O‘zbekistonda yagona ixtisoslashtirilgan bog‘cha
Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi marta aqliy va jismoniy nuqsonlari bo‘lgan bolalarni tarbiyalaydigan va reabilitatsiya qiladigan "Imkon" nomli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muassasa Prezidentimizning 2018 yil 16 avgustdagi “Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.
– Muassasaning nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin xorijiy davlatlarda ham o‘xshashi yo‘q, – deydi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin. – Bu ta’lim va reabilitatsiya muassasasi nima uchun aynan Qoraqalpog‘istonda, ya’ni Nukusda qurildi? Chunki Orolbo‘yi mintaqasida bolalar salomatligi masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018 yilning 1 yanvar holatiga 7 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar soni 2013 yilga nisbatan 17,5 foiz oshgan. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining tashabbusiga ko‘ra, Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi reabilitatsiya-ta’lim muassasasi tashkil etildi. Bu yerdagi bolalar ilgari ijtimoiy-madaniy muhitga qo‘shila olmas edi. Ko‘p tarbiyalanuvchilar hayotining asosiy qismini uy devorlari ortida o‘tkazardi. Shuningdek, biz Nukus shahrida erta aralashish tamoyilini amalga oshirishni boshlamoqdamiz. Ma’lumki, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar haqida gap ketganda, mashg‘ulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega. Korreksion-rivojlantiruvchi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida biz ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirdik. Ya’ni 2-7 yosh oralig‘i etib olindi. Maktabgacha ta’lim vazirligi reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan bu kabi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini respublikaning boshqa hududlarida qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
2018 yilning iyul oyida qurilishi boshlangan ushbu reabilitatsiya-ta’lim muassasasi qisqa muddatda foydalanishga topshirildi. Binoning qurilishi va jihozlanishi xorijiy va mahalliy investorlarning beg‘araz yordami hisobidan amalga oshirildi.
Maydoni 3447 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli binoda standart xonalardan tashqari, basseyn, davolash-jismoniy tarbiya zali, 2 ta fizioterapiya xonasi, 2 ta massaj xonasi, sensor xonasi, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy moslashish, musiqa va art-terapiya xonasi, ortoped, psixolog, pediatr, diyetolog, logoped, reabilitolog, psixonevrolog, metodist va navbatchi shifokor xonalari mavjud.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufidagi Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan mazkur davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi 120-150 nafar imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan. Muassasada mart oyidan ish boshladik, hozirgi kunda 4 ta guruhga 48 ta bola qabul qilingan. Har bir guruh 12 bolaga mo‘ljallangan, – deydi muassasa direktori Nursuluv Qudaybergenova. – Hozirgi kunda ushbu reabilitatsiya markaziga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli tibbiyot mutaxassislari tomonidan Qoraqalpog‘istonning shahar va tumanlaridan hamda Xorazm viloyatidan sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan 2,5 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Sentabr oyiga qadar muassasamiz to‘la quvvatda faoliyat yuritadi.
Markazda tashkil qilingan 4 ta guruh turli nomlarga ega bo‘lib, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalarni har tomonlama sog‘lomlashtirish va ta’lim-tarbiya berish uchun mo‘ljallangan. Ya’ni ko‘zida, eshitishida, tilida, aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maxsus uskunalar va didaktik materiallar to‘la ta’minlangan.
Reabilitatsiya markaziga tanlov asosida 70 nafar xodim ishga qabul qilingan. Qabul qilingan 36 nafar shifokor va pedagog Toshkent shahrida 10 kun davomida malaka oshirib qaytdi. Shuningdek, 9 nafar shifokor Moskva shahrida, 6 nafar pedagog Sankt-Peterburg shahrida A.I.Gersen nomidagi pedagogika institutida malaka oshirgan.
Ushbu muassasa Orolbo‘yi mintaqasining chekka hududlarida yashovchi bolalarning tunda qolishi uchun haftasiga 5 kun mobaynida tunu kun ishlaydi. Kunning birinchi yarmida tarbiyalanuvchilar maxsus pedagogika bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan tarbiyachilar bilan o‘quv dasturi bo‘yicha shug‘ullanadi, kunning ikkinchi yarimida esa shtatdagi tibbiy xodimlar nazorati ostida sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya muolajalaridan o‘tadi.
Reabilitatsiya markazining korreksion-ta’lim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajyorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostyumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, “Saundbim” tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskuna va inventarlar bilan jihozlangan. Davolash tadbirlari rivojlanishda buzilishlarni tuzatishga, tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan. Shuningdek, reabilitatsiya markazida maktab yoshidan o‘tgan, jismoniy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ham muolajalar o‘tkaziladi.
– "Imkon" maktabgacha ta’lim muassasasi mening bolam uchun haqiqiy imkon hadya etdi, – deydi nukuslik Jadra Yesenbayeva. – O‘g‘lim Alimov Bektursin ertalabdan turib oladi va bog‘chaga oshiqib, choy ichmasdan kiyimlarini kiyib oladigan bo‘ldi. Avvallari uyimiz oldiga o‘ynagani chiqsa, boshqa bolalar bolamni kamsitib o‘yinlariga qo‘shmasdi. Shundan so‘ng u g‘amgin bo‘lib, uydan chiqmay qo‘ygandi. Hozir o‘g‘limning quvonchini tasvirlab berish qiyin. Bundan biz ham baxtiyormiz. Bolam kelajakda yurib, yugurib ketaman deb, ishonch bilan aytmoqda. Har kungi mashqlar ma’lum darajada ijobiy natija berayotir. Bolam "dam olish kuni bo‘lmasin, har kuni bog‘chaga boraman" deydi. Menga shunday baxt in’om etgan Prezidentimizdan minnatdorman.
“Imkon” reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimiga yig‘ilganlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tashkilotga Prezident sovg‘asi – bitta “Neksiya” hamda ikkita “Damas” avtomobili topshirildi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohitov, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov ishtirok etdi.
Y.QANOATOV,
O‘zA muxbiri