Yangi yil — o‘quvchi va o‘qituvchilar davrasida
“Qish ertagi” asosida sahnalashtirilgan Yangi yil senariysiga ko‘ra, Qorbobo bayramni maroqli o‘tkazish va maktab o‘quvchilariga sovg‘a ulashish maqsadida yo‘lga tushadi. Yo‘lda unga qaroqchilar hujum qiladi. Qorboboning nabirasi Qorqiz qo‘rqqanidan sovg‘a solingan qoplarning biriga kirib oladi. Qorboboning yordamchilari qaroqchilarni yengib, bolalarga atalgan sovg‘alarni mardonavor himoya qiladi. Qorbobo eson-omon manzilga yetib keladi. Qoplarning biridan esa Qorqiz chiqadi. Tomoshabinlar Yangi yil elchilarini olqishlaydi. O‘sha qopdagi jajji qizaloq rolida men edim...
Buvim T.Isoqova Payariq tumanidagi 74-maktabda ona tili va adabiyot fanidan uzoq yillar dars bergan. Maktabdagi badiiy kechalar, navoiyxonlik, boburxonlik va Yangi yil bayramlari buvimning senariylari asosida sahnalashtirilardi. Bolaligimdagi eng esda qoladigan voqealardan biri qopdagi Qorqiz voqeasi bo‘lgan.
Yangi yil ana shunday unutilmas xotiralarga boy bayram. Ta’lim fidoyilari bo‘lgan o‘qituvchilarning ham bu bayram bilan bog‘liq qiziqarli xotiralari ko‘p, albatta. Ularni birgalikda yodga oldik.
Go‘zal PINYOZOVA, Yangiariq tumanidagi 31-IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Dekabr — boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining eng sevimli oyi. Chunki bu oyda Yangi yil bayrami nishonlanadi. Bayram yaqinlashgani sayin o‘quvchilarning quvonchi ortib, Qorbobodan sovg‘a olishni intiqib kutadi. Bayram bolajonlarga unutilmas lahzalarni hadya etish bilan birga, biz o‘qituvchilarning ham qalbimizni shodlikka to‘ldiradi. Shirin xotiralarni yodga soladi.
Talabalik yillari kursdoshlarimiz bilan Urganch shahridagi 5-maktabga amaliyot o‘tagani borganmiz. O‘shanda maktab direktori Nodira Vaisova menda juda katta taassurot qoldirgan. Chunki u kishi har kuni ertalab o‘quvchilarni qo‘li ko‘ksida, tabassum bilan qarshi olardi. Yangi yil bayramida esa Nodira opaning o‘zi Qorbobo obraziga kirardi. Har bir sinfga kirib, bolajonlar bilan suhbatlashar, ularga qiziqarli savollar berib, zukko o‘quvchilarga sovg‘a ulashardi.
Bu yil men ishlayotgan maktabda ham direktor o‘rinbosari Yulduz Xo‘janiyozova Qorbobo qiyofasida sinfdagi eng a’lochi, zukko o‘quvchilarga faxriy yorliq va sovg‘alar ulashdi. Maktabimizda xayriya qutichasi tashkil qilganmiz. Yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan yakka tartibda ta’lim oladigan o‘quvchilarga sovg‘alar tarqatildi. Farzandiga bunday e’tibordan barcha ota-onalarning quvonchi cheksiz.
Xolisa HAKIMOVA, faxriy pedagog:
— Maktabga borgan paytlarimiz 1955-1956-yillarga to‘g‘ri kelgan. O‘sha vaqtlar ham Yangi yil bolalarning sevimli bayrami edi. Uni intizorlik bilan kutardik. Chunki Qorbobodan sovg‘a olardik-da. Bir yili Qorbobo katta qizil qopidan kichik qizil xaltachalar olib, har bir o‘quvchiga ulashgan. O‘sha paytdagi quvonch va shodligimizni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Qizig‘i, xaltachalar ichidan oddiy qand-qurs, turshak, yong‘oq, shirinlik chiqardi. Bola ko‘nglimiz shunga ham qancha yayrab ketardi. Keyin bilsak, u xaltachalarga onalarimiz shirinlik solib bergan ekan.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— O‘quvchilik paytlarimiz bayram archasini bezash uchun o‘yin¬choqlar juda kam edi. Bolalar rangli qog‘ozdan turli shakllar yasardi. Oybek degan sinfdoshim yasagan olmaxonning o‘zidan dumi ancha katta chiqqani uchun rosa kulganmiz. Yana bir gal yaqin dugonam Dilfuza Qorqiz bo‘lishi kerak edi. Ertalabgacha dugonalar Qorqiz libosi va tojini tayyorlaganmiz. Men shishali yaltiroq archa o‘yinchog‘ini maydalab, oddiy kartondan qirqib yasalgan tillaqoshga bittalab yelimlab chiqqandim. Dilbar esa oyisining zar ro‘molidagi gullarni qirqib, ko‘ylakni bezagan. Xullas, tonggacha ovora bo‘lsak-da, hech birimiz char¬cha¬magandik. Chunki bu tayyorgarlikning gashti boshqacha edi. Bayramda yaraqlagan tillaqoshni boshiga qo‘ndirgan, zarli ko‘ylak kiygan Qorqizga hammaning havasi kelgan.
