Bog‘cha — bolalarni ovutadigan maskan emas
Keyingi ikki yilda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, sohani yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, bu o‘zgarishlar bizning 471-MTMda ham o‘z aksini topyapti. Bog‘chamiz 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozir 287 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Tan olish kerak, hali ham ayrim ota-onalar bolalar bog‘chasini ular ishdaligida bolaga qarab turuvchi muassasa deb biladi. Zarurat bo‘lsagina bolani bog‘chaga berish kerak, deb hisoblaydiganlar ham talaygina. Aslida bog‘chaga borgan bola bilan uyda o‘sgan, tengqurlari bilan kam muloqotda bo‘lgan bola o‘rtasida katta farq bor. Bolakay maktabga borganida bu yaqqol bilinadi. Zero, maktabgacha ta’lim muassasasi, birinchi navbatda, bolani tartib-intizomga, o‘z vaqtida va sog‘lom ovqatlanishga, tengdoshiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga o‘rgatadi. Yosh avlodni bog‘chadanoq yaxshi tarbiyalash, bilim berish faqatgina yaratilgan sharoitlarga emas, ko‘proq kadrlar malakasiga bevosita bog‘liq. Zero, bolaning dastlabki taassurotlari, biror sohaga qiziqishi aynan tarbiyachilarning mehnati orqali kurtak otadi. Ana shu hayotiy haqiqatdan kelib chiqib, bog‘chamizdagi 11 nafar tarbiyachining malakasini oshirib borishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Ochig‘ini aytish kerak, shu kungacha malakali, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan tarbiyachilarni topish birmuncha murakkab edi. Negaki, kadr tanlashda moddiy rag‘batlantirish asosiy o‘rinda turadi. Uzoq yillar bu borada aytarli o‘zgarish bo‘lmadi va malakali kadrlarni ishga jalb qila olmadik. Prezidentimizning “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada juda katta siljish bo‘ldi. Ayni paytda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan ushbu qaror asosida tarbiyachilarga haq to‘lashning mutlaqo yangi tizimi joriy etilayotgani bolalar bog‘chalariga o‘z kasbining haqiqiy fidoyilarini jalb etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Har bir ota-ona bolasini berishdan oldin bog‘chadagi ovqatlarning miqdori va sifati bilan qiziqadi. Chunki bolaning sog‘lom o‘sishi uchun kundalik taomnomaning ahamiyati juda katta. Afsuski, bu borada ham yaqin kunlargacha ko‘pchilik ota-onalarning ko‘ngli to‘lmasdi. Bolasining ovqatlanish tartibida kamchilik bo‘lmasligi uchun ham uni bog‘chaga berishga oshiqmasdi. So‘nggi yillarda davlat maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ovqatlanish me’yorlari rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqildi. Hozir ushbu yangilangan ovqatlanish me’yorlari respublikaning barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida, xususan, bog‘chamizda ham joriy etilgan.
Surayyo SHODIYEVA