“Mening birinchi lug‘atim” ruknida o‘nta rangli-bezakli o‘quv izohli lug‘at nashrga tayyorlandi
Bola shaxsining har tomonlama rivojlanishi, umuman, barkamol avlod tarbiyasida nutqning boy va benuqson bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bolaning nutqi bilan birga, tafakkuri ham taraqqiy etadi. Bu jarayon o‘z vaqtida to‘g‘ri tashkil etilsa, maxsus sharoit va muhit yaratilsa, bolaning har tomonlama yetuk bo‘lib o‘sishiga zamin hozirlanadi. Ko‘plab fanlarning beshigi hisoblangan Qadimgi Yunonistonda mustaqil fikrlash va o‘z fikrini erkin ifodalash antik davrdayoq san’at darajasiga ko‘tarilgan edi. Homer dostonlarida keltirilishicha, o‘sha davrlarda harbiy mutaxassislik va boshqa shu kabi ijtimoiy-siyosiy zarur sohalar qatori notiqlik san’atining maxsus boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta’lim darajasidagi maktablari mavjud bo‘lib, badavlat oilalar o‘z farzandlarini bolalik chog‘idanoq maxsus notiqlik san’ati maktablarida o‘qitardi. Yuksak darajadagi nutqiy qobiliyatga egalik har bir fuqaro uchun zaruriy ehtiyojga aylangan edi.
Bolaning ruhiy rivojlanishi — ijtimoiy moslashishi, tafakkurining o‘sishida nutq juda muhim rol o‘ynaydi. So‘zamol, nutqi ravon bolada yoshligidayoq mustaqil fikrlash, o‘rni kelganda, o‘z fikrini himoya qila olish, mulohaza yuritish qobiliyati shakllansa, nutqida nuqson bo‘lgan yoxud so‘z zaxirasi sayoz bolalarda, aksincha, tortinchoqlik, odamovilik, fikrini erkin bayon qila olmaslik kabi sifatlar rivojlanadi.
Nutqiy salohiyatni o‘stirish borasida olib borilayotgan ta’lim-tarbiya ishlari to‘g‘ri tashkil qilinayotganini bolaning kattalar tomonidan o‘qib yoki aytib berilgan jumla, so‘zlar ma’nosini anglashi, ularni amalda qo‘llay olishi, turli qiyin vaziyatlarda kattalar ko‘magisiz muammolarni hal etishga urinishi, aqliy rivojlanishi, fikrlash qobiliyatining ortishi, o‘zini-o‘zi nazorat qila olishida ko‘rish mumkin. Albatta, bu jarayon kattalar — tarbiyachi va pedagoglardan alohida ko‘nikma va mahoratni, qolaversa, maxsus zaruriy ta’limiy vositalar, qo‘llanmalarni talab etadi. Maktabgacha yoshdagi bolalarning nutqiy savodxonligini oshirishda lug‘atlarning o‘rni muhimligi jahon tajribasida to‘la isbotlangan. Lug‘atlar bilan ishlash nafaqat chet tilini o‘rgatish, balki o‘z ona tilidan mukammal foydalana olish qobiliyatini rivojlantirish, xususan, tinglab tushunish, amalda qo‘llash, o‘rnida ishlatish, o‘xshash so‘zlarni farqlash, to‘g‘ri talaffuz etish kabi kommunikativ(lingvistik, sotsiolingvistik, pragmatik) kompetensiyalarni shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Qarshi davlat universiteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasida bir necha yillardan buyon maktab o‘quvchilari uchun lug‘atlar yaratish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Kafedra a’zolarining sa’y-harakatlari bilan yigirmaga yaqin maktab lug‘atlari yaratildi va respublikadagi turli tarmoq oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari tomonidan e’tirof etildi.
Jahonning bir qancha taraqqiy etgan davlatlarida maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bo‘g‘inlar uchun leksikografiyaning maxsus lug‘atlar yaratish nazariyasi va amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi alohida o‘quv lug‘atchiligi tarmog‘i shakllangan bo‘lib, uning, ayniqsa, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun lug‘atlar ishlab chiqayotgan tarmog‘i nihoyatda jadallashgan. Dunyoning turli tillarida sohaning maxsus termin, tushuncha va ruknlari ham paydo bo‘lgan bo‘lib, bu masalaning naqadar dolzarb ekanini isbotlaydi. Masalan, ruslarda “Учебник дошкольника”, “Мой первый словарик”, inglizlarda “Сollins first school dictionary”, “Macmillian first dictionary”, “Merriam Webster’s first dictionary”, “Scholastic children’s dictionary”, “Children’s dictionary”, “Dictionary for kids”, “Learning dictionary”, xitoyliklarda “Booculchacha”, ukrainlarda “Miнi – пiдручник для дошкiльнят” ruknlari ostida son-sanoqsiz lug‘atlar yaratilgan, leksikografiyada учебный словарь, школьный словарь, первый словарь дошкольника; school dictionary, educational dictionary, children’s dictionary, dictionary for kids, learning dictionary kabi faol terminlar paydo bo‘lgan.
