“Harbiylar jasoratidan ibrat olamiz!”
Uchtepa tumanidagi 20-MTTda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir mehmonlari Toshkent shahar faxriylar kengashi a’zosi Sherzod Usmonov, Uchtepa tumani faxriylar kengashi raisi Viktor A’zamov jajji bolajonlarning quvnoq raqslari, she’ru qo‘shiqlaridan bahra olishdi.
Tadbirni tashkilot rahbari Nilufar Isaqova ochib berdi. So‘ng ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining tayyorlagan bayram sahnalari namoyish etildi. O‘g‘il-qizlarning harbiy kuy-qo‘shiqlar sadosi ostidagi chiqishlari bolalar qalbida Ona Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat va faxr hissini uyg‘otishga turtki bo‘ldi.
— 1991-yil 6-sentabr kuni mamlakatimizda Mudofaa vazirligi tashkil etilgan, — deydi tadbir mehmoni Viktor A’zamov. — Davlatimiz rahbarining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq respublika hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan. Ana shu tarixiy kun — 14-yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Tinchlik va osoyishtaligimiz posbonlarining bayramlari bog‘cha yoshidagi bolalar orasida ham bayram tadbirlari bilan nishonlanayotgani bizni quvontirdi. Zero, kelajak avlodga jasoratni, Vatan himoyasiga bel bog‘lashni eng quyi ta’lim bosqichidanoq boshlashning ahamiyati katta.
Burhon Rizoqulov