“Yumshoq” ko‘nikmalar qanday rivojlantiriladi?
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish psixologik-pedagogik tashxis markazida Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Zamonaviy shaxs ko‘nikmalari — “yumshoq” (Soft skills) ko‘nikmalarni rivojlantirish. Tushunchalar, amaliyot va nazariya” mavzusida trening o‘tkazildi.
Treningni xalqaro toifadagi kouch, biznes-trener, psixolog Venera Ermetova olib bordi. Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, tuman XTB metodistlari, maktab psixologlari qatnashgan treningda “Emotsional kapital yoki emotsional intellekt”, “O‘z-o‘zini samarali motivlashtirish tizimi”, “Shaxsning kuchli va zaif tomonlari”, “O‘z-o‘zini baholash va o‘z ustida ishlash rejasi” kabi globallashuv davriga xos mavzular muhokama markazida bo‘ldi.
— Ta’lim sohasidagi mutaxassislarda zamonaviy ko‘nikma va tasavvur yetarli emas. Aynan shu jihatlarni puxta o‘rgangan mutaxassislar ko‘magiga ehtiyoj sezmoqdamiz. Bugungi trening mashg‘uloti maktab psixologlarining tasavvurini kengaytirib, ta’lim-tarbiya jarayonida natijadorlikni ta’minlashiga umid qilamiz,— deydi markaz rahbari vazifasini bajaruvchi Noroy Soatova.
— Treningda o‘zimni qiynayotgan muammolarga yechim topdim, — deydi Shayxontohur tumanidagi 254-maktab psixologi Surayyo Ashurova. — Bolaga ismi orqali murojaat qilish biz pedagoglarni unga tobora yaqinlashtiradi. Agar o‘quvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasidagi masofa sezilarli darajada qisqarsa, maqsadga tez erishiladi. Muammoli o‘smirlar soni keskin qisqaradi. Bola shaxsini tinglay olsakkina ishimizda muvaffaqiyat bo‘lishi mumkinligini yaqqol sezdim.
Joriy o‘quv yilida xuddi shunday treningni respublikamizning barcha tumanlarida kaskad usulida o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Asolat AHMADQULOVA