Karantin amal qilish davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashqi baholashdan o‘tkazish yuzasidan TAVSIYALAR
Mazkur tavsiyalarni COVID-19 infeksiyasi tarqalish havfi bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologik vaziyatda, turi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholashga nisbatan tadbiq etish maqsadga muvofiq.
Ta’lim tashkilotlarining faoliyati “COVID-19 pandemiyasi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablar” asosida yo‘lga qo‘yilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Shu munosabat bilan tashkilotlarda ta’lim-tarbiya jarayonini sanitariya-gigiyenik talablarga muvofiq belgilangan tartibda tashkil etish choralari (tashkilot hududi va barcha xonalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlatishga ruxsat berilgan dezinfeksiya vositalaridan foydalangan holda, umumiy tozalash va dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshiriladi) ko‘rilishi talab etiladi.
Shuningdek, ta’lim tashkilotlari faoliyatini baholash jarayonlarini sanitariya-epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda tashkil etish hamda bu masalaga mas’uliyat bilan yondoshish lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash jarayonini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga zid bo‘lmagan hamda vaziyatdan kelib chiqqan holda an’anaviy yoki masofaviy shaklda tashkil etish va o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
MTTlari faoliyatini an’anaviy baholashda quyidagi asosiy qoidalarga amal qilish majburiy hisoblanadi:
— Komissiyaning barcha a’zolari va komissiya qoshida tashkil etilgan ekspertlar uchun sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmatining hududiy markazlari (SEO va JSX) xodimlarini jalb qilgan holda sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi qoidalar bo‘yicha zarur tushunchalar berish.
— MTT hududiga tibbiy niqobda kirish va niqoblarni almashtirish qoidalariga amal qilish.
— Kontaktsiz salomlashishga rioya etishni ta’minlash.
— Komissiyaning barcha a’zolari va komissiya qoshida tashkil etilgan ekspertlarning tana haroratini kontaktsiz pirometrlar yordamida o‘lchash va qayd etish. Tana haroratini 37 dan yuqori bo‘lishi va yoki kasallik belgilari aniqlanganda MTT hududiga kiritmaslik.
— Komissiyaning barcha a’zolari va komissiya qoshida tashkil etilgan ekspertlarning qo‘llarini muntazam ravishda antiseptik vositalar bilan tozalanishini tashkillashtirish.
— Komissiya a’zolari va ekspertlarning tarbiyalanuvchilar va xodimlar o‘rtasidagi uzoq muddatli to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy kontaktini cheklanishiga erishish.
Maktabgacha ta’lim tashkilotida olib boriladigan ta’lim-tarbiya jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash uchun tarbiyachi-pedagoglarning o‘quv mashg‘ulotlari kuzatiladi, hujjatlar o‘rganiladi, tashkilot faoliyati kuzatiladi, pedagog va ota-onalardan ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkaziladi hamda tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasi kuzatiladi.
Quyida an’anaviy baholash jarayonida ma’lumotlarni to‘plash yuzasidan tavsiyalar berilmoqda:
Tarbiyachi-pedagoglarning o‘quv mashg‘ulotlarini kuzatish (1-ilova sifatida taqdim etiladi)
Baholash kunlarida o‘quv mashg‘ulot jarayoni belgilangan ekspertlar tomonidan kuzatiladi. Mashg‘ulot kuzatuvi tayyorlov guruh tarbiyachilarining 100 foizi, katta, o‘rta, kichik guruh tarbiyachilarining 50 foizini saylanma tarzda tanlab olingan holda amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari hujjatlarini o‘rganish (2-ilova sifatida taqdim etiladi)
Baholash kunlarida tashkilot hujjatlari belgilangan ekspertlar tomonidan attestatsiyadan o‘tayotgan ta’lim tashkilotida o‘rganiladi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini kuzatish (3-ilova sifatida taqdim etiladi)
Ta’lim tashkiloti faoliyati belgilangan ekspertlar tomonidan attestatsiyadan o‘tayotgan ta’lim tashkilotida kuzatiladi.
Pedagoglar va ota-onalar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish (4-ilova sifatida taqdim etiladi)
Ijtimoiy so‘rovnomalar barcha pedagog xodimlar hamda 20 foiz ota-onalar o‘rtasida o‘tkaziladi. So‘rovnoma ishtirokchilariga anketa savollari qog‘oz shaklida tarqatiladi va ota-onalar tomonidan mazkur anketa savolnomasini to‘ldirilgan holda ekspertlarga qaytariladi.
Tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasini aniqlash (5-ilova sifatida taqdim etiladi)
Tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasi tashqi baholashdan o‘tkazish kunlari guruhning o‘zida ekspertlar tomonidan kuzatiladi va kuzatuvga tayyorlov guruh tarbiyalanuvchilarining kamida 20 foizi qamrab olinadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini masofaviy baholashda ta’lim-tarbiya jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar (MTT hujjatlaridan tashqari)ning barchasi onlayn tarzda o‘rganiladi, kuzatiladi hamda tahlil etiladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini masofaviy baholashda Attestatsiyaning asosiy prinsiplari bo‘lgan xolislik, oshkoralik, shaffoflik va odillikni saqlab qolgan holda jarayonlarni tashkil etish va o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratish hamda jarayonlarga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Quyida masofaviy baholash jarayonida ma’lumotlarni to‘plash yuzasidan tavsiyalar berilmoqda:
Tarbiyachi-pedagoglarning o‘quv mashg‘ulotlarini kuzatish (1-ilova sifatida taqdim etiladi)
Tarbiyachi-pedagoglarning o‘quv mashg‘ulotlari onlayn kuzatish orqali (Zoom, telegram va boshqa shakllardan foydalangan holda) o‘rganiladi va tahlil qilinadi.
