Yaponlar tarbiya usuli yoki “nomsiz ranglar” nimaga o‘rgatadi?
Yaponlarning harakatchanligi, sabr-toqati, odobi va tabiatga bo‘lgan muhabbati ko‘pchilikka o‘rnak. Ayniqsa, bola tarbiyasida o‘rgansa arzigulik jihatlar ko‘p. «Adme.ru» sayti e’lon qilgan maqolada shu haqida yozildi.
Kunchiqar yurt vakillarining xarakteri, muomala madaniyati bolaligidan oilada vaqt sinovidan o‘tgan an’analar asosida shakllantiriladi. Ushbu mamlakatda yaqqol ko‘zga tashlanadigan jihatlardan biri — xalqning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analarga sodiqligidir. Bolalar ham mana shu qadriyatlar, xususan, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat asosida tarbiya topadi. Oilada bola tarbiyani asosan onasidan oladi. Chunki yapon ayollari farzandini go‘dakligidan maxsus mato yordamida beliga bog‘lab, uy yumushlarini bajarib yuraveradi. Shu jarayonda bolasi bilan suhbatlashib, kundalik faoliyat bilan tanishtiradi, zarur ko‘nikmalarni berib boradi. Ko‘pincha yapon bolalarining yurishdan avval tili chiqishining sababi ham shundan. Bu an’ana hozirgacha davom etadi: yapon ayoli qayerga bormasin va nima bilan band bo‘lmasin, farzandi hamisha yonida — ko‘ksida yoki belida bog‘langan bo‘ladi.
Yaponlar farzandini 3 yoshdan keyingina maktabgacha ta’lim muassasasiga beradi. Ungacha bolani uyda o‘zlari tarbiyalashga odatlangan. Shu bilan birga, ular bolani go‘dakligidanoq insonlar va atrofdagi barcha narsalarga e’tiborli bo‘lish hamda hurmat bilan qarashga o‘rgatadi.
Yapon oilalarida doim tartib-intizom saqlanishi lozim. Biroq ular buning uchun bolaga ovozni baland ko‘tarish, uzoq-uzoq «ma’ruzalar» o‘qish, quloqning unisidan kirib, bunisidan chiqib ketadigan nasihatlarga hojat yo‘q, deb hisoblaydi. Jismoniy jazo haqida-ku, gap ham bo‘lishi mumkin emas. U holda, yaponlar bolalarni qanday tarbiyalaydi, deysizmi? Hamma gap bir-birini tushunish, eshita olishda. Onalar farzandlariga xuddi kattalardek muomala qiladi — barcha savollariga batafsil javob berib, ular bildirgan fikrlarni diqqat bilan eshitadi. Agar bola o‘yinchog‘ini sindirib qo‘ysa yoki biror nojo‘ya ish qilsa, onasi uni jazolamaydi, shunchaki, «sen uni azoblading», deya oddiygina tushuntiradi.
Keling, endi yaponlar o‘z farzandlarida qanday qilib ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishi haqida suhbatlashamiz. Bu juda oddiy — har birimiz uyda yoki ta’lim muassasasida bu usuldan foydalani¬shimiz mumkin.
Yapon pedagoglari bu usulni “Nomsiz ranglar” deb ataydi. Uni dizaynerlar — Yusuki Imai va Ayami Motekilar o‘ylab topgan. Bu usul, hatto 2012-yili Yaponiyada o‘tgan “Kokiyo dizayn” taqdirlash marosimida bosh mukofotga loyiq ko‘rilgan.
Xo‘sh, bu usulda qanday ishlanadi? Bunda yosh o‘rganuvchilarning oldiga ranglar solingan 10 ta idish qo‘yiladi. Idishning ustiga rang nomi yozilmaydi, faqatgina uning ichidagi ranglardan foydalanilgan nuqtachalar aks ettiriladi. Nuqtalarning o‘lchami turlicha bo‘ladi. Dizaynerlarning maqsadi — shu orqali bolaning o‘ylash va o‘rganish malakasini o‘zgartirish. Bunda bola ranglarni aralashtirib, qanday rang hosil bo‘lganini ko‘radi va o‘zicha mulohaza yuritadi. Masalan, bola pushti va ko‘k rangli ikki nuqta aks ettirilgan idishga qaraydi. Hozircha bu idish ichidagi ikkita rangdan qanday rang hosil bo‘lishini bilmaydi. U mutaxassislar aytganidan so‘ng idishlarni siqib ko‘radi va pushti hamda ko‘k ranglardan siyoh rang hosil bo‘lishiga guvoh bo‘ladi. Bu nihoyatda qiziqarli jarayon.
Yana bir misolni olaylik. Siyohrang idishda katta ko‘k va kichkina pushti rang nuqtalar aks ettirilgan. Bu oz miqdorda pushti va ko‘p miqdorda ko‘k rangni aralashtirib ko‘r, degani. Bola amaliyotni bajaradi va uning ko‘z o‘ngida to‘q ko‘k rang hosil bo‘ladi. Keyingi bosqichda bolaga istalgan ikkita rang aytilib, ulardan qanday rang paydo bo‘lishi mumkinligi so‘raladi. Kichik ijodkor uni o‘zicha o‘ylab, tasavvuridagi ranglarni aytadi. Bola bu usulni o‘rganib olgach, o‘zi istagan ranglarni qorishtiradi va shu tariqa o‘zi uchun yangi ranglarni kashf etib boradi. Ranglar bilan ishlashning oson va zavqli bu usuli bolada ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirib, yangilik yaratishga bo‘lgan istagini oshiradi.
Ko‘rinib turibdiki, yaponlar farzandini to‘kis oila, ota-ona mehri, g‘amxo‘rligi bilan ulg‘aytirishdan tashqari, uning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ijodkorligini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratadi. Oilada to‘g‘ri tarbiya topgan bola kelajakda o‘z yo‘lini belgilay oladi. Demak, dunyoda «Yaponlar juda aqlli bo‘ladi-da», degan gaplarning paydo bo‘lishi zamirida xalqning azaliy an’analarga sodiqligi hamda oilada bolani to‘g‘ri tarbiyalash usuli yotadi!
Nasim SODIQOV, Jizzax viloyatidagi “Umid” nomli IDUMIning ingliz tili o‘qituvchisi