Bolani bog‘chaga joylashtirishda imtiyozlar qisqartiriladi
Ilgari ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni davlat bog‘chalariga joylashtirishda bir qator imtiyozi mavjud shaxslarning farzandlariga beriladigan imtiyozlar yuzasidan ancha noroziliklar uchrar edi. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari ham bundan dalolat beradi.
Ko‘p marotaba ta’kidlanganidek, DXA aholi dardini tinglaydi va ularni qiynab kelgan muammolarni bartaraf etishga harakat qiladi. Navbatdagi normativ-huquqiy hujjat ham aynan shunga qaratilgan.
Demak, muhokamaga qo‘yilgan loyihada bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida mavjud imtiyozlar qisqartirilmoqda.
Endilikda faqatgina ikki turdagi imtiyozlar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari hamda yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun qoldirilmoqda.
Shuningdek, faqatgina bolaning ota-onasi emas, balki yaqin qarindoshlariga ham yo‘llanma olish imkoniyati yaratilmoqda. Misol uchun, avval, bolaning bobo va buvilari nevaralari uchun ariza yuborishi mumkin emas edi.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim axborot tizimini takomillashtirish va uni Maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti bilan integratsiya qilish orqali bog‘chalardagi tarbiyalanuvchilar va bo‘sh o‘rinlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish, navbatlarni shakllantirish va ularning elektron hisobini olib borish, yo‘llanma va xabarnomalar berish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayonining aktuallashtirilganligi hamda muassasalardagi bo‘sh joylarning elektron hisobini yuritish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun elektron navbatni shakllantirish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun yo‘llanmalarni rasmiylashtirish maktabgacha ta’lim axborot tizimi tomonidan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilganligi sababli tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qaror loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan ortiqcha xarajatlarni talab etmaydi.
Loyiha muhokama uchun https://regulation.gov.uz/uz/document/19410 da joylashtirilgan.
Muhokama 23-iyulgacha davom etadi. Faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.