Professorning bog‘chaga sovg‘asi
Yangi yil — bolajonlar uchun mo‘jizaviy bayram. Shu kunlarda kichkintoylar rang-barang sovg‘alar kutadi, ajoyib-u g‘aroyib hodisalar, o‘zgacha, noodatiy voqealarni uzoq vaqt yodida saqlab qoladi. Shu bois, professor Hamidulla Meliyev o‘ziga xos tashabbusga qo‘l urdi. 65 yoshni qarshilagan domla bog‘cha bolalarini xushnud etish uchun Qorbobo libosida bayram tuhfasini ulashdi.
Bu istakni u shu yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlanganida ko‘ngliga tugib qo‘ygan edi. Mana o‘sha kunlar yetib keldi. Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutining «Maktabgacha ta’lim metodikasi» kafedrasi mudiri, «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni sohibi, serg‘ayrat olim Hamidulla Meliyevni doimo bilimga chanqoq yoshlar, o‘nlab, yuzlab nabiralari davrasidan topasiz. Shundanmi, hamkasblari uni «Bolalarning katta do‘sti», deya ta’riflashadi. Nuroniy pedagog butun umrini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishladi, bag‘ishlamoqda.
Qarog‘ida bolalik o‘ti porlab turgan 300 dan ziyod jajji o‘g‘il-qiz tarbiyalanayotgan Jizzax shahridagi 37-maktabgacha ta’lim muassasasidek ko‘rkam, zamonaviy va muhtasham binoda bir paytlar u ham ta’lim-tarbiya olishni orzu qilgan. O‘shanda shahar bo‘yicha atigi bitta bog‘cha bo‘lib, u ham sanoqli o‘rin bilan to‘lib qolar, ortig‘i qabul qilinmasdi. Hozir esa viloyat markazining o‘zida 34 ta bog‘cha bo‘lib, ularning 21 tasida JDPI bitiruvchilari, Hamidulla Meliyevning shogirdlari faoliyat ko‘rsatyapti. Domlaning barcha tumanlardagi shogirdlarini hisoblasa, eh-he, bu raqamlar yana o‘n karra ortadi. Shogirdlar kamoli ustozning baxti-da.
Bugun tong saharlab bog‘chadagi bayram tadbiriga otlangan ustoz yo‘l-yo‘lakay shu kabi o‘y-xayol bilan manzilga yetib keldi. 37-MTM tarbiyalanuvchilari tantanali tadbirning asosiy qahramoni — Qorboboga o‘zlari yod olgan she’r, qo‘shiqlarni biyron tilda bayon etdi. Qorbobo ham kichkintoylarga eng munosib sovg‘a — bolalar yoshiga mos rangli-bezakli KITOBLAR, shu orqali bir olam SHODLIK, MEHR hadya etdi. Kafedradan malakaviy amaliyot o‘tash uchun shu bog‘chaga biriktirilgan 7-8 chog‘li talaba unga yordamchilik qildi. MTM tarbiyalanuvchilari jo‘rovoz bo‘lib professorga tashakkur aytdi. Shu tariqa bog‘chaning mo‘jaz kutubxonasi 300 dan ortiq badiiy-rasm¬li adabiyotlar bilan boyidi.
— Professorning bog‘chamizga tashrifi bolajonlarda unutilmas taassurot qoldirdi, — deydi 37-MTM mudirasi Nafosat Yo‘ldosheva. — Ustozning Qorbobo, amaliyotchi talabalarning ertak qahramonlari qiyofasida gavdalanishi barchamizga bayramona kayfiyat ulashish bilan birga, tarbiyaviy ahamiyatga ega, ibratli o‘gitlarni yodga soldi. Hamidulla Meliyevning ushbu xayrli tashabbusi kelgusida ko‘pchilikka namuna bo‘lsa, qanday yaxshi!
Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi reja asosida professor bayram bahonasida Jizzax shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ko‘nglini xushnud etdi.
— Bolaga tarbiyada biz, kattalar namuna ko‘rsatishimiz kerak, — deydi Hamidulla Meliyev. — Qorboboning birdan-bir shartiga ko‘ra, 4 qator bo‘lsa ham she’r-qo‘shiq yoki tabrik aytgan tarbiyalanuvchilar 2019-yilda ham odobli bo‘lish, astoydil o‘qib-o‘rganishga va’da berdi. Kichkintoylarni ko‘rsam, beixtiyor dilim yayraydi. Bugungi diydor bahona talabalarimning iqtidori, chet tilida ravon so‘zlashini sinovdan o‘tkazdim. Chunki yaqinda Janubiy Koreyaning Puchon universiteti, Rossiyaning Qozon davlat universiteti va Moskva davlat pedagogika instituti bilan manfaatli hamkorlik shartnomasini tuzdik. Unga ko‘ra, fakultet talabalari orasidan munosib nomzodlarni saralab, ushbu xorijiy oliy ta’lim muassasalariga yuboramiz. Tajribali ustozlardan o‘rgangan bilim va ko‘nikmalari kelgusida yosh umidli mutaxassislarga juda qo‘l keladi. Oldinda xalqimizni hali yangi rejalar, yuksak marralar kutib turibdi. Yangi yil barchamizni ana shu ezgu orzu-umidlar ro‘yobi bilan quvontirsin!
Dilshod RO‘ZIQULOV