BUYUKLIKKA ELTUVCHI YO‘L
Tarixga nazar solsak, ajdodlarimizda kitob o‘qishga mehr juda baland bo‘lgan. O‘qishni biladiganlar bilmaydiganlarga kitob o‘qib bergan, g‘azallar yodlaganlar. Navoiyxonlik, bedilxonlik, mashrabxonlik singari adabiy o‘qishlar muntazam o‘tkazib turilgan. Bu an'ana jadidlar tomonidan, ayniqsa, yuksak maqomda davom ettirilgan. Xususan, Toshkentdagi “Beklar begi” madrasasida o‘tkazilgan oqshomlar, Xadrada ochilgan kitob do‘koni, Saidnosir Mirjalilovning “Turkiston” shirkatida Cho‘lpon va boshqa shoirlar to‘planib, ijodiy gurunglar o‘tkazishgan.
Umuman, ilm sohasida jadid bobolarimizning xizmati mislsiz bo‘lgan.
Ularning xalq ma’rifati uchun kurash dasturi uch asosiy yo‘nalishdan iborat edi:
1. Yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish.
2. Umidli, iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish.
3. Turli ma’rifiy jamiyatlar tuzish hamda ziyolilarning kuchli firqasini tashkil etishga qaratilgan gazetalarni chop etish.
Shu dasturni amalga oshirish borasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqa ziyolilar jonbozlik ko‘rsatgan.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkiya, Arabiston, Germaniyada savodini chiqargan ma’rifatchilar kamida olti tilni bilgan. Chet elda o‘qib, malaka oshirgan jadidlar hayotni tubdan o‘zgartirish, dorilomon kunlarni ko‘rish maqsadida harakat qilganlar.
Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur. Hozirgi kunda jamiyatimiz tinch, jadid bobolarimiz azaldan niyat qilgan dorilomon kunlarni ko‘rish bugun bizga nasib etib turibdi. Biz rivojlangan, zamonaviy texnologiyalar asosida tahsil olyapmiz. Ularning orzularini ro‘yobga chiqaryapmiz. Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlar samaradorligiga erishmoq uchun birinchi galda pedagog muallimlar zimmasiga juda katta vazifalar yuklatiladi. Bugungi o‘qituvchi shiddat bilan o‘zgarayotgan, axborot manbalari to‘lib-toshgan zamonga munosib bo‘lmog‘i lozim.
Inson kapitalini rivojlantirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish uchun birinchi galda maktablarda o‘qish, o‘qitish sifatini oshirish zarur. Buning uchun esa, eng avvalo, muallimning o‘zi o‘z faninini puxta bilishi, yuksak pedagogik mahoratga, yangi metodikalarni ishlab chiqish va undan samarali foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lmog‘i darkor.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugunning shiddatli nafasi har kun, har lahza izlash, izlanish, yangilik yaratishni talab qiladi. Shundagina turmushimizda, hayotimizda go‘zal o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, mumtoz yutuqlarga erishamiz. Izlanish, topish va yaratishni har birimiz o‘zimizga muqaddas shior qilib, qidirishda bardavom bo‘lishimiz zarurligini har bir o‘qituvchi-murabbiy qalban his etmog‘i lozim.
Shuning uchun ham Prezidentimiz tomonidan jadidchilik harakati namoyandalarining mustaqilligimiz yo‘lida qilgan ibratli ishlarini o‘quvchilar orasida keng targ‘ib etish masalasi eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
O‘rni kelganda bugun ancha-muncha bahslarga sabab bo‘layotgan bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ya’ni ayrim o‘qituvchilar bolaning o‘qishga ishtiyoqi sustligida ota-onalarni farzandlariga beparvolikda ayblashsa, ba’zi ota-onalar o‘qituvchilarning saviyasi pastligi va muomala madaniyatidan shikoyat qilishadi. Bu nuqtada, xalqimizning “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan qadimgi maqolini eslash o‘rinli. Yaxlit olganda esa maktab va bola tarbiyasi azal-azaldan sira oson bo‘lgan emas va hamma zamonlarda ham ko‘pchilikni o‘ylantirib kelgan. O‘quvchilarni darsga qiziqtirish esa, avvalambor, o‘qituvchilarning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa hisoblanadi. O‘qituvchi sinfda o‘tirgan bolaning diqqat-e’tiborini o‘ziga, o‘zi ta’lim berayotgan fanga qiziqtira bilishi zarur. Ayniqsa axborot manbalari to‘polonchi – toshqin daryo misoli to‘lib-toshib yotgan hozirgi davrda o‘z ustida ishlamagan muallimning bilimsizligi darrov oshkor bo‘lib qolishi hech gap emas.
Tafakkur salohiyati baland o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan hayotiy mavzularda tez-tez suhbatlashib turadilar. Natijada, bunday maktablarda ayrim ilm dargohlarida uchrab turadigan bola va maktab o‘rtasidagi nomutanosiblik holatlari bo‘lmaydi. Ya’ni, o‘quvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasidagi ko‘z ilg‘amas to‘siq olib tashlanadi, o‘quvchi ruhiyatidagi tortinchoqlik, cho‘chish o‘rnini ishonch, qiziqish, samimiyat egallaydi.
Yana bir og‘riqli nuqta – ko‘p bor tilga olinayotgan xom-xatala darsliklar masalasidir. Darslik bamisoli o‘quvchiga bilim beradigan musaffo buloq. Buloqning suvi tiniq bo‘lmasa, loyqa bo‘lsa, undan suv ichganlarning holi ne kechadi? Prezidentimiz Murojaatnomasida mazkur og‘riqli muammoga alohida e’tibor qaratilgani barcha muallimlar qatori meni ham behad xursand qildi.
Buyuklikka eltuvchi yagona yo‘l hamma zamonlarda ilm bo‘lgani barchaga ayon bo‘lgan juda oddiy haqiqatdir. Barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi, degan ezgu da’vatga amal qilsak, shubhasiz, har tomonlama yetuk va barkamol avlod voyaga yetishiga muvaffaq bo‘lamiz.
Munira RAMAZONOVA,
shoira,
O‘zbekiston yozuvchilar
uyushmasi a’zosi,
Chilonzor tumanidagi
90-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi