Vazir tanishgan ixtirolar ularning muallifi bo‘lgan o‘quvchilarda yangicha ishtiyoq va rag‘bat uyg‘ondi
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov «Barkamol avlod» respublika bolalar ekologiya va o‘lkashunoslik markazida ixtirochi o‘quvchilarning ijod namunalari bilan tanishdi.
Markazda bolalarga robot va dasturlarni ishlab chiqishni o‘rganish imkonini beruvchi “RoboCraft” ixtisoslashtirilgan kurslarining ochilish marosimi doirasida o‘quvchi-yoshlarning texnik ijod namunalari namoyish etildi. Tevarakda gir aylanib uchadigan dronlar, o‘ziyurar elektromashinalar, o‘rgimchaksimon robotlar — katta-kichik ixtirolarning barchasi jajji o‘quvchilarga tegishli ekanini eshitgach, beixtiyor ularning aqliga tasanno aytishingiz tayin.
Zumda aqlni shoshiruvchi ana shunday aqlbovar qilmas ishlanmalarga qiziqib, bir nechta ixtiro mualliflarini suhbatga tortamiz.
— Bugungi tadbir jarayonida ishtirokchilar ixtirochi o‘quvchilarimizning nodir texnik g‘oyani tayyor holga keltirishgacha bo‘lgan iqtidoriga guvoh bo‘ldi, — deydi “Int Tech Robotics” robototexnika kursi murabbiyi Davron Hamidov. — Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Abdulloh Fazliddinov, 225-maktab o‘quvchilari Murod Egamqulov, Muhammadqodir va Solijon Rahmonberdiyevlar, 91-maktab o‘quvchilari Ibrohim va Ismoil Tolibjonovlar “Junior E” roboti dasturini ishlab chiqib, o‘zlarining robot konstruktorlarini yig‘di. Bunday robotlarning bir guruhi o‘zi harakatlanuvchi, belgilangan qora chiziqlardan chiqmay harakatlansa, boshqasi mobil aloqa vositasidagi “Bluetooth” modeli orqali buyruqlarni bajaradi. Korpusi 3D formatidagi “Otto” nomli musiqiy-ko‘ngilochar robot bolajonlarni mustaqil qadam tashlashga o‘rgatishda qo‘l keladi. Yaqinda shogirdlarim Meksikada 130 dan ortiq mamlakatdan kelgan 18 yoshgacha bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan “First Global” xalqaro musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. “Rev robotics” robot konstruktori muayyan predmetlarni olib, belgilangan manzilga yig‘ish vazifasini bajaradi. Musobaqa hakamlari tomonidan e’tirof etilgan ushbu ko‘pfunksiyali robot bugungi ko‘rgazmadan ham joy oldi.
Ta’kidlash joizki, “RoboCraft” maxsus kurslardan iborat bo‘lib, o‘quvchilar mashg‘ulotlarda elektronika asoslari, robotlarni yig‘ish hamda ularni modellashtirish, dizayni ustida ishlash, dasturlashni o‘rganadi. Tadbirda mazkur kurs asoschilari o‘quv jarayonida o‘ziga xos yondashuv joriy etilishi, shuningdek, mashg‘ulotlar zamonaviy ta’lim modellariga tayangan holda o‘tilishini ta’kidladi. Xususan, kurs mashg‘ulotlari “STEAM” metodikasi asosida o‘tiladi va o‘quvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qo‘llashda ko‘mak beriladi. Bu esa yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib, kelajakda o‘zi tanlagan kasbga tez moslashishiga zamin yaratadi.
Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “RoboCraft” kurslari ta’lim yo‘nalishidagi davlat va xususiy sektorning birinchi qo‘shma loyihasi hisoblanadi.
— Ushbu mashg‘ulotlarning o‘quv jarayoni oson, texnologik qulay va qiziqarli o‘tishi uchun markazimiz barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi, — deydi markaz direktori Ma’sumxon Hakimov. — Kelgusida mazkur loyiha yurtimizdagi barcha “Barkamol avlod” markazlarini qamrab oladi. Dastlabki bosqichda o‘quvchilar “SCRATCH” soddalashtirilgan dasturlash tili bilan tanishtirilib, “Junior E” robot-dizayneri misolida mexatronika asoslari bo‘yicha ta’lim oladi. Shu tarzda algoritmlashga doir asosiy bilim va zarur ko‘nikmalarni olib, shaxsiy robotlarini boshqarishni o‘rganadi.
“RoboCraft” ixtisoslashtirilgan kurslarining ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mazkur loyiha ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, mehnat bozoridagi raqobat hamda xalqaro talablar o‘quvchilardan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni, fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika yo‘nalishlarini puxta o‘zlashtirishni talab etayotgani, ushbu loyiha ijtimoiy soha bo‘yicha investorlarni jalb etish hamda ta’lim sohasidagi innovatsion islohotlar yo‘lida davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirishga asos bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlik tomonidan kelgusida sarmoyadorlar bilan birgalikda yosh avlodni ijodga ishtiyoqmand etib tarbiyalash, iste’dodi va iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish va ro‘yobga chiqarish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar markazlarini zamonaviy AKT vositalari bilan jihozlash rejalashtirilayotganini qayd etdi.
Tadbirda vazirning yosh iqtidor egalari bilan har bir ixtiro yuzasidan fikrlashib, ijod namunalari bilan yaqindan tanishgani o‘quvchilarda o‘ziga xos rag‘bat uyg‘otdi.
Dilshod RO‘ZIQULOV