Dilafro‘z BOBOJONOVA, Jizzax shahridagi “Umid” nomli IDUMIning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Bolaligimda opalarim bilan bayramni intiqib kutardik. Chunki bu sana nafaqat bayram, balki ota-ona¬mizning to‘yi kuni bo‘lgani uchun ham biz¬ga qadrli edi. Kechagidek esimda, XXI asrning ilk Yangi yili. Ota-onamning turmush qurganiga shu kuni 30 yil to‘lgandi. Opa-singillar maslahatlashib, ota-onamizga sovg‘a tayyorladik. Oddiygina devor soati. Sovg‘amizdan rahmatli otam juda xursand bo‘lib, shu zahotiyoq soatni devorga osib qo‘ygandi. Yangi yil barchamizga omad, baxt olib kelishini Allohdan so‘rab duo qilgandi. Duolari ijobat bo‘lib, ikki opa-singil talaba bo‘ldik. Otam orzu qilganidek o‘qituvchilik kasbini tanladik. Soat esa hamon devorga osig‘liq holda umrimiz lahzalarini sanaydi… Har Yangi yilda unga qarab otajonimni xotirlaymiz. Duogo‘yimiz — onajonimiz “Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, har kunimiz bayram bo‘lsin. Kelasi Yangi yilga qatorimizdan kam bo‘lmay yetaylik”, deya duo qiladi.
Dilnoza BOQIYEVA, Yakkabog‘ tumanidagi 34-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Bolaligimizdagi Qorbobo bilan hozirgisining o‘rtasida katta farq bor. U vaqtlari Qorbobo kiyimi juda odmi, soqol-mo‘ylovi paxtadan yasalardi. Biz bolalar baribir uni haqiqiy deb hisoblaganmiz. Bir gal maktabda odam topa olmay ayol o‘qituvchilardan birini Qorbobo qilishga majbur bo‘lganmiz. Muallima hayajondan o‘z ovozida gapirib yuborgan. Kamiga paxtadan yasalgan “soqoli” ham tushib ketgan edi. Shunda o‘quvchilar Qorbobo haqiqiymasligini, o‘zlarining o‘qituvchisi ekanini bilib qolgan. Hozir maktab va bog‘chalarda Qorbobo va Qorqiz roliga maxsus teatr aktyorlari chaqiriladi. Ularning liboslari juda ajoyib bo‘lsa-da, bugungi kun bolasini hayratga solish qiyin.
Ra’no XOLMATOVA, Namangan shahridagi 51-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— O‘quvchilik yillarimda maktabimizda o‘tkaziladigan Yangi yil bayramini juda yaxshi eslayman. O‘sha paytlari o‘qituvchimiz bayramni ko‘tarinki ruhda tashkil etardi. Ota-onalarimizni ham jalb qilardi. Ular turli rollar ijro etib, shartlarda biz bilan birga qatnashardi. Mana yillar o‘tib, men ham o‘qituvchi bo‘ldim. Har gal Yangi yil yaqinlashsa, ustozimni eslayman. U kishi bizga eng zo‘r bayramni hadya etgani kabi men ham bolajonlar uchun quvnoq tomoshalar o‘ylab topishga harakat qilaman. Mana shu kabi tadbirlarni tashkil etish orqali o‘quvchilarga ma’naviy ozuqa berishni o‘ylayman.
Bir necha yil oldin maktabimizda erkak o‘qituvchi yo‘qligi sabab, muallimalardan birini Qorbobo qilganmiz. Shoshganimizdan Qorbobomizning qulog‘idagi zirakni yechib qo‘yish yodimizdan chiqib qolgan. O‘quvchilar raqsga tushayotganda sekin borib, “Bobojon, zirak ham taqasizmi?” degan edim...
Niginabonu ShUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri