Savolni javobsiz qoldirmang!
Savolni javobsiz qoldirmang !
H а r tomonlama yetuk , barkamol va tashabbuskor shaxsni tarbiyalash — hozirgi ta ’ lim tizimi oldidagi dolzarb masalalardan . Bola dunyoga kelganidan to maktabgacha tarbiya yoshigacha bo‘lgan davr muhim ahamiyatga ega. Xo‘sh, maktabgacha yosh davrida bolalarning psixologik xususiyatlari qanday bo‘ladi?
Ma’lumki, bolalar bog‘cha yoshidan faol mashg‘ulotlarga kirisha boshlaydi. Bu yoshda ular sodda va elementar ishlar bajarsa ham, bu ularning psixikasida juda muhimdir. Shuningdek, ularda mehnatga nisbatan ijobiy munosabatlar, aniqroq aytganda, mehnat qilish ishtiyoqi tug‘iladi. Kattalarning mehnat faoliyatiga taqlid qilish dastavval bolalarning o‘yinlarida namoyon bo‘ladi. Taqlidan takrorlash bilan cheklanib qolmay, balki kattalar mehnatida bevosita qatnashishga ham harakat qila boshlaydi. Masalan, qiz bolalar onalari kir yuvayotganda suv tashish, dastro‘molchalarni chayish yoki uy va hovlilarni yig‘ishtirib supurishga, xamir qorishda yordam bermoqchi bo‘ladi. O‘g‘il bolalar esa otasi bajarayotgan ishda qatnashishga uruna boshlaydi. Bolalarning ishiga ijobiy baho berish, ularda mehnatga nisbatan qiziqishni oshiradi. Onalar bolaning xatolarini darrov aytmasdan uni birgalikda tuzatishi, qo‘lingdan kelmagan ishga burningni suqma, deb dakki berishga shoshilmasligi kerak. Ba’zida bolani o‘z holiga qo‘yish — uning mustaqil bo‘lishiga yordam beradi.
Bog‘cha yoshidagi bolalar turli sohalarga doir savollarni ko‘p beradi. Bu ularning tafakkuri shakllanayotganidan darakdir. Shuning uchun bolalarning savollariga doimo ahamiyat bilan qarash va o‘z vaqtida, to‘g‘ri javob berishga harakat qilish lozim. U savoliga javob topa olmasa yoki ahamiyatsiz qoldirilsa qiziquvchanlik, sinchkovlik susaya boshlaydi. Ular atrofidagi turli narsa va hodisalarning mohiyati, paydo bo‘lishi kabi bog‘lanishlariga qiziqadilar, hamma narsaning siridan xabardor bo‘lgisi keladi. Bu esa ularning bilish jarayoni bilan bog‘liq intellektual qiziqishlardir.
Demak, inson rivojlanishining har bir davri o‘ziga xos o‘ringa ega. Ular orasida maktabgacha yosh davrining tengsiz o‘rni bor.
Gulsanam BOTIROVA,
Samarqand davlat chet tillar
instituti talabasi