Qatar, Saudiya Arabistoni yoki Avstraliya hamyurtlarimizga nimchorak finalda qaysi biri raqib bo‘ladi?
Xabaringiz bor, Birlashgan Arab Amirliklarida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkazilmoqda. 17-marta o‘tkazilayotgan bu musobaqada ilk bor Osiyoning 24 jamoasi ishtirok etmoqda. Bu esa uchrashuvlarning qiziqarli o‘tishini ta’minlayapti.
Eng muhimi, Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz guruh o‘yinlarini ajoyib boshladi. Ummon va turkma¬nistonlik futbolchilarni mag‘lubiyatga uchratib, muddatidan avval keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Osiyo kubogining “F” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston terma jamoasi birinchi turda Ummon terma jamoasiga qarshi o‘ynadi.
Juda qiyin kechgan bahs hamyurtlarimizning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Teng kurashlar ostida boshlangan o‘yinning 34-daqiqasida terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov jarima zarbasidan hisobni ochdi. Shundan so‘ng ummonliklar hujumda juda faol o‘ynadi va darvozamiz oldida ko‘plab xavfli vaziyatlar sodir etishdi. Faqatgina posbonimiz Ignatiy Nesterov ishonchli o‘yini bilan birinchi taym oxiri va ikkinchi taym boshida darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldi. 72-daqiqada esa baribir hisob teng¬lashdi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Muhsin Al-Hassaniy qarshi hujumda himoyachilarimizning qo‘pol xatosidan unumli foydalanib, gol urdi. Shundan so‘ng Kuper ham futbolchilarni almashtirdi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Ikrom Aliboyev va Eldor Shomurodovning hujumi gol bilan yakunlandi — 2:1. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida himoyachimiz Yegor Krimets darvozabon bilan birga-bir chiqib ketayotgan raqib hujumchisini ushlab qolgani uchun maydondan chetlatildi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida Yaponiya terma jamoasi yon qo‘shnimiz Turkmaniston termasini qiyinchilik bilan mag‘lubiyatga uchratdi — 3:2.
Ikkinchi turda hamyurtlarimiz Turkmaniston terma jamoasi bilan bahs olib bordi. Uchrashuvdan avval mutaxassislar bahsning juda murakkab o‘tishini taxmin qilishdi. Bunga terma jamoamizning birinchi turdagi himoyaviy o‘yini va qo‘shnilarimizning chempionlikka asosiy da’vogarlardan biri — Yaponiyaga qarshi chiroyli o‘yini sabab bo‘lgandi. Ammo uchrashuv davomida bu taxmin o‘zini oqlamadi. Turkmanistonlik futbolchilar biz bilan faqat 15 daqiqagina tengma-teng o‘ynadi. O‘yinning birinchi bo‘limida Eldor Shomurodov dubl qayd etdi, Javohir Siddiqov va Jaloliddin Masharipov bittadan golni o‘z hisoblariga yozib qo‘yishdi — 4:0. Ikkinchi taymda vakillarimiz xotirjamlik bilan o‘ynab, shu hisobni saqlab qolishdi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Yaponiya Ummon bilan o‘ynadi. Uchrashuvda kunchiqar yurt vakillari birgina penaltidan urilgan gol bilan g‘alaba qozonishdi.
Ikkinchi turdan keyin O‘zbekiston va Yaponiya 6 ochko bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni band etib, “play off” bosqichi yo‘lanmasini muddatidan avval hal qildi. Uchinchi turda hamyurtlarimiz Yaponiya bilan birinchi o‘rin masalasini hal qilishadi. Durang natija ham terma jamoamiz foydasiga ishlaydi (to‘plar nisbatiga ko‘ra). Uchrashuv ertaga Toshkent vaqti bilan 18:30 da boshlanadi. Ummon va Turkmaniston esa eng yaxshi to‘rtta uchunchi o‘rindan biri bo‘lish imkoniyatini saqlab qolishgan. Keyingi bosqichga 6 ta guruhning 1-, 2- va eng yaxshi natijaga ega 4 ta 3-o‘rinni egallagan jamoalari chiqadi.
“A” va “B” guruhlari o‘z uchrashuvlarini yakunladi. Unga ko‘ra, “A” guruhida BAA 5 ochko bilan birinchi o‘rinni qayd etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni Tailand va Iordaniya 4 ochko bilan band etib, keyingi bosqichdagi raqiblarini kutyapti. Hindiston 3 ochko bilan uyga qaytadigan bo‘ldi.
“B” guruhida esa Iordaniya birinchi, Avstraliya ikkinchi bo‘ldi. Falastin va Suriya 3- va 4-o‘rinni band etdi.
Qolgan guruhlarda so‘nggi tur bugun va ertaga bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi turdan keyin “C” guruhida Xitoy va Janubiy Koreya, “D” guruhida Eron va Iroq, “E” guruhida Qatar va Saudiya Arabistoni termalari 6 ochko bilan keyingi bosqichga chiqib ulgurishgan. Faqat 3-turda bu jamoalar o‘zaro bahslashib, birinchi o‘rin masalasiga oydinlik kiritadi.
Biz uchun muhim jihati, keyingi bosqichda termamiz qaysi jamoa bilan o‘ynaydi? Qur’a natijasiga ko‘ra, “F” guruhi g‘olibi “E” guruhining ikkinchi jamoasi bilan, “F” guruhi 2-o‘rin egasi esa “B” guruhidagi ikkinchi jamoa bilan chorak finalga chiqish uchun kurashadi.
Demak, Yaponiya bilan o‘yin biz uchun muhim. Agar guruh g‘olibi bo‘lsak, Saudiya Arabistoni yoki Qatar bilan o‘ynaymiz. Yaponlarga yutqazib qo‘ysak, Avstraliyaga qarshi bahs yuritamiz. Sizningcha qaysi raqib biz uchun qulayroq?
Sherali NAMOZOV