Frabel fenomeni
Frabel fenomeni
Mamlakatimizda o‘sib borayotgan avlodni sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, ta’lim-tarbiya jarayonining innovatsion shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda yurtimizda zamonaviy, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan davlat hamda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortib borayotgani ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tiborning yuksak namunasidir.
Birgina Surxondaryo viloyatida 2021-yil ma’lumotlariga ko‘ra 122065 nafar tarbiyalanuvchi 1648 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya olmoqda. Ulardan 382 tasi davlat, 1266 tasi esa oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sanaladi. Barcha turdagi MTTlarida ta’lim-tarbiya jarayonlari zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida malakali kadrlar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Dastlab bolalarni jamoaviy o‘qitish ishlari Yevropada paydo bo‘lgan. Shotlandiyalik sotsiolog Robert Ouen 1803-yili bolalar uchun muassasa yaratishga urinishni boshlagan. Muassasa 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bog‘cha, 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maktab hamda bolalar maydonchasidan iborat bo‘lgan. 1805-yili taniqli nemis pedagogi Fridrix Frabel bu muassasani “Bolalar bog‘chasi” deya ta’riflagan. U “Bolalar — bu Xudoning o‘simliklari, gullari, bog‘bon sifatida o‘qituvchining asosiy vazifasi ularni alohida mehr bilan o‘stirishdir. Shuning uchun bolalar bilan ta’lim ishlarini olib boradigan muassasaning nomi “Bolalar bog‘chasi” deb atalishi lozim”, degan edi.
Frabel kasbiy faoliyatini bolaning ruhiyatiga, uning iqtidorini tabiiy ravishda rivojlantirishga qaratdi. O‘z sa’y-harakatlari bilan bolalar bog‘chasi tashkil qildi. Bunday bog‘chaga kambag‘al oilalarning farzandlari ham borishlari mumkin edi. Bolalar kuniga uch marta ovqatlanar, turli rivojlantiruvchi faoliyatlar bilan shug‘ullanishardi. Ammo bog‘cha uchun belgilangan to‘lov muassasa xarajatlarini qoplamasdi. Frabel qo‘l ostidagilarining maosh va kunlik xarajatlariga o‘z cho‘ntagidan pul sarflardi. Afsuski, ikki yildan so‘ng bu bog‘cha kasodga uchrab yopildi. Ammo bolalar bog‘chasi haqidagi mishmishlar butun dunyoga tarqaldi va maktabgacha ta’limga ixtisoslashgan yangi bolalar bog‘chalari Yevropaning turli yerlarida tashkil etila boshladi.
Maktabgacha ta’limning barcha qismlarini(ta’lim-tarbiya, oziq-ovqat, turli sayrlar, kasbga yo‘naltirish) o‘zida jamlagan, mukammal bolalar bog‘chasi 1844-yili Rossiyaning Semigradskoye va Peterburg shaharlarida tashkil etildi. O‘sha paytda bunday muassasalar juda qimmatga tushar, faqatgina moliyaviy imkoniyatlari katta kishilargina ularni sotib olishlari mumkin edi. Ushbu bog‘chalarga 3 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinar, ular bilan tajribali o‘qituvchilar ishlar edi. Ular o‘yin texnikasi orqali boladagi qiziqish va qobiliyatni yuzaga chiqarar, ta’lim-tarbiya jarayonini amalga oshirardi. O‘sha davrda ilk bora A.Simanovich tomonidan “Bolalar bog‘chasi” jurnali nashr etildi. Oradan yigirma ikki yil o‘tib 1866-yili birinchi to‘liq bepul bolalar bog‘chasi xayriya tashkiloti qoshida ochildi. U yerda bolalarga rasm chizish, macrame(qo‘lda yasash texnikasi) ibodat va boshqalar o‘rgatilgan. Asta-sekinlik bilan aholi qatlamiga mos keluvchi bolalar bog‘chalari rivojlana bordi.
O‘zbekistonda 1891-yili “Bog‘-
dorchilik” jamiyati tomonidan Toshkent istirohat bog‘ida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun “Bolalar maydonchasi” ko‘rinishidagi birinchi bolalar bog‘chasi ochilgan. Bolalar bog‘chasi uchun istirohat bog‘i hududidan sersoya joy ajratilib, u yerda arg‘imchoqlar o‘rnatilgan, turli o‘yinchoqlar tayyorlangan. Bundan tashqari, maydonda katta gulzor tashkil etilib, bolalar o‘simliklarni parvarish qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ammo 1891–1903-yillar mobaynida mablag‘ taqchilligi sabab bog‘cha bir necha marta yopilgan. 1896-yili Turkistonda vasiylar kengashi kambag‘al aholi bolalari uchun “yasli” deb ataladigan muassasalarni tuza boshladi. Yasli ishlarini nazoratchi-uslubchi ayol boshqargan, shuningdek, xizmatchi xodimlar ham bo‘lgan. Bu muassasalarda bolalarga o‘qish, yozish, sanash bilan bir qatorda talay hunarlar ham o‘rgatilgan. Biroq butun o‘lka bo‘ylab shunday yaslilardagi bolalar soni 50–60 nafardan oshmagan. Ammo bugunga kelib maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning ilk bo‘g‘ini sifatida qaralmoqda. Shu bois maktabgacha ta’limga jalb qilinayotgan bolalar soni ortib bormoqda. Bu esa ota-onalar farzandlari go‘daklik davridanoq ilk ta’lim-tarbiya saboqlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olishiga bo‘lgan xohish va talablarining oshib borayotganligidan dalolatdir. Zero, ertangi kun daholari bugungi kun ta’limining natijasi bo‘lishi muqarrar.
Mehrinoz SAYDULLAYEVA,
Termiz davlat universitetining
2-bosqich magistranti