Vatanga bo‘lgan muhabbat ona tilini sevmasdan bo‘lmaydi
Vatanga bo‘lgan muhabbat ona tilini sevmasdan bo‘lmaydi
Insoniylik martabasining asosiy bezagi, millat ma’naviyatining so‘nmas mash’ali, taraqqiyot omili til hisoblanadi. Inson jamiki fikr-munosabatlari, his-tuyg‘u, kechinmalarini til orqali namoyon qiladi. Shu boisdan til jamiyatning asosiy aloqa-aralashuv vositasi, ruhiy-ma’naviy takomil mezoni sanaladi.
Har qanday til so‘zlardan tarkib topadi, so‘zlar orqaligina harakatlanadi, yashaydi, qadru qimmat kasb etadi. Shuning uchun ham so‘z tilning eng muhim tayanchi, boyligi, asosiy manbasi hisoblanadi. Bu ikki tushuncha bir-biri bilan shu qadar qattiq bog‘lanib, uyg‘unlashib ketganki, aksar hollarda so‘z deganda til, til deganda so‘z ham tushunilib ketaveradi. So‘zni anglash va qadrlash o‘z tilini anglash va qadrlash bilan barobardir. Bu borada ulug‘ mutafakkirlarimiz ham o‘zlarining qimmatli mulohaza va tavsiyalarini ilgari surishadi, milliy tilni asrvab-avaylash, kelgusi avlodga sofligini saqlagan holda yetkazishni uqtirishadi. Jumladan, jadid ma’rifatparvarlarining yetakchi namoyandasi Abdulla Avloniyning quyidagi kuyunchak fikrlari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘la oladi: “Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona tili va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yo‘qotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”.
Darhaqiqat, milliy til taraqqiyoti yoki aksincha, tanazzuli shu millat vakillarining o‘z ona tiliga bo‘lgan munosabati, hurmatiga chambarchas bog‘liqdir. Har bir millat vakili qayerda tug‘ilmasin va yashamasin, avvalo, o‘zining ajdodlaridan meros bo‘lib kelayotgan ona tilini muqaddas bilish, uni yot tillardagi so‘zlar bilan qorishtirib tashlamasdan, sofligini saqlash uchun asosiy mas’uldir.
Milliy tilni qadrlash va avaylash borasida millatning mutafakkir siymolari, so‘z ijodkorlari harchand uqtirishmasin, tushuntirishmasin, har qanday davr va jamiyatda o‘z ona tiliga nisbatan sovuq va qo‘pol munosabatda bo‘lib, unga chet so‘zlarni aralashtirib gapirishni, yoki yarim-yorti ishlatishni xush ko‘radigan, ushbu ma’naviyatsizlikni “zamonaviylik”, “oliftalik” bilan o‘lchaydigan insonlarni ham ko‘plab kuzatish mumkin. Bu hol, ayniqsa, bugungi ilm-fan, texnika jadal suratlar bilan rivojlanayotgan, globallashgan davrda yanada keng quloch yoyib bormoqdaki, milliy tilni har tomondan qo‘riqchi askardek qo‘riqlash, bu boradagi huquqiy asoslarni tobora kuchaytirish taqozo etilmoqda.
Xususan, bugungi jamiyatimizda oddiy so‘zlashuv nutqida o‘z milliy tiliga nisbatan bepisandlik, ona tili me’yorlarini buzib ifodalashdan faxr tuyayotgan yoshu kattani birdek uchratishimiz nihoyatda achinarli holdir. Bu kemtiklik oiladagi kichik munosabatlardan boshlab ta’lim muassasasidagi muhitgacha, ijtimoiy jarayonlardagi turli aloqa-aralashuvlargacha bevosita birdek daxldorlik qilmoqda.
