Biz sizlarni qadrlaymiz va xotirlaymiz
Inson qadri ulug‘langan yurtda yoshi ulug‘lar ehtiromda bo‘ladi . Shukrki, nasibamiz bor ekan, mustaqillik ne’matidan bahramand bo‘lib yashayapmiz. Davlatimiz tomonidan urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilganlarga, urushda halok bo‘lganlarning oilalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Bu ham bo‘lsa qadrning muqaddasligi, xotira abadiyligidir. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muassasamizda “Biz sizlarni qadrlaymiz va xotirlaymiz” mavzusida tadbir uyushtirildi. Tadbirda sahnalashtirilgan chiqishlarda mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar inson hamda uning manfaatlariga qaratilgani namoyon etildi. Ta'kidlandiki, urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan. Shundan 1,5 millionga yaqin odam urushda qatnashgan. O‘sha vaqtda yurtimiz aholisining yarmini bolalar va keksalar tashkil qilgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, qurol ko‘tarishga qodir bo‘lgan yurtdoshlarimizning taxminan 70-80 foizi bu beshafqat urushda bevosita ishtirok etgan.
Yunusobod tumanidagi 191-DMTT 1-guruh bolajonlar tomonidan kuylangan ashula va she’riy dasturlar kun kayfiyatini bag‘ishladi. Zero, insonga umr bir marta beriladi. Ana shu umr davomida odamzod yaxshi yashashga, hayotdan zavqlanishga, qadrlanishga haqlidir.
Binobarin, ushbu sanani nishonlar ekanmiz, bu kunning naqadar chuqur ma'no va mazmunga egaligini hayotning o‘zi tasdiqlamoqda. Prezidentimiz aytganidek: “Xotira, xotirlash haqida gapirar ekanmiz, bu tushunchani qadrlash tushunchasidan ajratib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, bu yorug‘ kunlarga nima hisobidan erishganimizni, bu yo‘lda qanday og‘ir kurashlar, azob-uqubat va yo‘qotishlar bo‘lganini, qanchadan-qancha odamlar urush maydonlarida aziz jonini qurbon qilganini anglamasak, tushunmasak, bugungi kunimizni, musaffo osmonimizni, tinch va osuda hayotimizni anglash, uning qadriga yetish qiyin bo‘ladi”.
Dilorom INAGOMOVA,
Yunusobod tumanidagi 191-DMTT 1-guruh tarbiyachisi