Bog‘chaga berish zaruratga aylanmoqda
Maktabda 12 yildan buyon boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritaman. Shu davr mobaynida 4 ta 1-sinfni o‘qitdim. Ammo har safar maktabgacha ta’lim muassasasiga borgan va bormagan o‘quvchilar o‘rtasida katta farq mavjudligiga guvoh bo‘ldim.
Maktabga ilk qadam qo‘ygan bolaning tabiat, atrof-muhit, insonlar va hayvonlar, o‘simliklar, mevalar haqidagi dunyoqarashi shakllangan bo‘lishi lozim. Qolaversa, maktab talablari, sharoitiga moslashish uchun unga muayyan vaqt kerak. Bog‘chaga borgan bolalarning maktabga qiziqishi baland, u haqida tasavvuri shakllangan bo‘ladi. Bog‘chaga bormagan bolada esa bunday tasavvur bo‘lmaydi. Bilgan narsasini aytib berishga uyaladi. Bolalarning bilim va maktabga tayyorgarlik darajasida tafovut bo‘lishiga qaramay, ko‘p holatlarda bir xil ta’lim olib boriladi. Natijada mavjud farq tenglashmaydi, balki ortib boraveradi. Shuning uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan har bir bolani diqqat bilan kuzatib, u bilan individual shug‘ullanish talab etiladi, ammo ba’zan sinflarda o‘quvchi sonining ko‘pligi, o‘qituvchining bunday tarzda ishlashiga imkon bermaydi.
So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim tizimida qator yangilanishlar, islohotlar yuz bermoqda. Jumladan, bog‘cha yoshidagi barcha bolalarni MTTga qamrab olish maqsadida yangi bog‘chalar bunyod etilyapti, chekka hududlarda bog‘cha uchun badal qiymati yengillashtirilyapti, bog‘chaga qamrab olinmagan bolalar uchun qisqa muddatli guruhlar tashkil etilyapti. Nazarimda, ota-onalarga mana shu yangilik va islohotlar haqida ko‘proq ma’lumot berish maqsadga muvofiq. Zero, bugungi rivojlangan zamonda ham eskicha dunyoqarashda qotib qolgan oilalar borki, onasi uy bekasi bo‘lganidan keyin bolani bog‘chaga berishning nima keragi bor, deb o‘ylaydi. Vaholanki, dunyo o‘zgarmoqda, yurtimizda ta’lim tizimi tubdan isloh etilmoqda. Bugungi bog‘cha ishlaydigan onalar uchun shunchaki enaga vazifasini o‘tamaydi. Balki bolaga dastlabki bilim va ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Men o‘qituvchi sifatida har bir o‘quvchim bilan alohida shug‘ullanish, ular bilimidagi bo‘shliqni to‘ldirishga o‘zimni mas’ul deb hisoblayman. Ammo ota-onalar ham bu boradagi mas’uliyatini to‘la-to‘kis ado etsalar, mehnatimiz sermahsul bo‘lar edi.
Mahliyo PO‘LATOVA, Kosonsoy tumanidagi 49-maktab o‘qituvchisi