O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilinmoqda
Daraxt osmon qadar bo‘y cho‘zib, mevasi totli va serhosil bo‘lishi uchun yerga nihol qadalgandan boshlab alohida parvarish qilinadi. Buning uchun bog‘bondan sabrli bo‘lish, har bir niholga mehr bilan qarash talab etiladi. Dunyoga hayrat bilan boqib, katta hayotga qadam qo‘yayotgan bolalarni ham niholga o‘xshatamiz. Tarbiyachilarni esa bog‘bonga mengzaymiz.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim muassasalariga alohida e’tibor qaratilayotganida ham shu maqsad mujassam. Muassasalarning faoliyati tubdan takomillashtirilib, talabga javob bermaydigan binolar o‘rniga yangisi qad rostlab, ayrimlari kapital ta’mirlanmoqda. Bog‘chalarning moddiy-texnik bazasi yangilanib, tarbiyachilar qayta o‘qitilmoqda.
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ayni paytda 53 ta maktabgacha ta’lim muassasasi bor. Shundan 23 tasi davlat tasarrufida.
Yaqinda tumandagi 369-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bu bog‘chaning boshqalaridan farqi shundaki, muassasada nafaqat sog‘lom, balki alohida parvarishga muhtoj bolalar ham tarbiyalanadi. Muassasa alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun bepul.
Ma’lumki, xayriya faoliyati shaklidagi davlat-xususiy sektor hamkorligini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Yakkasaroy tumanidagi 369-MTM ushbu hamkorlik shakliga ega bo‘lgan birinchi maktabgacha ta’lim muassasasiga aylandi.
Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi 1985-yilda qurilgan. U hozir 280 nafar bolaga mo‘ljallab kapital ta’mirlandi. Bolalar maydonchasi yangidan qurildi. Bu yerda futbol maydonchasi va yozgi suv havzasi ham o‘rin olgan. Muassasaning tomi yangilandi, binoning peshayvon qismida eshik, derazalar o‘rnatilib, (avval ochiq bo‘lgan) issiqlik tizimi o‘zgartirildi, oshxona qurib berildi. Avval bolalar guruhlarda ovqatlangan bo‘lsa, endi zamonaviy oshxonada ovqatlanadi.
Bog‘cha hududida avtomobillar, yo‘l chiroqlari va yo‘l belgilari uchun maxsus hudud tashkil etilgan. Bu yerda bolalarga yo‘l qoidalari o‘rgatiladi.
– Inklyuziv ta’lim sog‘lom bolalar uchun ham, alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun ham zarur, – deydi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. – Biz har bir bolani bag‘rikenglikka o‘rgatmoqchimiz. Bu yerda alohida parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarning ijtimoiy moslashuvi osonlashadi. Sog‘lom bolalar bilan nafaqat o‘yin maydonchasida, balki oshxonada ham uchrashib, suhbatga kirishadi.
Ayni paytda bog‘chadagi 4 guruhda 40 bolaning ro‘yxati shakllangan. 10 nafar pedagog ishlamoqda. Guruhlar sonini 15 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Maxsus guruhlarga bolalar tibbiy, psixologik, pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi. Ularni o‘qitish “Ilk qadam” davlat dasturining alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun moslashtirilgan loyihasi asosida amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim muassasasida shaxsni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Fizik-terapiya xonasi, shaxsiy va kichik guruhlar uchun mo‘ljallangan gimnaziya va nutq terapiyasi markazi mavjud. Musiqiy ta’lim dasturi esa tuzatish ritmlari bilan to‘ldiriladi. Muassasada ota-onalar uchun ham maslahat beruvchi psixolog bor.
– Har bir davlatda inklyuziv ta’lim bor, – deydi 369-MTM mudirasi Gulchehra Mahkamova. – Chunki alohida parvarishga muhtoj bolalarni sog‘lomlaridan ajratib qo‘yish kerak emas. Bu amaliyot bizda ham yo‘lga qo‘yildi. Bunday bolalar har tomonlama yetuk bo‘lishida birdamlikda harakat qilyapmiz. Bunda ularga davolovchi profilaktika ishlari olib borilmoqda. Biz urg‘uni ta’limga beryapmiz. Bolalar aqlan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lishida yakdillik bilan harakat qilyapmiz.
Binoning birinchi qavatida alohida parvarishga muhtoj 105 nafar bola joylashadi, ikkinchi qavatda 175 nafar sog‘lom bola tarbiyalanadi. Masalan, guruhdagi 15 nafar sog‘lom bola orasida 5 nafar sog‘lomlashtirilgan tengdoshi bo‘ladi. Shu tariqa yildan-yilga ular sog‘lom bolalar muhitida tahsil oladi. Bunda defektologlar va ota-onalar o‘zaro hamkorlikda ishlamoqda.
Xurshid QODIROV, O‘zA