Sergeli tumanidagi yangi uylar hududida 6 ta yangi bog‘cha ochiladi
Mustaqillik bayrami arafasida diyorimiz o‘zgacha tarovatli, fayzli tus oladi. Har jabhada ulkan yangilanish, bunyodkorlik harakatlari bayram shukuhini yanada oshiradi. Maktabga ilk qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchisining hayajoni, oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lgan talabaning universitet ostonasiga tolib sifatida qo‘ygan ilk qadami, maktabi va sinfdoshlarini sog‘ingan o‘quvchining entikib yangi bosqichga tadorik ko‘rishi, o‘quvchilari, boshlanajak o‘quv yilini intizor kutayotgan o‘qituvchining cheksiz quvonchi — bu yuksak manzara, his-hayajonlar yurtimizda Mustaqillik bayrami nashidasi ufurib turgan bir vaqtda ro‘y beradi!
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yildan boshlab mamlakatimizning barcha shaharlarida turarjoyga muhtoj oilalar uchun arzon va har tomonlama qulay uy-joylar qurilishi boshlandi. Bu kabi arzon uylar oxirgi 20—25 yil davomida Toshkent shahrida barpo etilmagan edi. Shaharlarda qurilgan uylar ham asosan qimmat tijorat uylari bo‘lib, bu uylarni ijtimoiy himoyaga muhtoj va davlat budjetidan maosh oladigan oilalar olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
2017-yilda poytaxtimizda jami 5 ming 532 xonadonli 151 ta uy foydalanishga topshirilgan. Birgina Sergeli tumanida 4 ming 284 xonadonli 102 ta arzon uylar bunyod etilgan.
2018-yilda poytaxtimizda barcha manbalar hisobidan 11 ming 400 xonadonli 258 ta ko‘p qavatli uylar qurildi. Jumladan, uy-joyga muhtoj oilalar uchun Sergeli tumanida 4 ming 992 xonadonli 120 ta, Choshtepa mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 1 ming 176 xonadonli 21 ta, sobiq chinni zavodi hududida 324 xonadonli 7 ta, Yashnobod tumani Olmos mahallasida harbiylar uchun 900 xonadonli 30 ta ko‘p qavatli arzon uy barpo etildi.
Sergeli tumanida dastlab qurib bitkazilgan, 13 gektar maydondagi 66 ta ko‘p qavatli uy-joydan iborat 6-“A” mavzesida 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 630 o‘rinli maktab, 61-sonli oilaviy poliklinika, yopiq turdagi suzish havzasi, shahar ichki ishlar bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari, avtomobil turarjoylari, velotrassalar aholi xizmatida.
Shundan so‘ng, ketma-ket 7-“A”, 2- qurilish hududlarida qad rostlagan uylar ham egalariga topshirildi. Tumanda hamon bunyodkorlik ishlari avjida. Yana ko‘plab zamonaviy turarjoylar, ta’lim maskanlari, savdo markazlari qurilib, aholi xizmatiga topshirilishi kutilmoqda.
Gazetamizning o‘tgan sonlaridan birida “Yangi maktab — yangi imkoniyatlar” sarlavhali maqolamizda Sergeli tumanida qurilgan ko‘pqavatli binolarga ko‘chib kelgan aholi maktab masalasida bir muddat noqulaylikka duch kelgani va joriy o‘quv yilidan ushbu muammo o‘z yechimini topayotgani haqida xabar bergan edik. Tumanga yangi ko‘chib kelgan ota-onalar tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish muammosi borasida ham qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdik. Biz bilan bog‘langan aksariyat ota-onalarning ta’kidlashicha, yangi uylarda istiqomat qilayotgan aholining aksariyati o‘tgan bir yil davomida maktabgacha ta’lim muassasalariga farzandini joylashga muvaffaq bo‘lolmagan.
“Navbatimiz qachon keladi?”
