6 yoshli bola maktabga tayyormi?
Odatda, 7 yoshda har bir sog‘lom o‘g‘il-qiz maktabga boradi. Ammo ayrim ota-onalar farzandini 6 yoshdan o‘qishga berishga oshiqadi. Ayni kunda 6 yoshli bolalarning ota-onalari farzandini maktabga yuborish yoki yubormaslik haqida o‘ylayotgani ham sir emas. Ayrimlar “6 yoshli bola bilim olishga qiynaladi, hali o‘yinqaroq bo‘ladi”, desa, ayrimlar “Bir yil bo‘lsa ham oldinroq chiqsin, qiynalsa ham eplab ketadi”, deya fikrlaydi.
Xo‘sh, bu borada kimning fikri to‘g‘ri? Aslida, 6 va 7 yoshli bola o‘rtasida qanday farq bor? 6 yoshda ham bola maktab yuklamalarini qiyinchiliksiz, oson o‘zlashtirishi mumkinmi?
Yetti yosh — yetuklik yoshi
Munira QAHHOROVA, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i:
Fikrimizcha, bolani 7 yoshga kirganda maktabga berish lozim.
Bugun to‘liq 7 yoshga to‘lmagan bolalarni maktabga berishga to‘siq yo‘q, faqat bu — ularning jismonan, ruhan rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday bo‘lsa-da, ayrim ota-onalar farzandini 6 yosh, hatto 5 yoshdan ham maktabga berishga oshiqadi. Go‘yoki 7 yoshda bersa, nimadandir kechikib qoladigandek. Vaholanki, bu yoshda bola hali bolalik davridan voz kechmagan bo‘ladi. Ta’lim jarayoniga ko‘nika olmaydi, dars yuklamalari unga og‘irlik qiladi. Bunday holat ko‘p uchraydi. Balki bunga sabab ota-onaning farzandidagi noyob qobiliyatni ko‘rsatish istagidir. Unutmang, boladagi qobiliyat hech qachon yo‘qolmaydi, balki uni tezroq ko‘rsatish, shakllantirish istagi, me’yoridan ortiq yuklamalar qobiliyatli bolaning ham ruhiyatini sindirib qo‘yishi mumkin!
Bolaligidan mahrum qilmang!
Habiba ALIMOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 3-maktab o‘qituvchisi:
— Maktab — muqaddas dargoh. 1-sinfda o‘qimoqchi bo‘lgan bolada o‘ziga ishonch, qat’iyat shakllangan bo‘lishi kerak. Kattalar bilan muloqotga oson kirishishi, biror ishni mustaqil yondashuv asosida bajara olishi, zimmasidagi mas’uliyatni his qilishi uning maktab hayotiga tayyor ekanidan dalolat beradi.
Barchamizga ma’lumki, 5-6 yosh tugul 7 yoshli maktabga yaxshi tayyorlangan hamda fiziologik va ruhiy jihatdan ulg‘aygan bolada ham sentabr oyining dastlabki 2—4 haftasi juda qiyin kechadi. Bu paytda hayoti tubdan o‘zgaradi: kun tartibi, kishilar bilan o‘zaro munosabati, yangi talab va vazifalar paydo bo‘ladi. Bu yuklamalarni 5-6 yoshli bolalar o‘zlashtirishga qiynaladi, darsda tez toliqadi, immuniteti tushib, sog‘lig‘iga ham putur yetadi. Ular bog‘cha davriga qaytgisi, o‘ynab-kulgisi keladi. 30—40 daqiqa bir joyda o‘tirib bilim olishdan tez zerikadi. Uyga vazifalarni ham ishtiyoq bilan bajarmaydi. Chunki u hali bu jarayonga ma’nan, jismonan, ruhan tayyor bo‘lmaydi.
7 yoshli bolada ixtiyoriy diqqat, xotira va idrok, tafakkur, nutq, his-tuyg‘u, iroda kabi xususiyatlar rivojlangan bo‘ladi. Shu bois 7 yoshli bola 6 yoshli bolaga qaraganda bilim olish va o‘rganishga intiluvchan bo‘ladi. Shuningdek, 7 yoshli bola atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni teran anglaydi.
Bundan tashqari, ayrim ota-onalar rus tilini yaxshi o‘zlashtirib borsin degan niyatda bolasini ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarga beryapti. Ammo ular farzandi bunga tayyormi yoki yo‘qligi xususida o‘ylab ko‘rmayapti. Ustiga-ustak, ota-onalarning o‘zi ham rus tilida so‘zlashaolmaydi. Bunday o‘quvchilar darsda berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirishga qiynaladi.
Bunday yuklamalar hali ta’lim olishga tayyor bo‘lmagan bolani kundan kun toliqtiradi. Charchoqdan bola asabiy, qo‘rs va gapuqmas bo‘lib qoladi. Unda maktabga borish, dars qilishga qiziqish kamayib boradi.
Bola hali o‘yinqaroq, bilim olishga, maktabga borishga qiziqishi bo‘lmasa, bu holda uni majburlab o‘qishga berish kerak emas. Aks holda, ota-ona ham, bola ham qiynaladi.
Agar bolaning maktabga qiziqishi uyda yoki bog‘chada o‘tirishdan zerikishdan yoki chiroyli maktab kiyimlari-yu, o‘quv qurollariga ega bo‘lishdan iborat bo‘lsa, yaxshisi, bunday bolani barvaqt 1-sinfga bermay, boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga yo‘naltirish kerak. Masalan, shaxmat, shashka, til o‘rganish, mental arifmetika yoki sport to‘garagiga jalb qilish lozim.
Bo‘lg‘usi o‘quvchi maktabga tayyormi?
Shirin MAHMUDOVA, shifokor-pediatr:
— Maktabning o‘ziga yarasha tartib-qoidasi, talabi mavjud. 6-7 yoshli bolalar bu talablarga bir xil amal qiladi. O‘quv faoliyatini yaxshi o‘zlashtirish, aqliy ishchanlik, tengdoshlari bilan muloqotga kirishuvchanlik, maktab tartib-qoidalariga amal qilishga tayyor bo‘lishi
kerak. Shuningdek, bo‘lg‘usi o‘quvchining diqqati, ko‘rish qobiliyati, mantiqiy tafakkuri, kichik qo‘l motorikasi, xotirasi, matematik va fazoviy tasavvuri, og‘zaki nutqi, ilk o‘quv motivlari shakllangan bo‘lishi shart! Shakl, element, yozuvlarni xuddi o‘ziday qilib ko‘chira bilishi, o‘qib berilgan 10—12 ta so‘zni esda saqlab, takrorlashi, rasm asosida mantiqli hikoya tuza olishi, predmetlarning ko‘p yo ozligi, sonlarning katta-kichikligi, predmetlarni guruhlashtirish, umumlashtirish, taqqoslash hamda qismlardan butun yasashni bilishi lozim. Bu yuklamalarni
7 yoshga to‘lgan bola bemalol uddalaydi. Ammo 6 yoshli bola...
Agar bola berilgan rasm asosida mantiqli hikoya tuza olmasa, o‘qib berilgan so‘zlarni esida saqlab qololmasa, bu bolaning maktabga chiqqan payti o‘qish va yozishni yaxshi o‘zlashtirolmasligi, aqliy ishchanligining pasayishiga olib keladi. O‘qituvchi bergan topshiriqlarni bajarishda qiynalib tez charchab qoladi. Buning natijasida bolada kayfiyatsizlik, uyqusizlik, ishtahaning yo‘qolishi kuzatiladi. Bular vaqtida bartaraf etilmasa, jismoniy rivojlanishdagi kamchiliklar, bo‘y o‘sishining orqada qolishi, ishtahasizligi sabab kamqon, immuniteti past, kasallikka tez chalinuvchan bo‘lib qoladi.
Bola sog‘lig‘ining yomonlashuvi mashg‘ulotlarda qatnasholmaslikka, darslarni o‘z vaqtida o‘zlashtirolmaslikka olib keladi. Hatto ba’zi bolalarning maktabga moslasholmagan holatlari ham yuz beradi. Keyingi yili u bola yana 1-sinf-ga tengdoshlari qatori maktabga katta qiziqish bilan kelmasligi ham mumkin.
Bola ruhan qiynaladi
Dilorom SA’DULLAYEVA, psixolog:
— Maktabgacha yoshdagi bolaning 1-sinf o‘quvchisi bo‘lishi — 7 yoshli bola va ota-ona hayotidagi katta voqea.
Keyingi yillar davomidagi o‘zlashtirish va ilm olishga intilish aynan birinchi o‘quv yiliga bog‘liq. Bu nafaqat o‘qituvchi, balki ota-onaga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun psixologlar bolani maktga berishdan oldin ota-onasi bilan ishlash kerak, deyishadi.
1-sinf bola hayotining eng muhim davri. Ilk o‘quv kuni o‘quvchilarning ko‘pida stress holati yuzaga keladi. Bu ruhiy kechinmalarni yengish kuchli iroda(o‘ziga bo‘lgan ishonch, qat’iyat)ni talab qiladi. Agar 5-6 yoshda bo‘lsa, bu bola ruhiyati va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladi. Natijada hali o‘yinqaroq bola darsda diqqatini jamlolmay, injiq, asabiy bo‘lib qoladi. Bu uning kayfiyatiga, bilim olishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Asab tizimi tez charchaydi va toliqadi, o‘qituvchi topshiriqlarini tez bajara olmaydi. Sinfdoshlaridan doim ortda qolib yuradi. Yozuv, o‘qish, matematika, guruhiy topshiriqlarni bajarishda jiddiy qiyinchiliklar kelib chiqib, idroki yetarli darajada rivojlanmagani sabab qiynaladi. Darsdagi qoloqligi tufayli sinfdoshlari bilan tez chiqishib keta olmaydi, tafakkuri yetarli darajada rivojlanmagani sababli nutqning ayrim buzilish holatlari ham kuzatilishi mumkin.
Darslarni o‘zlashtirishda sinfdoshlaridan ortda qolayotgani ham unga ruhiy zarba bo‘ladi. Bora-bora darslarni o‘zlashtirishi, maktabga ko‘nikishi mumkin, ammo o‘quv yilining boshidagi ruhiy holat miyasida saqlanib qoladi, ozgina dilxiralikdan depressiyaga tushadigan bo‘lib qoladi.
Majburlab o‘qitish yaxshi emas
Zamira YUSUPOVA, psixonevrolog:
— Farzandining 6 yoshdan o‘quvchi bo‘lishini istagan ota-ona bolasining o‘qishga bo‘lgan rag‘bati, qiziqishi, ishtiyoqi va qobiliyatini oldindan kuzatib, tarbiyalab borishi kerak.
O‘qituvchilar esa maktabga 6 yoshli bolalarni sinchkovlik bilan imtihon qilib olishi lozim. Chunki jismonan baquvvat, o‘qish-yozishni allaqachon o‘rganib olgani bilan ko‘pchilikning yangi muhitga, maktabga ko‘nikishi juda qiyin kechadi.
Ixtiyoriy diqqat va o‘qish uchun zarur bo‘lgan miyada kechadigan ko‘plab jarayonlar, asosan, 7-8 yoshda, aqliy jihatdan o‘zib ketgan ba’zi bolalarda olti yoshda ham shakllanadi. Tibbiy va psixologik ko‘rikda ana shunday iqtidorli bolalarni saralab olish kerak.
Buning uchun bola og‘zaki savollarga javob berishi va ko‘rgazmali topshiriqlarni bajarishi lozim. Savol va topshiriqlar ularning yoshi, dunyoqarashiga mos holda tanlanadi.
Agar bolangizning o‘qishga ishtiyoqini bilmoqchi bo‘lsangiz, unga “Bozorda ikkita sumka bo‘lsa, biri o‘yinchoqlar, ikkinchisi kitob-daftarlar bilan to‘ldirilgan bo‘lsa, qaysi birini tanlarding?” degan savolni berib ko‘ring. Hech ikkilanmasdan “O‘yinchoq to‘la sumkani olardim” desa, bola hali maktabga tayyor bo‘lmaydi.
Aziz ota-onalar, agar farzandingiz endi 6 yoshga qadam qo‘ygan-u, siz uni maktabga yuborish niyatida bo‘lsangiz, yaxshilab o‘ylab ko‘ring. O‘z orzu-havasingizni deb, jigarbandingiz ruhiyatiga zarba berib qo‘ymang.
Kamola AHMEDOVA tayyorladi.