Rivojlantirishni dastlabki bo‘g‘indan boshlaymiz
Bugun mamlakatimizda har sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Buning natijasida yangi O‘zbekistonimiz yangidan yangi o‘zgarishlarga yuz tutmoqda.
Birgina, maktabgacha ta’lim sohasidagi o‘tgan 2019-yilda qilingan ishlar samarasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-yanvardagi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga yo‘llagan Murojaatnomasida o‘z aksini topdi. Jumladan, 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalarining tashkil etilishi bilimdon, dono va zukko yoshlarni tarbiyalashimizda ulkan imkoniyatlarga yo‘l ochdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil mamlakatimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi zamirida ham mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasidagi ustuvor maqsadlar belgilandi.
Bugun bu yangilanish va taraqqiyot nafasi Surxondaryo viloyatida ham o‘ziga xos, maqtansa arzigulik o‘zgarishlar, yangi qiyofalarni kashf qilmoqda. Ana shunday yangiliklardan biri viloyat markazi Termiz shahrida “Aykel” bolalar bog‘chasining ochilishidir. Er maydoni 20 sotixlik zamonaviy standartlar asosida qurilgan mazkur bog‘cha 3 qavat va 3 binodan iborat bo‘lib, muassasa 150 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan.
Muassasaning ochilish marosimida Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev, muassasa mudirasi Dilfuza Xolmanova va boshqalar so‘zga chiqib mamlakatimizda maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni rivojlantirishdan maqsad har bir soha taraqqiyotini eng boshidan boshlash g‘oyasi mujassamligi haqida so‘z yuritdi. Yosh avlodga berilgan yaxshi tarbiya, mehr va e’tibor natijasida Vatan ravnaqi yo‘lida hissa qo‘shadigan buyuk shaxslarning voyaga etishini ta’kidladi.
Bu erda bolajonlarning ma’nan etuk va jismonan sog‘lom bo‘lib rivojlanishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Jumladan, binoda sport zal, turli xil to‘garaklar uchun maxsus xonalar, logoped, pediatr hamda tibbiyot xonalari, kutubxona, ovqatlanish, musiqa va gimnastika zallari, dush va qishda issiq, yozda salqin yotoqxonalar bilan ta’minlangan. Bolajonlarga ingliz, rus va koreys tillarini o‘rgatish uchun iqtidorli pedagoglar jalb etilgan.
Bog‘cha hovlisida ixchamgina suzish havzasi, mashg‘ulot va musobaqalar uchun sport maydonchasi hamda rang-barang attraksionlar barpo etilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bu fayzli dargohda tarbiyalanadigan har bir bolajon dunyoqarashi keng, qalbi g‘ururga to‘la hamda vatanparvar o‘g‘il-qizlar bo‘lib ulg‘ayadi.