“O‘zimiz namuna bo‘lishga intilyapmiz”
“O‘zimiz namuna bo‘lishga intilyapmiz”
Hayotdan zavq olishning eng yaxshi yo‘li halol mehnat bilan saodatga erishmoqdir. Odatiy mehnatga ko‘nikib sabr bilan yashamoq esa hayot qonuni.
Maktabgacha ta’lim bola hayotida eng muhim bosqich ekanligini har birimiz yaxshi anglaymiz. Chunki farzandlarimiz bizning kelajak taqdirimiz. Ularning aqliy kamoloti va axloqiy barkamolligi biz ustozlarning eng oliy maqsadimiz. O‘z ishini yaxshi ko‘radigan har bir mutaxassis hunarmandga o‘xshaydi.
Uning ishi xayol surish bilan bitmaydi, doimiy harakatda bo‘lmog‘i zarur.
Viloyatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olib borilayotgan salmoqli ishlar, albatta, jajji bolajonlarimiz porloq kelajagiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasida o‘zimiz namuna bo‘lishga
intilyapmiz, qo‘limizdan kelmagan ishlarda esa yaxshilar ko‘magiga tayanyapmiz.
Faoliyatimizni rivojlantirish, jumladan, ta’lim muassasalarida bolalar qamrovini oshirishga alohida e’tibor qaratdik. O‘tgan 2021-yil boshida 3–6 yoshli kichkintoylar soni 117 ming 365 nafar bo‘lib, ulardan 76 ming 253 nafari 990 ta MTTga qamrab olinishi natijasida qamrov darajasi 65 foizni tashkil etdi. Shuningdek, sohadagi islohotlar natijasida 15 ta davlat MTT, 6 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi va 307 ta oilaviy nodavlat bog‘chalari tashkil etildi. Quvonganimiz, 9651 nafar bolalar ta’lim dargohlariga jalb etilib, qamrov darajamiz 75 foizga ko‘tarildi. Shuningdek, mental arifmetika to‘garagini ham muntazam tashkil etishga erishdik.
MTTda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning bilimini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish bo‘yicha ham ilg‘or bo‘lish uchun izlanyapmiz. Xodimlarimiz o‘rtasida “Bilimdon” intellektual o‘yini tashkil etilib, har oyda bilimi, pedagogik mahoratini sayqallab bormoqdamiz. Zero, tarbiya va ta’lim poydevori bo‘lmish maktabgacha ta’lim maskanlarida ertamiz egalari kamolga yetmoqda.
Feruza SOLIYEVA,
Jizzax viloyati maktabgacha ta’lim
boshqarmasi boshlig‘i