Chegara
Har ishning chegarasi bor. “Chegara” nima degani? Nega chegara bo‘lishi talab etiladi? Odobning chegarasi bo‘ladimi? Axloqning-chi?
“Adabni beadabdan o‘rgan”, “Yaxshining yoti bo‘lmas, yomonning uyati”, “Or etgan armonli ketar”, “Uyalgan buyurgandan quruq qoldi”, “Indamasdan ish chiqar” kabi maqollar ma’nosi haqida bosh qotirib, mulohaza qilib ko‘rganmisiz? Yomonlikdan tiyilsa, bosh tortsa — chegara. So‘kish, qarg‘ishdan qo‘rqib tilini tishlasa, urib yuborishni xohlamay qochsa — chegara. Gunoh, xatolardan qochishga tirishsa — chegara. Ulug‘lar benaf so‘z aytishdan qo‘rqib, og‘izlariga tosh solib yurishgan. Kim ko‘p gapirsa, adashadi, ko‘p kulsa, undan hayo va odob ketadi. Axloqning me’yori ham aynan shunda.
Mantiqan qarasak, odob-axloq me’yorlari shu darajada ko‘pki, sanab ado qilolmaymiz. Muomala odobida tilning vazifasi ayon, aytar gapni ayt, aytmas so‘zdan qayt.
“Do‘st qidir, do‘st top jahonda...”
Tadqiqotchilar ko‘ngli toza, samimiy, xushmuomala kishilar organizmida yoshlik saqlanib qolishini aytishgan. Talaffuz qilayotgan yoki eshitayotgan so‘zlarimizda muayyan ma’noda har birimizning muomala va muloqot madaniyatimiz aks etadi. Olimlar bu jihatning genlarga ta’siri borligini ta’kidlaydilar. Kim bilan qanday muomala qilish, har qanday vaziyatda o‘zini risoladagidek tutish muhim ahamiyatga ega. Hattoki do‘st tanlashda adashmaslik zarur. Inson do‘st-birodarlariga qarab, kelajakka qadamini shakllantiradi. “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi”, “Do‘sting kimligini aytsang, kimligingni aytib beraman” maqollarining ma’nosi kundek ravshan. Hazrat Jomiyning “Bahoriston”idan bir hikoyat keltiramiz:
“Qurbaqa o‘z juftidan ayrilib qoldi, yolg‘izlikdan siqilib, daryo qirg‘og‘iga yo‘l oldi. Har tomon nazar soldi...
Suv o‘rtasida ko‘rdi bir baliq. Toza suvdek oqar, usti yasog‘liq. Yo bir qaychidir toza kumushi, suv atlasin kesmoqlik ishi. Yo uch kunlik oy ravshan hiloli, har tomon suzar yashnab jamoli. Baqa uni ko‘rishi bilan ko‘ngli ketdi va o‘zining to‘qligidan gapirib hamdamlikka chorladi.
— Hamsuhbat bo‘lmoq uchun orada umumiy munosabat bo‘lishi kerak, — dedi baliq. — Nomunosib hamdamlar suhbatga noloyiq. Menga sening ne munosabating bor va sen-la mening oramizda qanday suhbat darkor. Men daryo qa’rida yashayman, sen esa sohilda, mening dahanim doim jim, sening esa jag‘ing tinmaydi, sening tashqi ko‘rinishing baloga qalqon, shakl-u shamoyiling ko‘rgan sendan yiroq qochar, mening husnim xavf-u xatar, kim jamolim ko‘rsa, tama ko‘zini ochar, ko‘kdagi qushlar havasi — men, yerdagi jonivorlar boshida savdosi — men. Baliq ovlovchilar goh meni qidirib, ming ko‘zli to‘r tashlaydilar, goh orzum yukidan xam bo‘lgan qomatimdek qarmoq tashlab ko‘zim yoshlaydilar.
Baliq so‘zini tugatib, baqani sohilda yolg‘iz qoldirib, o‘zi suv qa’riga sho‘ng‘ib ketdi”.
Qissadan hissa: fe’l-atvori bir-biriga to‘g‘ri kelmaydiganlar do‘st tutina olmas ekan.
Duv-duv gap
“Daraxtni tepsang, “duvv” etib qiz yog‘iladi”, deydi film qahramonlaridan biri. Biz, o‘smirlar bundan sergak tortamiz. Shu darajada qiz ko‘p ekanmi? Har gal televizor qarshisida o‘tirsak, nevara qizlarini kuzatib o‘tirgan buvim bezovta bo‘lardi:
— Dilbuzar xayollaringni buzadi-da, qizjonlarim! Buning o‘rniga kashta tiksanglar, qiz bolaga yarashadigan ish bo‘lmaydimi?
— Bu hamma sevib tomosha qiladigan film, buvijon! O‘zbekcha kinoni ko‘rsak, nima bo‘pti?