O‘quv mashg‘ulot jarayoni, imkoniyat bo‘lsa Zoom orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda kuzatiladi. Agar imkoniyat bo‘lmasa, tashqi baholashdan o‘tayotgan tashkilotning mas’ul xodimlari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlar videotasvirga (videokamera, telefon apparati va b. orqali) olinadi. Tasvirga olingan mashg‘ulotlar tashqi baholash komissiyasiga onlayn tarzda taqdim etiladi. Ekspertlar tarbiyachi faoliyatini videotasvirdagi mashg‘ulotlarni kuzatish orqali standart indikatorlari va ko‘rsatkichlar asosida belgilangan tartibda baholaydilar.
Masofaviy baholashda ham 100 foiz tayyorlov guruh tarbiyachilarining, 50 foiz katta, o‘rta, kichik guruh tarbiyachilarining o‘quv mashg‘ulotlari kuzatiladi.
Izoh: O‘quv mashg‘ulotlarini kuzatishda katta, o‘rta, kichik guruh tarbiyachilarini jarayonga saylanma ravishda jalb qilish tashqi baholash komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti hujjatlarini o‘rganish (2-ilova sifatida taqdim etiladi)
Tashkilot hujjatlarini onlayn tarzda o‘rganishda o‘ziga xos qiyinchilik va muammolar mavjud bo‘lgani uchun talab etiladigan hujjatlarning barchasi tuman (shahar) MTB mudiri, komissiya raisiga vaqtinchalik taqdim etiladi va o‘z navbatida komissiya raisi taqdim etilgan videotasvirlarni belgilangan ekspertlarlarga o‘rganish va baholash uchun beradi.
Tashkilot hujjatlari belgilangan ekspert (eng ko‘pi 2 nafar)lar tomonidan belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalari hamda talablariga amal qilgan holda o‘rganib chiqiladi, shuningdek, standart indikatorlarining ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini kuzatish (3-ilova sifatida taqdim etiladi)
Ta’lim tashkiloti faoliyati belgilangan indikator ko‘rsatkichlari bo‘yicha tashkilotning mas’ul xodimi tomonidan videotasvirga (videokamera, telefon apparati va boshqalar orqali) olinadi. Olingan videotasvirlar tashqi baholash komissiyasiga onlayn tarzda taqdim qilinadi. Tashkilot faoliyati ekspertlar tomonidan videotasvirdagi ma’lumotlarni kuzatish orqali o‘rganiladi hamda standart indikatorlarining ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
Pedagog xodimlar va ota-onalar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish (4-ilova sifatida taqdim etiladi)
Tashkilotning mas’ul xodimlari tomonidan anketa savollari ishtirokchilarga qog‘oz shaklida tarqatiladi, javoblari esa odatdagidek, yozma shaklda qabul qilib olinadi. Bundan tashqari ijtimoiy so‘rovnomalar onlayn tarzda (google forms, telegramm va boshqa resurslardan foydalangan holda) o‘tkazilishi ham mumkin.
Ijtimoiy so‘rovnomaga barcha pedagog xodimlar qamrab olinadi, ota-onalarning esa kamida 20 foizi jalb qilinadi, natijalari standart indikatorlari bo‘yicha baholanadi.
Pedagog xodimlarning rahbar faoliyatiga, ota-onalarning esa ta’lim-tarbiya jarayoniga bo‘lgan munosabatlarida xolislik hamda haqqoniylikni ta’minlash maqsadida Tashqi baholash komissiyasi belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga amal qilgan holda anketa savollariga berilgan javoblarni qabul qilib olishda o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vositalardan foydalanishlari mumkin.
Tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasini aniqlash (5-ilova sifatida taqdim etiladi)
Tashqi baholashda o‘quv faoliyat jarayonlarini Zoom dasturi yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda kuzatuvga olingan tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasini aniqlash mumkin bo‘ladi.
Bunday imkoniyatlar mavjud bo‘lmagan holatlarda esa o‘quv faoliyat tashkilotning mas’ul xodimlari tomonidan videotasvirga (videokamera, telefon apparati va b. orqali) olinadi (bunda aynan kuzatuvga olingan bolalarning faoliyati videotasvirda yaqqol namoyon bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi).
Ta’lim tashkiloti tomonidan videotasvirlar Tashqi baholash komissiyasi raisiga (tuman (shahar) MTB mudiri), onlayn tarzda taqdim etiladi va o‘z navbatida komissiya raisi taqdim etilgan videotasvirlarni belgilangan ekspertlarlarga o‘rganish va baholash uchun beradi.. Ekspertlar tomonidan videotasvirlar orqali kuzatuvga olingan tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasi Davlat talablari asosida belgilangan indikatorlar bo‘yicha kuzatiladi hamda bolalarning rivojlanishidagi yutuqlari aniqlanadi. Shuningdek, kuzatuv natijalari bolalarning rivojlanish xaritasidagi ko‘rsatkichlarga taqqoslanadi. Qiyosiy tahlillarga tayangan holda o‘rtadagi farqdan kelib chiqib, pedagog xodimlar faoliyatiga baho beriladi.
Tashqi baholashda bolalarning rivojlanish darajasini kuzatish uchun tayyorlov guruh tarbiyalanuvchilarining 20 foizi qamrab olinadi.
Izoh: Baholash jarayonida kuzatuvga olingan tarbiyalanuvchilarning rivojlanish xaritalari ta’lim tashkiloti tomonidan o‘rganish uchun vaqtinchalik taqdim etilgan hujjatlar orasidan ajratib olinadi.
Ta’lim inspeksiyasining Maktabgacha ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘limi