Kuzatuv kengashi tashkil etildi
Uchtepa tumanida joylashgan “Do‘mboqcha” nomli 411-maktabgacha ta’lim muassasasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, kuzatuv kengashi tuzildi. Muassasada kengashning 43 kishidan iborat tarkibini saylashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
— Maktabga tayyorlanadigan bola uchun qulay shart-sharoit zarur. Shu paytga qadar faqat ota-onalar bilan hamkorlik qilgan MTMga endi kuzatuv kengashi ko‘mak beradi. Kengash jamoat tashkilotlari, homiylar kuchiga tayanib, har bir guruhda, har bir tarbiyalanuvchi uchun ko‘ngildagidek sharoit yaratadi. Kengash a’zolari tarbiyalanuvchilar, ota-onalarning umumiy yig‘ilishlarini o‘tkazib, mavjud muammolarni o‘rganadi, bog‘chada pullik xizmat turlarini joriy etadi. Avval bu masalalar norasmiy tarzda, o‘zaro kelishuvga muvofiq hal qilingan bo‘lsa, endi esa kuzatuv kengashi a’zolari nizom doirasida ish ko‘radi, — dedi kengash raisi, tadbirkor Dilshoda Rustamova.
MTMda navbatdan tashqari ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilib, ularga kuzatuv kengashi faoliyati haqida axborot berildi.
— Kengash har chorakda o‘z faoliyati bo‘yicha muassasamiz rasmiy veb-saytida hisobot berib boradi. Muassasani har tomonlama rivojlantirishda kuzatuv kengashi ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi tuzilma bo‘lishiga ishonamiz. Maktabgacha ta’lim vazirligining 2018-yil 21-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizom kengash faoliyatini tartibga solishda yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur nizom 6 bob, 37 banddan iborat bo‘lib, kengash funksiyasi batafsil ko‘rsatilgan, — deydi MTM mudirasi D.Yo‘ldosheva.
MTM defektologi Zahro Nizomova barcha ota-onalarga kuzatuv kengashi so‘rovnomasini tarqatib chiqdi. Ta’lim-tarbiya jarayonini rivojlantirish bilan bog‘liq fikr-mulohazalar kuzatuv kengashiga taqdim etildi.
Nargiza BURHONOVA