rsatadi. Masalan, muqobil energiya manbalaridan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yishda kartografiyaning o‘rni beqiyos. Lekin unda qanday metodologik asos yotadi, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, geograf va ayniqsa, kartograflarning munozara markazida aynan mazkur masala ko‘ndalang muammo bo‘lib turibdi.
Metodologiya yunoncha “metodos” – bilish yoki tadqiq qilish, “logos” — ta’limot degan so‘zlar yig‘indisidan olingan abbreviatura. Uni umumlashgan tarzda fanda metodologiya — ilmiy bilish metodlariga oid ta’limotlar yig‘indisi, to‘g‘rirog‘i bu yerda ham tizimi, deyish mumkin. Chunki metodologiyaning quyida sanab o‘tiladigan qismlari, ya’ni tadqiqot metodlarini qismlarga ajratish yoki muayyan bir maqsadda guruhlash aynan muayyan bir ketma-ketlikda va iyerarxiyada tizimlashtiriladi.
Kartografik metodologiya metod emas va undan farqli ravishda sharoit va zamonga qarab evolyutsion yoki noevolyutsion tarzda o‘zgaradi. Metod esa o‘zgarmaydi, yangilari yaratiladi va ular eskilarining o‘rniga kartografik ilmiy bilishda qo‘llaniladi, xolos. Kartografik metodlarni tizimlashtirish muayyan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, institutsional holatdan kelib chiqadi. Masalan, Sobiq ittifoq davrida deyarli barcha geografik, jumladan, kartografik fanlar metodologiyasi marksizm-leninizmning utopik kommunizm qurish g‘oyasiga asoslangan siyosiy tizimga moslashtirilgan edi. Rejalashtirilgan sotsialistik iqtisod, barcha kishilarni bir xilda ijtimoiy ta’minlashga erishish utopiyasi, tabiiy resurs hisobiga AQShdan ortda qolmaslikka yo‘naltirilgan iqtisodiy munosabat, yagona millat g‘oyasini aks ettiruvchi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot metodologiyasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Asqar NIG‘MATOV,
geografiya fanlari doktori, professor