— Buvijoningizni, ota-onangizni hurmat qilsangiz, odobsizlar yo‘lini tutmang. Tarbiyasiz qizlar ota-onasini, urug‘-avlodini isnodga qo‘yadi. Hazir bo‘linglar, isnod yomon. El og‘zida duv-duv gap bo‘lishdan Xudo asrasin! Ota-onasi sha’nini o‘ylagan qiz ko‘chada yigitlar bilan yurmaydi. Ota-ona oqqandday asragan qizini begonaga surishtirmay-netmay tutqazib qo‘yarkanmi? Tag‘in qo‘shni yigit bilan elning ko‘zicha qo‘ltiqlashib “ZAGS”ga borarmish. Ota-onaning befarqligini aytmaysanmi? Tavba, bunaqasi sira-sira o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi, — derdi buvim salmoqdor ohangda.
Momolar qiz bolani to‘g‘ri yo‘lga boshlagani singari ota o‘g‘liga qanday erkak bo‘lishni o‘rgatsa, chakki bo‘lmas edi. Go‘dakka yoshlikdan so‘kinish, haqorat o‘rgatilsa, ulg‘ayguncha bu hurmatsizlik ota-onaga qaytishidan dalolat. Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Bola dunyoga keldimi, gap tarbiyada, deydi keksalar. “Polvonim”, “toy¬chog‘im”, “qo‘zichog‘im”, “gulim”, “yulduzim”, “oyim”, “quyoshim”, deya nuridiydasini kap-katta bo‘lganda ham erkalaydigan ota-onalar bora-bora pand yeb qolmoqda. Mehr ham me’yorida bo‘lgani yaxshi. Tarbiyani go‘zal qilish kerak, bu axloqda namoyon bo‘ladi.
Nemischa punktuallik
Nemislar — madaniyatli xalq. Ko‘cha-ko‘yda tartibsizlik yo‘q, chiqindi uyumiga ko‘zing tushmaydi, hammayoq yaraqlaydi, transport soat miliga qarab aniq vaqtda yuradi. Germaniyaning fan-texnika taraqqiyoti, tartib-intizomi, madaniyati dunyo miqyosida tan olingan. Bizda-chi, soat 10 ga belgilangan yig‘ilish 11 da boshlanadi. O‘qituv¬chining darsga besh daqiqa kech kirishi ayb emas, shifokorlar “petiminutka”si bir soatga cho‘ziladi. Ma’ruzaga chiqqan kishi belgilangan 10 daqiqalik reglament¬ni 30 daqiqaga cho‘zib yuboradi.
Ishxonadagi liftda to‘rt kishi qamalib qoldik. Katta yoshli sherigimiz vahimaga tushib, baqirib eshikni ura boshladi. Unga signal beruvchi tugmani bosganimni, lift tuzatuvchi ustalar yaqin vaqt ichida kelib qolishini aytdim. Shunda ham jazavaga tushib, baqirib eshikni uraverdi. Shu payt eshik oldiga bir kishi kelib, “Hozir, hozir”, deganicha qaytib kelmadi. Bir-ikki daqiqa o‘tib, yana boshqasi keldi-da, “Hozir, liftyor asbob-uskunalarini olib kelishga ketdi”, dedi. O‘n daqiqa o‘tdi hamki, ustadan darak yo‘q. Toqati toq bo‘lgan asabiy ayol birdan o‘shqira ketdi: “O‘zbeklarda “hozir” degan so‘z qancha vaqtni bildiradi o‘zi? Besh daqiqami, o‘n yoki yigirma daqiqami, qancha o‘zi, shuni aslo tushunmayman. “Hozir”, deyishadi-da, yo‘q bo‘lib ketishadi”. Asabiylashgan, kalondimog‘ ayol bilan hech kimning bahslashgisi kelmadi. Avvaliga gaplarini eshitib, jahlim chiqdi, keyin o‘zimni bosdim. O‘ylab qarasam, u haq. “Hozir”ning chegarasi yo‘q, aniq belgilangan vaqti ham. Agar lift sozlovchi nemis bo‘lganida edi, vaziyat boshqacha kechardi.
Buyuk posbon
Ertalab darsga borayotsam, universitet darvozasi oldida zamonaviy kiyingan qizlarni ko‘rdim. Buni o‘zingiz ham tasavvur qilarsiz. Kech qolganmi, deya o‘ylab soatimga qarasam, hali erta. Yaqinlashganimda ichkaridan ustozning ovozi keldi:
— Boring, qiz bolaga o‘xshab kiyinib keling!
E’tiborsizlik qilib ko‘zimizni o‘rgatib qo‘yibmiz, yig‘ilganlar darsga erkakcha kiyinib kelgan qizlar bo‘lib chiqdi.
Javob ham tayyor:
— Uzun ko‘ylagimiz, yubkamiz yo‘q.
Taassuf! Ertaga ona bo‘ladigan, farzand tarbiyalaydigan qizlar uyalmasdan biz, erkaklar bilan hazil-mutoyiba qilsa. Uyat, hayo shu darajada tansiq bo‘lib qoldimi? “Uyat” so‘ziga mashhur adib Abdulla Qahhor bergan ta’rifni qarang: “Jamiyatni balo-qazodan saqlaydigan buyuk posbon. Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir.
Qonun faqat ko‘zi tushganda, shubha paydo qilgandagina jinoyatchining qo‘lini ushlaydi, yo‘lini to‘sadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojo‘ya ish qilish uchun qo‘l ko‘targani qo‘ymaydi. Har qanday qonunga chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘lmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi”.
Akmal IKROM