Yaqinda “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasida yana bir xayrli ish amalga oshirildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari, doktorant, ilmiy izlanuvchilar, magistrlar tomonidan maktabgacha yoshdagi bolalar uchun “Mening birinchi lug‘atim” ruknida o‘nta rangli-bezakli o‘quv izohli lug‘at-qo‘llanma nashrga tayyorlandi. Ular bilan tanishing:
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Olam mening nigohimda”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 1000 dan ortiq so‘z va birikma.
Muallif: B.Bahriddinova, Z.Rahmatova.
Lug‘at maktabgacha yoshdagi bola ruhiyatida o‘zini qurshab turgan olamning lisoniy manzarasi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish, tabiat hodisalari, hayvonot, o‘simliklar olami, ijtimoiy hayotdagi turli voqea-hodisalar, ommaviy axborot vositalari uzatayotgan xabarlar, kattalar o‘qib bergan yoki bevosita o‘zi o‘qiyotgan jahon va o‘zbek adabiyoti, xalq og‘zaki ijodi namunalaridagi izohtalab so‘z va jumlalarni izohlash uchun xizmat qiladi.
Lug‘atda so‘zlar alifbo tartibida joylashtirilgan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”
Nomi: “So‘zdan so‘zni farqlaymiz”
Turi: Lug‘at-qo‘llanma
Qamrovi: 100 ga yaqin so‘z
Muallif: N.Yo‘ldosheva, R.Nabiyeva
Bolalar nutqida talaffuzi va yozilishi yaqin, ammo ma’nosi boshqa-boshqa bo‘lgan so‘zlarning o‘rnini almashtirish, so‘z qo‘llash bilan bog‘liq xatolik ko‘p kuzatiladi. Lug‘at bola nutqiy faoliyatining dastlabki davrlaridayoq bunday xatoliklarga barham berish, talaffuzdosh so‘zlarni farqlash va ularni nutqda to‘g‘ri qo‘llashga o‘rgatishda muhim rol o‘ynaydi.
Lug‘atda so‘zlar alifbo tartibida izohlangan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Rangin olam”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 50 dan ortiq so‘z.
Muallif: Y.Tursunova.
Bolaning borliqdagi ranglarni tanishi, o‘zbek tilidagi mavjud rang nomlarini bilishi, rangni bildiruvchi so‘zlarni o‘z o‘rnida to‘g‘ri ishlatishi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘nikmani rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Lug‘atda rang-tusni bildiruvchi so‘zlar ranglar aylanasi tartibi bo‘yicha, rang darajalarining ortib borishiga ko‘ra joylashtirilgan. Bir rangdan ikkinchisiga o‘tish bosqichidagi oraliq ranglar va aralash rang nomlari alohida izohlangan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Kiyim-kechaklar”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 50 dan ortiq so‘z.
Muallif: M.Turdiyeva.
Bolaning o‘zi bevosita foydalanadigan, turmush tarzida mavjud bo‘lgan kiyim-kechak nomlarini bilish va ulardan nutqda to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini o‘stirishga mo‘ljallangan.
Lug‘atda kiyim nomlari o‘zaro turlarga bo‘linib, ichki alifbo tartibida izohlangan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Meva va sabzavotlar”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 50 dan ortiq so‘z.
Muallif: A.Botirova.
O‘zbek xalqining kundalik iste’mol mahsulotlari sirasiga kirgan, shuningdek, bola yashab turgan hududda yetishtiriladigan, iste’mol qilinadigan meva va sabzavot nomlarini bilish, ulardan nutqda to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
Lug‘atda meva va sabzavot nomlari guruhlarga ajratilib, ichki alifbo tartibida izohlangan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Hayvonot olami”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 100 dan ortiq so‘z.
Muallif: Xurshida Sattorzoda.
Bola istiqomat qiladigan hududda mavjud bo‘lgan va o‘zbek turmush tarzida nomi ishlatiladigan uy hayvonlari hamda yovvoyi hayvon nomlarini izohlash, bu so‘zlardan nutqda to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Lug‘atda hayvon nomlari o‘zaro turlarga bo‘linib, ichki alifbo tartibida izohlangan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Komillik sari ilk qadam”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 100 dan ortiq so‘z va birikma.
Muallif: Sh.Bobojonova.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqimizning boy ma’naviy, madaniy, tarixiy merosi, milliy qadriyatlariga sodiq, ma’naviy-axloqiy barkamol qilib tarbiyalash, ularning axloqiy sifatlarni bildiruvchi so‘zlarni bilish, ulardan nutqida o‘rinli foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Lug‘atda so‘zlar alifbo tartibida joylashtirilgan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Bayramlarimiz”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 30 dan ortiq so‘z va birikma.
Muallif: Sh.Rahimova.
Lug‘at maktabgacha yoshdagi bolada o‘zbek xalqi hayotidagi muhim sanalar — umumxalq bayramlari, kasb bayramlari, mavsumiy bayramlar, muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlar haqda tushuncha hosil qilish, uni milliy ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizga sodiq qilib tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.
Lug‘atda bayram nomlari va ular haqidagi ma’lumotlar o‘zaro turlarga bo‘linib, kalendar yili boyicha izchil tartibda berilgan.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Mening shahrim”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 50 ga yaqin so‘z va birikma.
Muallif: X.Norxo‘jayeva.
Lug‘at bolaning tug‘ilib o‘sgan joyi, uning tabiati, zamonaviy va tarixiy inshootlari, qadamjolari xususida tasavvurga ega bo‘lishi, o‘zi yashab turgan muhit, atrofidagi olam to‘g‘risida fikrini mustaqil bayon qila olish ko‘nikmasini o‘stirish, milliy ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizga sodiq qilib tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.
Lug‘at Qarshi shahri misolida tayyorlanib, so‘zlar bola yashab turgan hudud bilan bog‘liq tushunchalarning muhimlik darajasiga ko‘ra tartiblandi.
Rukn: “Mening birinchi lug‘atim”.
Nomi: “Mening oilam”.
Turi: Lug‘at-qo‘llanma.
Qamrovi: 100 ga yaqin so‘z va birikma.
Muallif: K.Rahimova.
Lug‘at bolani qurshab turgan muhit, oila a’zolari, yaqin va uzoq qarindoshlari nomlarini izohlash hamda uning nutqida shunday so‘zlardan unumli va to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini o‘stirishda muhim rol o‘ynaydi.
Lug‘atda so‘zlar alifbo tartibida joylashtirilgan.
Mazkur lug‘atlarning barchasi, asosan, 3—7 yoshli bolalar, shuningdek, MTM tarbiyachilari, ota-onalar uchun ham mo‘ljallangan bo‘lib, bolaning o‘zini qurshab turgan olam bilan muloqotga kirishishida muhim vosita bo‘la oladi.
Ma’lumki, bola, asosan, 5—7 yoshgacha bo‘lgan davrda katta tezlikda so‘z zaxirasini to‘ldiradi. Atrof-muhitni o‘rganadi, tevarakka mustaqil nazar tashlaydi, ongida olamning lisoniy manzarasi chiziladi. Yaratilgan lug‘atlar ana shu fiziologik, psixologik, intellektual jihatdan faol yoshida bolaga munosib ko‘makchi bo‘la oladi. To‘g‘ri, bu yoshdagi bolalarning barchasi ham lug‘atni birdek mustaqil o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi, ammo tarbiyachilar, ota-onalar ko‘magida rasmlar va izohlar bilan tanishtirilsa, biz ko‘zlagan maqsadga to‘la erishsa bo‘ladi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun yaratilayotgan ushbu lug‘atlarda so‘zlarni tanlash, izohlshda jahon leksikografiyasida o‘quv lug‘atlariga qo‘yilgan talablarga mos holda bolaning yoshi, ruhiyati, dunyoqarashidan kelib chiqildi. Lug‘atdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida unga qo‘shimcha topshiriqlar, savollar, testlar ilova qilindi. Bu jihatdan ularni lug‘at-qo‘llanma deb atasa ham bo‘ladi. Lug‘atlarning rangli-bezakli, ixcham va sodda bo‘lishiga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda maktabgacha yoshdagi bolalarning tafakkurini o‘stirish, nutq boyligini oshirish, muloqot madaniyatini egallashi uchun muhim lingvodidaktik vositalarni yaratish harakatlari yaqinda boshlandi. “Mening birinchi lug‘atim” ruknida nashr etilgan mazkur lug‘atlarning barchasini bir maqsad — maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqimizning boy ma’naviy, madaniy, tarixiy merosi, milliy qadriyatlariga sodiq, ma’naviy-axloqiy barkamol qilib tarbiyalash hamda so‘z zaxirasini boyitish, mustaqil fikrlash, o‘z fikrini erkin bayon qilish, to‘g‘ri va ravon gapirish ko‘nikmasini o‘stirish maqsadi birlashtiradi. Biroq bolalar uchun lug‘at yaratishning so‘zlarni tanlash, izohlash, kitobning estetik didga mos, rangli-bezakli bo‘lishi bilan bog‘liq va boshqa o‘ziga xos murakkab tomonlari bor. Oldimizda ushbu lug‘atlarni aprobatsiyadan o‘tkazish, muvofiqlashtirish, shuningdek, moliyalashtirish bilan bog‘liq qator muammolar turibdi.
Bashorat BAHRIDDINOVA, Qarshi davlat universiteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi