Bog‘cha emas, kelajak muammosi
Maktabgacha ta’lim vazirligi diqqatiga!
Muborak shahridagi 12-maktabgacha ta’lim tashkilotida ayni kunlarda 100 nafardan ortiq bola ta’lim-tarbiya olyapti. Ta’lim tashkiloti shahar markazida, tuman hokimligi binosining shundoqqina biqinida joylashgan. Shunday bo‘lsada, qish oylari ta’lim tashkilotining isitish tizimida tog‘dek muammolar bo‘y ko‘rsataveradi. Buning natijasida bolalar aziyat chekadi. Buni tuman mutasaddilari bilmaydi, deysizmi?
Bilishsada, ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olishadi. Yana muammolar qayerda, deng? Tuman hokimi sektorida. Shahar markazida. Ishonging kelmaydi kishi. Axir hokimbuva yo‘talsa ham bog‘chaga eshitilib turadi-ku, dersiz. Haqiqatan ham shunday. Shunday bo‘lgach, bog‘chada yana qanaqa muammo bo‘lishi mumkin, kunda bo‘lmasa, kunora sektor rahbari bog‘chaga ko‘z qirini tashlab o‘tar, deyishingiz turgan gap. Agar shunday bo‘lganida edi, muboraklik bolalar qiynalmagan bo‘lardi.
— Bog‘chamizda isitish tizimi mutlaqo ishlamaydi, — deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Lola Nafasova. — Qish oylari mashg‘ulotlarni bolalar yotoqxonasiga ko‘chiramiz. Bolalarni shu yerning o‘zida ham ovqatlantiramiz, ham mashg‘ulot olib boramiz, ham dam olishadi. Bundan boshqa choramiz yo‘q. Chunki har bir guruh uchun alohida bittadan xonani isitishga imkoniyatimiz yetmaydi. Qo‘limizdan kelgani — shu. Mana, kunlar soviy boshladi. Tez kunda issiqlikka bo‘lgan talab yanada ortadi. Har bir guruh yotoqxonasiga qo‘lbola pech o‘rnatamiz va o‘tin bilan isitamiz.
— Nega o‘tin? Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir yetkazib bermaydimi? — degan savolimizga tashkilot rahbari shunday javob qaytardi:
— Yetkazib beriladi, lekin u yaroqsiz. Yonmaydi. Aksincha cho‘g‘langan o‘tinni ham o‘chiradi. Ko‘p qismi kukun. Mana bu yil ham 6 tonna ko‘mir keltirildi. Lekin u ham yonmaydigan
xilidan.
Muassasa hovlisidagi loysuvoqlangan ko‘mir uyumini tashkilot rahbari bilan borib ko‘rdik. Haqiqatan ham u aytgandek yonmaydigan yoqilg‘i.
— Ko‘rinishidan juda yaxshi, lekin cho‘g‘lanmaydi.
— Bu ahvolda jamoangiz bilan qish mavsumini qanday o‘tkazasiz?
— Ota-onalar bilan ko‘paylashib o‘tin keltiramiz, — deydi Lola Nafasova.
Bog‘chadagi shart-sharoitlarni ko‘zdan kechira turib, shunga amin bo‘ldikki, maktabgacha ta’lim tashkilotidagi isitish tizimi uzoq yillardan buyon ishlamas ekan. Buni tarbiyachilar va ota-onalar ham tasdiqladi. Xuddi shuningdek, yoz oylarida ham muassasani shamollatish va sovitish borasida muammo bisyor. Yozning garmsel shamolida hamma derazalar ochilib, xonalar shamollatilar ekan.
Bolalar qishin-yozin tashqi hojatxonadan foydalanadi.
Mazkur muammolar xususida tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining ekspluatatsiya xizmati bo‘limi boshlig‘i Ro‘ziqul Bobomurodovga murojaat qilib, jo‘yali javob ololmadik.
— Siz ko‘tarayotgan masala kishini juda taajjubga soladigan muammo emas, — dedi Ro‘ziqul Bobomurodov. — Bu kabi muammolar bog‘cha “Obod qishloq” davlat dasturiga tushgach, hal etiladi. Ko‘p shoshilmang.
Biroq u MTTning “Obod qishloq” davlat dasturiga qachon kiritilishi haqidagi savolimizga aniq javob berolmadi.
Hademay qahraton qish eshik qoqadi. U kim kuz-qish mavsumiga tayyor yoki tayyor emasligini so‘rab o‘tirmaydi. Mavsumga tayyor bo‘lmaganlar qadim ertakdagidek sayohatchi ninachining ahvoliga tushib qolishi tayin. Bugun qilinmagan ish ertaga, albatta, salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Buni qashqadaryolik mutasaddi tashkilot rahbarlari bir o‘ylab ko‘rishsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.
O‘ktam MEYLIYEV,
“Ma’rifat” muxbiri