Kuzatuv kengashining vazifasi nimadan iborat?
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 52-maktabgacha ta’lim muassasasida Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2018-yil 30-sentabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida maktabgacha ta’lim muassasalarida Vasiylik kengashlari faoliyatini tugatish va ularning o‘rniga Kuzatuv kengashlarini tashkil etish vazifasi ham belgilab berilgan.
Ana shu vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ota-onalar, mahalla faollari, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi vakillari ishtirok etdi. Ota-onalarga bog‘chaning kuzatuv kengashi haqidagi umumiy qoidalar, kengashning vazifalari, kengash faoliyatini tashkil etish va tarkibini shakllantirish, kengash yig‘ilishlarini o‘tkazish, kengashning huquq va vakolatlari hamda yakuniy qoidalari haqida tushuncha berildi.
— Bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyachisi bilan ota-onalarning o‘zaro yaqinligi juda katta ahamiyatga ega, — deydi bog‘cha mudirasi Dilorom Asralova. — Shuning uchun ham muassasamizda bo‘ladigan har bir tadbir yoki yig‘ilishda ularning ishtiroki va maslahatiga alohida e’tibor qaratamiz. Yuqorida keltirilgan qarorga muvofiq, Maktabgacha ta’lim vazirligining “Maktabgacha ta’lim muassasasining Kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi. Nizomda muassasaning ustuvor vazifalarini belgilash; nomzodlar tarkibidan MTM rahbarini saylash; muassasaning maqsad va vazifalari, rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazorat olib borish Kuzatuv kengashining asosiy vazifalari etib belgilangan.
Tadbirda ota-onalar tomonidan muassasaning kuzatuv kengashi a’zolari va raisi saylandi.
B.RIZOQULOV