— Qizimni tumandagi bog‘chalarning biriga joylash uchun mana bir yildirki, navbat kutyapmiz, — deydi 7-“A” qurilish hududida yashovchi Umida Uzoqova. — Uyimizda bolaga qaraydigan odam yo‘q, hamma ishlaydi, o‘qiydi. Shuning uchun uni o‘zimiz ilgari yashagan manzil — Qoraqamish dahasidagi bog‘chaga olib borib, kelishga majbur bo‘ldik. Biz kabi ko‘plab oilalarni shu muammo qiynab kelyapti. 2018-yildan MTTlarga qabul jarayonida korrupsiyaning oldini olish va tizimni shaffof tarzda yuritish maqsadida bolaning hujjatlarini rasmiylashtirish, navbatga qo‘yish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa haddan ortiq yugur-yugurlarning oldini oladi, vaqtning tejalishiga xizmat qiladi. E’tiborlisi, har bir ota-ona bog‘chalarning rasmiy veb-sayti orqali muassasaning sig‘imi va mavjud bo‘sh o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar, anketalar ro‘yxati hamda navbatga kiritilganlar to‘g‘risida ma’lumotlar bilan istalgan paytda tanishib borishi mumkin ekan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch nafar yoki undan ko‘p farzandli oilalar, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, talabalar va pedagoglarning bolalari, yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan hamda boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar, aka yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari bo‘lgan bolalarning anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritildi. Men ham pedagog bo‘lganim uchun farzandimni imtiyozli ravishda qabul qiladigan bo‘lishdi, ammo imtiyozli qabulda ham kattagina navbat shakllangan ekan. Mana, yana o‘quv yili yaqinlashib kelyapti. Yoz bo‘yi opa va akalari, ta’tildagi ota-onasi qaramog‘ida bo‘lgan bog‘cha yoshidagi bolalarni MTTga joylashtirish navbati qachon keladi? Qachon farzandimizni uyimizga yaqin hududdagi MTTga joylashtirishga erishamiz?
Ota-onalarni qiziqtirayotgan bunday savollarga aniq javob olish uchun tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Kamola Nosirovaga murojaat qildik. Yangi uylar hududida 6 ta yangi bog‘cha ochiladi
— Tumanimizda jami 52 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi. Shundan 35 tasi davlatga qarashli va 17 tasi nodavlat muassasa. Jami maktabgacha ta’lim tashkilotlari 9 551 quvvatga ega. Tumanda mana ikki yildirki, katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bo‘sh yotgan yerlarda yangi-yangi massivlar barpo etilmoqda. Ko‘zni quvnatadigan zamonaviy uylar minglab uy-joyga ehtiyoji bor oilalarga makon bo‘ldi. Bunday vaziyatda ta’lim muassasalariga bo‘lgan talab-ehtiyoj keskin ortishi tabiiy hol.
Haqiqatan ham, o‘tgan 1-1,5 yil mobaynida bu biz va ota-onalar uchun qator muammolarni keltirib chiqardi. Biroq ushbu muammo tez orada yechimini topadi, buning uchun katta taraddud ko‘rilyapti. Bog‘chalarga bolalarni to‘liq qamrab olish, umumiy quvvatni yanada oshirishga ehtiyoj ortib borayotgani yuzasidan tuman hokimligiga murojaat qilindi. Shundan so‘ng, Sergeli tuman hokimligi Toshkent shahar hokimiyatiga xat bilan chiqdi. Natijada hozirda qurilishi davom etayotgan hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish uchun 50 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘ evaziga har biri 385—400 o‘rinli 4 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda. Bu muassasalar 2021-yili bitkazilib, topshirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ayni kunlarda Sergeli 5-“A” qurilish hududida 385 o‘rinli, “Qumariq” mahallasida 235 o‘rinli bog‘cha foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Har ikki MTT sentabr oyida o‘z ishini boshlaydi.
Xususiy MTTlarga ehtiyoj bormi?
Sergeli tumanida 17 ta nodavlat hamda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida 2 ta MTT faoliyat yurityapti. Bu muassasalar guruhlarda bola sonining ozligi, o‘quv mashg‘ulotlarining zamonaviy, interaktiv metodlarda tashkil etilishi, ingliz, rus tillari va qator sport va san’atga oid to‘garaklar muntazam faoliyat yuritishi bilan ajralib turadi. Ammo har oy kredit to‘lovi bilan yashayotgan aholining aksariyatiga xususiy bog‘chada belgilangan to‘lov miqdori qimmatlik qiladi.
— Xuddi biz kabi ko‘pchilik qo‘shnilarimiz har kuni ishda bo‘lishadi, — deydi 7-“A” qurilish hududida
yashovchi Guli Rahimberdiyeva. — Ishlamasak, kredit to‘lovini qanday to‘laymiz? Ishlashimiz uchun esa bolalarimizni bog‘chaga joylashtira olishimiz kerak. Bu esa katta muammoga aylanib qoldi. Navbat yetib kelmayapti. Uyimizga yaqin joyda xususiy bog‘chalar ham bor, lekin bizga qimmatlik qiladi. Axir ikki bolam bog‘cha yoshida. Shu sabab, bizning hududda davlatga qarashli MTT ochilishi kerak, deb o‘ylayman. Uyimizning pastki qavatida uy bog‘chasi qurildi, ammo hali foydalanishga topshirilmadi. U ham xususiy MTT ekan, deb eshitdik. Demak, biz uchun orzuligicha qoladi.
Darvoqe, yodingizda bo‘lsa, Sergeli tumanida pilot loyiha sifatida yangi qurilayotgan ko‘pqavatli uylarning 1–2-qavatlarida bolalar bog‘chalari tashkil etilishi ustida ish boshlangan edi. Bugunga kelib yangi qurilgan 4 ta ko‘pqavatli turarjoy binosida ana shunday MTTlar tayyor holga keltirildi. Har biri 50—75 o‘rinli ushbu bog‘chalarda zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi. Mazkur bog‘chalar haqidagi ota-onalarni qiziqtirayotgan savollarni jamlab yana tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasiga yuzlandik.
— Quvonarlisi, endi bu bog‘chalar davlat tasarrufiga o‘tkazilmoqda, ularning xususiy yoki davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida bo‘lishi, tabiiyki, narxining qimmatlashishiga olib kelardi, — deydi Kamola Nosirova. — Yangi massivlarda istiqomat qilayotgan aholining xususiy bog‘chaga emas, davlat MTTga ehtiyoj sezayotganini inobatga olib, bu muassasalar tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi ixtiyoriga o‘tkazilmoqda va sentabr oyida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur bog‘chalar zamonaviy tipda qulay qilib qurilgan. Mo‘jazgina hovlida bolalar maydonchalari tashkil etilib, mevali va manzarali daraxtlar ekildi, turli o‘yingohlar qurildi. Eng qizig‘i, ota-onalar farzandlarini hovlida o‘ynayotgan holida yuqoridan turib kuzatishlari, ichkarida bo‘lganida esa bemalol kirib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Oshxonasi “Ketrin” usulida tashkil etilib, ovqatlar boshqa joyda tayyorlanib konteynerlarda olib kelinadi. Bunday MTTlar hozircha 2- va 7-“A” qurilish hududida tashkil etildi.
“2020-yilgacha bolalarni 100 foiz qamrab olamiz”
Maktabgacha ta’lim tizimining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini to‘la-to‘kis amalga oshirishda bugun tumanda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Eng avvalo, qamrov foizini oshirishda bu kabi qurilish-bunyodkorlik ishlaridan tashqari, qo‘shimcha choralar ham ko‘rilyapti. Xususan, tuman MTB balansida turgan, ammo shu vaqtga qadar tizimga aloqasi bo‘lmagan turli tashkilotlar foydalanib kelgan 3 ta MTT binosi qaytarib olindi. Kelgusida bu yerlarda ham yangi bog‘chalar tashkil etish ustida ish olib borilyapti.
— 2020-yilgacha bolalarni MTTga 100 foiz qamrab olamiz, — deydi Kamola Nosirova. — Bu muammo ustida jiddiy ishlayapmiz va ijobiy natijani qo‘lga kiritamiz. Bundan tashqari, Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan ilgari surilayotgan boshqa maqsadlarga ham erishyapmiz. Masalan, tumandagi barcha MTTda hozirda sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga to‘liq amal qilgan holda ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bog‘chalarimizning hammasida bir xil me’yorda ovqat tayyorlanadi. Kunlik taomnoma ob-havoga moslashtirilgan holda tuziladi. Shuningdek, hozir ota-onalar talabi bilan kuzatuv kengashi qarori asosida kech soat 19:00 gacha, shanba-yakshanba kunlari ham faoliyat yuritadigan qo‘shimcha pullik guruhlar tashkil etilyapti. Bu ko‘plab ota-onalarning mushkulini oson qilmoqda. Bu kabi islohotlar natijasida yaqin yillarda har bir davlat bog‘chasidagi sharoit xususiy bog‘chalardagidek shart-sharoitga tenglasha oladi, deb ishonaman.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri