“Baxtli kelajak” yangi qiyofada
Yunusobod tumanidagi 156-maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirdan so‘ng zamonaviy qiyofa kasb etdi. Ushbu “Baxtli kelajak” nomli bog‘chada Toshkent shahar va tuman prokuraturasi tashabbusi bilan ta’mirlash ishlari olib borildi.
Mazkur maskanda bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular zamonaviy yumshoq mebel hamda o‘yinchoqlar bilan to‘liq ta’minlandi. Endi bu maskanda tarbiyalanuvchi bolajonlar ingliz va rus tillarini ham o‘rganishlari mumkin.
— Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida sog‘lomlashtirish va badiiy gimnastika mashg‘ulotlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi 156-MTT mudirasi Zebuniso Qodirova. — Jumladan, musiqa va raqs to‘garaklaridan tashqari bolalar sport bilan shug‘ullanishi, o‘yin tarzida chet tillarni o‘rganishi hamda boshqa rivojlantiruvchi to‘garak va seksiyalarga qatnashi mumkin. Bog‘chaning tashqi tomonida o‘yin va sport maydonchalari, ertaklar shaharchasi hamda yozgi ayvonchalar zamon talabi darajasida qurib bitkazildi. Bolalarning mantiqiy fikrlashi uchun shaxmat zonasi barpo etildi.
Yana bir e’tiborga molik jihat, muassasada innovatsion o‘quv xonasi tashkil etildi. U Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari tavsiyasiga binoan eng so‘nggi rusumdagi texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi. Qurilish-ta’mirlash ishlariga 5,7 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.
Burhon RIZOQULOV