Bog‘cha qurilishida 235 million so‘mlik amalda bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilganligi aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirobod tumani bo‘limi tomonidan Prezidentimizning 2018-yil 23-maydagi “Budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi 141-maktabgacha ta’lim tashkilotida (MTT) tekshiruv o‘tkazildi.
Qurilish-ta’mirlash ishlari yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, MTTda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun “Global construction” MCHJ va Mirobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi o‘rtasida 2019-yil 12-yanvarda tuzilgan 21-sonli shartnomaga asosan 449 578 500 so‘m, 2019-yil 5-martda tuzilgan 12-sonli shartnomaga asosan 264 100 091 so‘m, 2019-yil 25-iyuldagi 14-sonli shartnomaga asosan 268 523 519 so‘m, 2019-yil 29-sentabrdagi 2-sonli shartnomaga (sana va shartnoma raqamlari o‘zgartirilgan) asosan 689 317 814 so‘m, jami 1 671 471 006 so‘m miqdorida pul mablag‘lari Mirobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, “Global construction” MCHJ hisob raqamiga qurilish ishlarini amalga oshirish uchun o‘tkazib berilgan. Ammo 141-MTT amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha nazorat o‘lchovidan o‘tkazilganida, “Global construction” MCHJ tomonidan 235 million so‘mlik amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozib, ushbu rasmiy hujjatlarni to‘lovga taqdim qilish orqali davlat budjeti mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Mirobod tumani bo‘limi tomonidan “Global construction” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sodiq Oripov (ism-familiya o‘zgartirilgan) va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jur’at BOBOJONOV,
Departamentning Mirobod tuman bo‘limi surishtiruvchisi,
Mars SULTONOV,
bo‘lim inspektori