MTMdagi muammolar yechimi maktablar uchun ham foydali
O‘tgan davr mobaynida maktabgacha ta’lim tizimida sog‘lom va har tomonlama rivojlangan avlodni shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ammo tan olish kerakki, sohada hali hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar talaygina. Xususan, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi holati tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohada innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti.
Mamlakatda aholi sonining o‘sishi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarining haddan tashqari bandligiga olib kelmoqda. Shuningdek, MTMning o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanish darajasi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishning amaldagi tizimi bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal eta oladigan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlay olmayotgani, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimining past darajada ekani malakali kadrlarni jalb qilish imkonini bermayapti.
Ta’limdagi islohotlarning bajarilishi ko‘p jihatdan tarbiyachi pedagoglarga bog‘liq. Ammo bugungi kunda tarbiyachi pedagoglarning samarali faoliyat yuritishi va, umuman, maktabgacha ta’lim sohasini malakali, bilimli kadrlar bilan ta’minlashda qator muammolar paydo bo‘lyapti. Xususan, oylik ish haqining juda kamligi MTM tarbiyachilarining ijtimoiy mavqeyi pasayib ketishiga sabab bo‘ldi.
Buning natijasida maktab pedagoglarida ham muayyan muammolar tug‘ilmoqda. Jumladan, MTMdan maktabga kelgan bolalar talab darajasida tayyorgarlikka ega emas. Shu jihatlarni inobatga olgan holda, MTM va maktab hamkorligini yanada rivojlantirish mavjud kamchiliklarni yechishda muhim ahamiyatga ega. Tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, quyidagi kamchiliklar MTMlarning samarali faoliyatiga to‘siq bo‘lyapti:
MTMga kelgan bolalarning tayyorgarlik darajasi o‘rtasidagi sezilarli tafovut;
guruhlarda bolalar sonining ko‘pligi;
MTMlarda bola “men”i shakllantirilmay, mustaqil fikrlashi, xohishi inobatga olinmasligi;
bolaning to‘liq rivojlanishi uchun har xil maxsus o‘yinchoqlar yetarli emasligi;
kunlik taomnomaga meva-sabzavotlar, sut-qatiq, go‘sht-baliq mahsulotlarining me’yoridan kam kiritilishi;
qobiliyatli bolalar guruhlari yaratilmagani;
bolalarni kattalarning mehnati bilan tanishtirishda amaliy ekskursiyalar uyushtirilmasligi;
yod tanqisligining oldini olish maqsadida dori-darmonlar tarqatilmasligi.
Shaxsiy kuzatuvlar asosida aniqlangan natijalar asosida hududimizdagi MTMlar bilan hamkorlikni yangi bosqichda amalga oshiryapman. Buning uchun “Yo‘l xaritasi” tuzib, aniq rejalarni belgilab oldik. Natijada keyingi paytda yuqoridagi kamchiliklar qisman bartaraf etilgani kuzatildi.
Shahlo MINGBOYEVA, Chilonzor tumanidagi 168-maktab direktori o‘rinbosari