Masalan, ayni zamonda aksar oilalar farzandini chet tilga, xususan, rus tiliga ixtisoslashgan maktablarda o‘qitishni afzal ko‘rishi oqibatida uyda ham o‘z milliy tiliga chet til so‘zlarini qorishtirib ishlatishni odatga aylantirib bormoqda. Eng muhimi esa, hali ona tilida to‘liq tafakkur qila olmaydigan, hayot ostonasiga endi qadam qo‘yib kelayotgan yosh avlodning nafaqat so‘z boyligida, balki ma’naviy olamida ham murakabbliklar, qorishiqlar, ziddiyatlar vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Zotan, ta’lim muasssasida o‘qitiladigan asosiy til adabiy-ma’rifiy manbalar orqali shakllantiriladi va boyitiladi. Bola ilk tahsildayoq o‘zga millatga mansub adabiyot namunalaridan bahramand bo‘lar ekan, tabiiy va beixtiyor ravishda uning ongu shuurida shu millatga xos bo‘lgan tushuncha-e’tiqodlar shakllanadi. Keyingi bosqichlarda esa u rivojlanib, takomillashib boraveradi. Natijada esa, biz butun bir avlodni o‘z milliy g‘ururidan, milliy tafakkuridan yiroqlashtirib, o‘zga millat ruhiyatiga moslashtirib qo‘yamiz. Bu esa har qanday millat uchun eng og‘ir yo‘qotish. Eng jirkanch va dahshatli fojeadir!
Shu o‘rinda, Janubiy Afrika Respublikasidagi universitetga kiraverishda yozib qo‘yilgan quyidagi jumlalarga e’tibor qaratishimiz nihoyatda ahamiyatlidir:
“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas...
Ta’limning barbod bo‘lishi – millatning kasodga uchrashidir”.
To‘g‘ri, yuqoridagi fikrlar aynan ta’lim sifatiga aloqador. Ammo biz uni bevosita millat ma’naviyati, milliy tilga munosabat bilan ham bemalol qiyoslashimiz mumkin. O‘z milliy tilini yetarli o‘zlashtirmagan, ona tiliga nisbatan faxr va iftixor hissini tuymagan, o‘z milliy tilida sevib so‘zlashishni bilmagan avlod ma’naviyatida, tafakkurida ham tub burilishlar sodir bo‘ladi. Inson qaysi tilda ko‘p kitob o‘qisa, tahsil olsa, g‘ayriixtiyoriy ravishda bo‘lsa ham shu til egalarining ma’naviyatini, ruhiyatini bevosita o‘zlashtiradi. Ilk o‘rgangan tilida lug‘at zaxirasi shakllanadi, so‘z boyligi kengayadi, tafakkur tarzi ham shunga moslashadi. Va alal-oqibat, o‘z milliyligini teran anglolmay, milliyatiga nisbatan muhabbati sustlashadi. Bu esa ko‘z o‘ngingda, oddiy va oson usulda millat vakilini yo‘qotib boradi.
Zotan, biz farzandlarimizni faxr bilan yetaklab borayotgan chet, ya’ni rus tiliga ixtisoslashgan maktablarda ta’lim sifati va samaradorligi nisbatan yuqori deb bilamiz. Shuning uchun ham deyarli barchamiz kelajagimiz posbonlarining ushbu dargohlarda ta’lim olishidan umidvor va manfaatdormiz. Lekin masalaning ikkinchi tomoni, asliy mohiyatini ham e’tibordan qoldirmasligimiz lozim. Ushbu ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bugungi yosh avlod nafaqat bizning farzandimiz, naslimiz davomchisi, avvalo, millatimiz vakili, ajdodlarimiz umidi, Ona Vatanimiz dilbandi ekanligini esa ko‘pda unutib qo‘yamiz.
Shuning uchun ham, bugungi o‘z farzandlarini o‘zga tilli maktablarda o‘qitishni afzal ko‘rayotgan ota-onalarimizdan oilaviy muhitda milliylikni ustuvor tutishga, milliy qadriyatlar, xususan, o‘zbek tilining qadrini tushiradigan holatlarga yo‘l qo‘ymay, aksincha, uning qimmatini oshirib, yosh avlod qalbida Ona tili, Ona Vatani, milliy ma’naviyatiga muhabbat va sadoqatni kuchaytirib tarbiyalash talab etiladi.
Darhaqiqat, ko‘p tilni bilish ko‘p bilim egallashga qiyoslanishini nazarda tutsak, bu boradagi tanlov, albatta, o‘rinli hisoblanadi. Inson qancha ko‘p til bilsa, shuncha cheksiz bilim egallab boradi. O‘zlashtirgan tilida mavjud ilmiy-badiiy adabiyotlarni qiynalmay mutolaaa qila oladi, bilim doirasini, dunyoqarashini, tafakkur tarzini beqiyos darajada kengaytirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu jihatlarni inkor etish o‘rinsiz. Aksincha, e’tirof etish va yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashga yo‘naltirish asosiy zaruratdir. Zero, inson zamon bilan hamnafas bo‘lish, dunyo kezib, o‘z tafakkuri va iqtidorini kuchaytirish orqaligina yurt ravnaqi, Vatan rivojiga munosib hissa qo‘sha olishi mumkin. Buni iste’dodli shoir Avaz O‘tar ham o‘z ijodida teran yoritib beradi:
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali, yoshlar
Kim ilmu hunarlar rivoji andin ayondur.
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka ani g‘ayrat eting, foydali kondur.
Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda o‘quganlar bori yaktoyi jahondur.
Ko‘rinadiki, hamma davrlarda ham ko‘p tilni bilish ko‘p bilim egallashning muhim vositalaridan sanalgan. Ilm-ma’rifat homiylari, millat rahnamolari yosh avlodni har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda jahoniy tillarni egallashni, dunyo kezib ilm orttirishni asosiy omillardan sanab kelishgan va buni butun ijodiy faoliyatlari davomida targ‘ib etishga urinishgan.
Yana shu o‘rinda mazkur muammodan tashqari, ishlab chiqarish korxonalari, turli joy nomlash jarayonlarida ham chet tillardan foylanishga e’tibor nihoyatda kuchayib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bu borada tegishli qonun hujjatlari mavjud bo‘lsa-da, doimiy tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar olib borilib, tegishli mutasaddilar takror ogohlantirilayotganligiga qaramasdan, natija hali-hanuz qoniqarli ahvolga kelgani yo‘q. Haqiqiy millat fidoyilari, so‘z ijodkorlari, til posbonlarigina bu borada nihoyatda kuyunchaklik bilan turli chiqishlar qilib, o‘z e’tirozlarini namoyon etib, taklif-tavsiyalarini ilgari surib kelishmoqda. O‘ylaymizki, yaqin vaqtlar oralig‘ida milliy tilimiz atrofida sodir bo‘layotgan ushbu og‘riqli masalalar o‘zining ijobiy yechimini topib boradi. Jonajon xalqimiz o‘zbek tilining milliy qudratini, bepoyon imkoniyatlarini, davlat tili sifatidagi qadr-qimmatini teran anglab yetadi hamda uning sofligi, taraqqiyoti yo‘lida birlashadi, soha jonkuyarlarining amaliy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada esa, ona tilimiz yanada rivojlanib, boyib boradi. Kelajak avlodimiz qo‘liga ko‘rkam va bezavol taqdim etiladi. Bu borada yurtimizning har bir fiqarosidan, o‘zbek millatining har bir vakilidan birdamlik, yakdillik, jonkuyarlik joizdir.Inchunin, buyuk mutafakkir Alixonto‘ra Sog‘uniy qayd etganidek, “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir”. Biz millatsevar, yurtparvar o‘zbek xalqi esa bunday dahshatli fojega uchrashni zinhor istamaymiz. Milliy tilimizni asrab-avaylab, yanada rivojlantirish yo‘lida hamisha kamarbastamiz.
Surayyo PO‘LATOVA,
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati
Boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi