Musiqaning beqiyos kuchi
Eramizdan oldingi IV asrda yunon faylasufi Aflotun «Eng katta tarbiyaviy omil musiqiy san’atda mujassamlashgan. Zeroki, ohang (ritm) va uyg‘unlik (garmoniya) bolalik chog‘ida qalbga chuqur yo‘l topadi va salobat baxsh etib, uni ko‘rkam qiladi. Bu esa musiqiy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi, aks holda uning teskarisi bo‘lib chiqadi», degan edi.
Musiqa murakkab hissiyotlarni o‘zida mujassamlashtirgan kayfiyatni ifodalashda keng imkoniyatlarga ega. Uning kuch-qudrati shundaki, shodlanish, qayg‘urish, xayol surish, bardamlik, jasurlik, tushkunlik kabi ruhiy holatlarni xususiy va umumiy, o‘zaro bog‘liqlikda ifoda etadi. Musiqiy-estetik tarbiyada bola o‘z hissiyoti va fikrlarini takomillashtirib boradi. Shuning uchun ham bola tinglaydigan musiqiy asarlar o‘z xarakteri, janri, takror bayon qilish usullariga ko‘ra har xil bo‘lib, ular o‘rtasida o‘xshashlik va farq, muvofiqlik va zidlik ko‘zga tashlanadi. Inson shaxsining har tomonlama kamol topishi aqliy, axloqiy, estetik va jismoniy tarbiyaning uzviy aloqasi tufayli ro‘yobga chiqadi.
Inson kamolotida muhim o‘rin tutuvchi ma’naviy va axloqiy poklik, iymon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat, keksalarga hurmat singari insoniy fazilatlar o‘z-o‘zidan shakllanmaydi.
Tadqiqotlarda inson bilim egallashda 10 foiz o‘qiganini, 20 foiz tinglaganini, 30 foiz ko‘rganini va 90 foiz mustaqil ravishda bajarganini o‘zlashtirishi aniqlangan. Musiqiy ta’limda zamonaviy texnologiyalar va interfaol metodlardan unumli foydalanishning samarasini ko‘rish qiyin emas. Milliy cholg‘u asboblari — tanbur, dutor, doira, torda kuyni mustaqil chalib, tahlil qilish musiqiy savodxonlikni oshirib borishga imkon yaratadi. Sof intonatsiyada kuylash, xotirani mustahkamlash, obrazli tasavvur hosil qilish, o‘z qobiliyatini to‘la namoyon qila olish, musiqa o‘quv fanlari bo‘yicha puxta bilim egallash, mulohaza va suhbat doirasini kengaytirish, erkin va ijodiy fikrlash, o‘qituvchi va guruh o‘rtasida hamkorlikni qaror toptirish, pedagogik jarayonda demokratik va insonparvarlik g‘oyalari ustuvorligiga erishish pedagog-murabbiy diqqat-e’tiborida turishi lozim.
Musiqa fani o‘qituvchisi illyustratsiya metodi, ya’ni mavzuni og‘zaki bayon qila turib, rasm, chizma, jadval, nota belgilari orqali tinglovchi diqqatini jalb qila olishi zarur. Fleshka, disk, televizion ko‘rsatuvlardan foydalanish, mavzuga doir tasavvurni yanada kengaytiradi. Musiqa tinglashda ko‘pincha taralayotgan asar mazmuniga doir rasm, muallif-kompozitor portreti qo‘l keladi.
Inobat KARIMOVA