Zamonaviy kartografiya fani qanday bo‘lmog‘i kerak
(Oxiri. Boshi oldingi sonda.)
Sobiq ittifoq parchalanib, mustaqil davlatlar paydo bo‘lganidan so‘ng ilmiy-tadqiqotlar qanday metodologik asos bilan qurollangan edi, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Har biri o‘z rivojlanish yo‘liga kirgan mustaqil davlatlarda, xususan, O‘zbekistonning kartografiya fanida “metodologik vakuum — bo‘shliq” yuzaga keldi. Chunki Ittifoq tazyiqidan qutulgan O‘zbekiston kartograflari chuqur nazariy va fanlarning metodologik masalalariga oid izlanishlar olib borishdi, deb aytolmaymiz. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘z vaqtida bu borada shunday fikr bildirgan edi: “Siyosatda ham, ijtimoiy hayotda ham, fanda ham vakuum — bo‘shliq paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ya’ni, agar o‘z g‘oyang bo‘lmasa, sening yurtingda chetdan g‘oya kelib hukmronlik qiladi. Shu ma’noda mustaqil fikrlaydigan odamlarimiz bo‘lmasa, o‘z davlatimiz, xalqimiz, millatimiz tarixini o‘zimiz tiklamasak, o‘zimiz xolisona yozmasak, uni boshqalar boshqacha qilib yozadi. Yozish bilan cheklansa mayliku-ya, bizni, o‘sib kelayotgan avlodni, hatto olimlarimizni ham o‘z yo‘rig‘iga solishga harakat qiladi”. Shundan kelib chiqqan holda Kartografiya fanida metodologik asosni yaratish dolzarbdir.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirsak keng ma’noli kartografik metodologiya — kartografik tadqiqotlarni olib borishda mavjud siyosiy holat, ijtimoiy sharoit, iqtisodiy imkoniyat, institutsional vaziyatdan kelib chiqqan tarzda kartografik metodlarni tanlash, qismlarga ajratish va ularni tizimlashtirish. Tor ma’noda metodologiya — kartografik ilmiy bilish metodlariga oid ta’limotlar tizimi.
Shunday qilib kartografiyada ilmiy tadqiqot metodologiyasi ijtimoiy, ya’ni kishilik jamiyatiga tegishli kategoriya bo‘lib, u 2 ta so‘z va 1 ta terminlar yig‘indisidagi tushunchalardan iborat:
karto grafik ilm — kishilarning kartografiya fanini anglay olishlari, bilishlari va tushunishlari;
kartografik tadqiqot — kartalarda aks etgan yoki etishi kerak bo‘lgan holat, voqea, hodisa va jarayonlarni kishilar tomonidan aniq bir tizimlashtirilgan metodl ar yordamida o‘rganish, kashf etish, ochish hamda ularni yozma ravishda bayon qilish jarayoni;
kartografik metodologiya — kartografik tadqiqotlarni olib borishda mavjud siyosiy holat, ijtimoiy sharoit, iqtisodiy imkoniyat, institutsional vaziyatdan keli b chiqqan tarzda kartografik metodlarni tanlash, qismlarga ajratish va ularni tizimlashtirish.
Har uchala tushunchani umumlashtirgan tarzda kartografiyada ilmiy-tadqiqot metodologiyasi – kartografik tadqiqotlarni o‘rganish, kashf etish, ochish hamda ularni yozma ravishda bayon qilish uchun mavjud siyosiy holat, ijtimoiy sharoit, iqtisodiy imkoniyat, institutsional vaziyatdan kelib chiqqan tarzda kartografik metodlarni anglay olish, bilish, tushunish, tanlash, qismlarga ajratish va ularni tizimlashtirish.
Har bir kartograf ilmiy tadqiqot metodologiyasini olib borishda quyidagi tizimli yondashuvga amal qilishi maqsadga muvofiqdir:
tabiat, jamiyat, hamjamiyat hamda ular o‘rtasidagi holat, vaziyat, voqea, hodisa va jarayonlarni oflayn yoki onlayn ko‘rinishda a ks ettiruvchi kartalarni loyihalash, tuzish, ko‘paytirish, uzatish, o‘zgartirish, amalga joriy qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy bilish tizimini o‘zlashtirish;
kartografiya fanida yuzaga kelgan zamonaviy vaziyat, holat, hodisa, jarayonlarni ongli ravi shda anglash, bilish va tushunish;
kartografiya fanidagi muammolar va uning yechimiga doir masalalarning o‘rganilganlik darajasini aniqlash;
tadqiqot maqsadi va vazifalarini aniq tasavvur eta olish hamda mavzuni uning obyekti hamda predmeti nuqtayi na zaridan kelib chiqqan tarzda belgilash;
tanlangan mavzu bo‘yicha kartografik tadqiqotlarda qo‘llaniladigan metodlarni aniqlash;
aniqlangan kartografik tadqiqot metodlarining davlat siyosati, ijtimoiy sharoit, iqtisodiy imkoniyat, institutsional (barqa ror birlashish) vaziyatga moslarini ajratib olish;
ajratib olingan metodlarni tadqiqot o‘tkazish jarayoni bo‘yicha tizimlashtirish, ya’ni ularni muayyan ketma-ketlikda (ahamiyatiga ko‘ra) ierarxik pog‘onaga vertikal joylashtirish;
tadqiqot olib borish jarayonida yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan tarzda metodlarni tanlash va tizimlashtirishga tegishli qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritib borish;
olingan metodologik natijalarni yozma ravishda bayon qilishda tizimli yondashuvga amal qilish.
Kartografik ilmiy tadqiqot metodologiyasida siyosiy holatni inobatga olishda jamiyat, davlat, xalqaro hamjamiyatning tanlangan mavzu bo‘yicha istiqbolga yo‘naltirilgan xalqaro huquq manbalari, qonun, kontseptsiya, dastur, reja, strategiya yoki yo‘l xaritasiga alohida urg‘u berish juda muhimdir. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 2-iyulda qabul qilingan “Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida”gi qonuni va uning 3-moddasida berilgan tushunchalarni tadqiqot jarayonida qo‘llash yoki unga nisbatan o‘z munosabatingizni bildirish, ya’ni takliflar kiritish va ilmiy asoslash.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir! Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart”, deb bejiz aytmagan. Respublikamizda faoliyat olib borayotgan har bir kartograf o‘zining ilmiy-tadqiqot metodologiyasida raqamli iqtisodiyot va GAT(geografik axborotlar tizimi)ga tegishli metodlarni tanlash orqali o‘z izlanishlarini olib borishi o‘ta dolzarb masaladir.
Kartografik tadqiqot metodlarini tanlashda ijtimoiy sharoit, ya’ni jamiyatning shunga ehtiyoji bormi, unga doir bilimlar, normalar va qadriyatlar tizimining o‘zlashtirish imkoniyatini inobatga olish kerak. Bu degan so‘z “Falsafa”ning ilmiy bilishdagi, “Sotsiologiya”ning ijtimoiy uyushmalarning rivojlanishdagi (masalan, xalqlar va mamlakatlar taraqqiyoti ularning ijtimoiy sharoitiga qarab tabaqalanishi), “Psixologiya”ning insonlarning ruhiy holatidagi, “Tarix”ning davriy o‘zgarishdagi, “Etnografiya”ning mahalliy xalqning turmushidagi qonun va qonuniyatlar nazardan chetda qolib ketmasligi lozim. Aks holda, ilmiy tadqiqot metodologiyasi ijobiy natija va amaliy samara bermasligi ham mumkin. Masalan, kartografik obyekt bo‘yicha metodlarni tanlashda uning doirasida ijtimoiy holatni son va sifat jihatdan baholash samarali vositalardan biridir.
Kartografik tadqiqotlarga metodologik yondashish jarayonida iqtisodiy imkoniyatni inobatga olish uning natijasida o‘z ijobiy aksini topadi. Lekin bozor munosabatlari keskin namoyon bo‘layotgan bir paytda, tadqiqotchi va ilmiy izlanishlar olib borayotgan muassasa yoki idorada tanlangan tadqiqot metodlaridan foydalanish imkoniyati bormi yoki yo‘qmi? Ularni xarid qilish, ishga tushirish va foydalanish uchun yetarli moliyaviy va moddiy imkoniyat yo‘q, deylik. Bunday holatda ushbu metodni tanlashdan voz kechgan ma’qul. Masalan, kartografiyada raqamli iqtisodiyotga doir metodlarni tanladingiz. Raqamli iqtisodiyot bu – raqamli texnologiyalarga tayangan iqtisodiy faoliyat, ya’ni elektron biznes va kommersiya bilan bog‘liq bo‘lgan raqamli tovar ishlab chiqish va xizmatlarni ko‘rsatish. Lekin unga doir innovatsion metodlarni muallif maxfiy holatda saqlab kelmoqda. Hozircha ushbu texnologiyalarni sotib olish ilojingiz yo‘q ekan, unda ilmiy-tadqiqot metodologiyasida qo‘llashdan vaqtinchalik voz kechishga to‘g‘ri keladi.
Yana bir masala ilmiy-tadqiqot metodologiyasida institutsional vaziyatni inobatga olish, ya’ni tadqiqotchi yakka o‘zi kartografik metodlarni qo‘llash uchun amaliyotchilar, olimlar va mutaxassislar bilan “barqaror birlashishi”ga to‘g‘ri keladi. Bunda barqaror birlashish kimlar bilan bo‘lishi kerak va unda qanday metodlar sizga ish beradi, degan o‘rinli savolga javob topish muhim ahamiyat kasb etadi. Institutsional vaziyatni inobatga olish va uni tadqiqot davomida qo‘llash, albatta, samarali natija berishi shubhasizdir.
Ilmiy tadqiqot metodologiyasini yozma ravishda ifoda etishning tizimli tahlilida – gipotezani tasavvur qilish > konsepsiya yaratish > asosnoma(dastur va reja)ni tuzish > nazariy asosini ishlab chiqish > amaliy tatbiqiga yetish metodlarini muayyan ierarxiya (qismlar zinapoyasida) olib borish talab etiladi.
Xulosa qilib aytganda:
kartografik amaliyotning yangi onlayn bosqichiga ko‘tarilishi uning ilmiy-nazariy asoslarini qaytadan ko‘rib chiqishni talab etmoqda;
Kartografiya fani – tabiat, jamiyat, hamjamiyat hamda ular o‘rtasidagi holat, vaziyat, voqea, xodisa va jarayonlarni o flayn yoki onlayn ko‘rinishda aks ettiruvchi kartalarni loyihalash, tuzish, ko‘paytirish, uzatish, o‘zgartirish, amalga joriy qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy bilish tizimi, deb ta’riflash mumkin;
kartografik ilm esa kishilarning kartografiya fanini a nglay olishlari, bilishlari va tushinishlaridir;
kartografik tadqiqot – kartalarda aks etgan yoki etishi kerak bo‘lgan holat, voqea, xodisa va jarayonlarni kishilar tomonidan aniq bir tizimlashtirilgan metodlar yordamida o‘rganish, kashf etish, ochish h amda ularni yozma ravishda bayon qilish jarayoni;
kartografik metodologiya – kartografik tadqiqotlarni olib borishda mavjud siyosiy holat, ijtimoiy sharoit, iqtisodiy imkoniyat, institutsional vaziyatdan kelib chiqqan tarzda kartografik metodlarni tanlas h, qismlarga ajratish va ularni tizimlashtirish;
umumlashtirilgan tarzda Kartografiyada ilmiytadqiqot metodologiyasi – kartografik tadqiqotlarni o‘rganish, kashf etish, ochish hamda ularni yozma ravishda bayon qilish uchun mavjud siyosiy holat, ijtimoiy sharoit, iqtisodiy imkoniyat, instituttsional vaziyatdan kelib chiqqan tarzda kartografik metodlarni anglay olish, bilish, tushunish, tanlash, qismlarga ajratish va ularni tizimlashtirishdir;
har qanday tadqiqotlarni olib borayotgan kartograf ilmiy-tadq iqot metodologiyasini olib borishda 9 ta bosqichdan iborat bo‘lgan ierarxik yo‘lni bosib o‘tishi natijalar samradorligini keskin oshiradi.
A.NIG‘MATOV,
geografiya fanlari doktori, professor