"Eng faol yosh ishchi kasb egasi"
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan o‘tkazilayotgan “Eng faol yosh ishchi kasb egasi” tanlovi yoshlarning madaniyat va san’at sohasidagi bilimlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur loyiha doirasida musavvirlik bilan shug‘ullanishga sharoit yaratish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan Badiiy akademiya bilan hamkorlikda tanlovning “Dastgohli rangtasvir rassomi” yo‘nalishining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning quyi bosqichlarida 500 dan ortiq 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi va mutaxassis-xodim ishtirok etdi. Hududiy bosqichlarda o‘zining mahorati va iqtidorini ko‘rsatgan 14 nafar ishtirokchi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “Ona yurtimizga mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik” shiori ostida o‘tgan yakuniy bosqichda o‘zlarining erkin kompozitsion asarlarini namoyish etdi. Ishtirokchilarning mahorati, iste’dodi va ijodiy qobiliyati aks etgan asarlar Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining tajribali o‘qituvchilari tomonidan baholandi.
“Eng faol yosh ishchi kasb egasi” tanlovining “Dastgohli rangtasvir rassomi” nominatsiyasi bo‘yicha 3-o‘rinni Qarshi san’at kolleji o‘quvchisi Nilufar Saidova, 2-o‘rinni Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabi o‘quvchisi Dilobar Ro‘ziyeva, 1-o‘rinni respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchisi Aziza Xo‘jatayeva egalladi.
Tanlovning g‘olib va ishtirokchilari O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Suhrob ZIYODOV,
“Ma’rifat” muxbiri