Vatanparvarlik oyligi o‘quvchi-yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda
Yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan «Vatanparvarlik oyligi» doirasida Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan 20 dan ortiq maktabda «Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!» shiori ostida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu kunlarda tumandagi barcha ta’lim muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda «Vatan himoyachilari kuni»ga bag‘ishlangan devoriy gazetalar, ko‘rgazmali lavhalar osildi. Tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 27-, 78-, 57-, 6- hamda 37-maktabda «Vatan aziz, xotira mangu» shiori ostida xotira burchaklari tashkil etildi.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan o‘tilgan mardlik va jasorat darslari, Qurolli Kuchlar faxriylari bilan “Milliy armiyamiz — yoshlarimiz qalbida sadoqat, jasorat, matonat tuyg‘ularini mustahkamlovchi hayot maktabidir”, “Vatanni himoya qilish — sharafli, olijanob va mas’uliyatli burch”, “Armiya — yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi ramzi”, “Tinchligingga jonim fido, muqaddas Vatan!”, “Milliy armiya bayrami — mening bayramim!” mavzularida o‘tkazilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, bo‘lajak Vatan himoyachilari — mard yigitlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi va rivojlanish tarixi bilan tanishtirish maqsadida tumandagi 62-, 76-, 96-, 28-, 36-, 57-, 43-maktabdan 150 nafar o‘quvchi ishtirokida Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qismlarga ekskursiya tashkil etildi. Bu yerda o‘quvchilarga harbiy-vatanparvarlik ruhidagi filmlar va slaydlar namoyish etildi. So‘ng ular harbiy qism hayoti, ichki tartib-qoidalari, saf mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan maxsus maydonlar(plast), askarlar yotoqxonasi, qurol-aslahalar hamda harbiy texnikalar bilan tanishtirildi. Harbiy hayot o‘g‘il bolalarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning aksariyati kelajakda Vatan posboni bo‘lishni maqsad qildi.
Ayni kunlarda oylik doirasidagi tadbirlar, xususan, tumandagi umumta’lim maktablari o‘quvchilarining harbiy qismlarga sayohatlari davom etmoqda.
T.OTAMURODOV, Kattaqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi