Men baxt emas, Baxtinisoman...
Baxtiniso! Xudo bergan dardlarni jilmayib, toqat bilan yengib yashagan ma’sum qiz... So‘zni to‘rt muchasi sog‘lardan-da yuksakka ko‘tarolgan pok qalbli ijodkor... Uning kulib turgan chehrasi, boladay erkalik bilan so‘zlashi barcha ijodkorlarni, uni bilgan, tanigan hamma-hammaning mehrini iydirgan. U bilan birinchi ko‘rishgan odam ikki daqiqadan so‘ng mingyillik qadrdonday bo‘lib qolardi. Yosh ijodkorlar orasida ijodiy quvvati yuqori, ustozlar e’tirofini qozongan kamsonli shoiralardan biri shu qiz edi.
Siz kim, demang,
Men – armonning o‘gay qizi,
Iztirobning kulgusidan ko‘zi yoshman.
Yuzlariga tamg‘a bo‘lib alam izi,
Bir-bir nurab borayotgan sabr-u doshman...
Ko‘zlarini yumib, o‘z ovozi-yu so‘zidan o‘zi larzaga tushib, zavq bilan she’r o‘qiganda she’riyatning qudratiga qoyil bo‘lardingiz. Yurtning ko‘plab yosh qalamkashlari Baxtiniso orqali bir-birini tanigan, bordi-keldi qilgan. U ijodkorlar davrasida bo‘lganda, aravachasini aytmasa, soppa-sog‘ edi. Bu aravacha xuddi mehrning, oqibatning uzviga o‘xshar, doim atrofiga ko‘ngil muhiblarini jamlab olardi. Bu qiz o‘zini baxtiyor tutsa-da, kulib so‘zlasa-da, kulib yozsa-da, ko‘nglining qayeridadir dunyoga bo‘lgan arazi pinhon bo‘lganini sezaman. Buni o‘zidan ham yashirgan, o‘zi ham uning borligini bilishni istamagandek:
Siz ranjimang, tushuning, axir,
Men baxt emas, Baxtinisoman...
“Aka, qarang, meni shoir qilaman deb, Yuragimning ohorlari ketib borar”, deb yozganida u shoir bo‘lib ulgurgandi. Uning “Hovuchdagi yurak” va “Ufqqa yo‘l” nomli she’riy to‘plamlari dunyo yuzini ko‘rgan. Shoira Halima Ahmedova uning ijodi haqida shunday yozadi:
“Uning she’rlaridan olis daryolarning sohillarida va yana yolg‘izoyoq yo‘llar chetida o‘sadigan yovvoyi gullarning yoqimli ifori keladi. Dunyoning sof yuragini ko‘rib ulg‘aygan, dardlarini uyalib-qimtinib she’rga solgan Baxtiniso juda chiroyli yozadi, rost va samimiy yozadi...”.
Uning nega yurolmay qolgani ko‘pchilikka sir edi. Internet nashrlarida e’lon qilingan “Xudo va yig‘i” badiasini o‘qigan kishi jismoniy xastalik tarixi bilan tanishadi, uning dil iztiroblari, tiynatining naqadar go‘zalligiga ham iqror bo‘ladi. Uning qalamidan to‘kilgan bu nasriy parcha mukammal esse, inson hayotining, ruhining eng nozik qirralaridan so‘zlovchi asar sifatida o‘qigan insonni larzaga soladi. Rost, shu kichkina jussa shuncha dard bilan yashaganiga, go‘zal she’rlar yaratganiga qoyil qolasiz. Va... dunyoning ishlaridan yozg‘irasiz. Shu qizginaning sabriga yarasha mukofotini ham berishini so‘rab iltijo qilasiz. Mana o‘sha bitikdan parchalar:
“5-sinfda o‘qib yurgan kezlarim nima uchun hamma ota-onasi bilan yashaydi-yu, men bobo-buvimnikida yashayman, degan savol bilan Unga murojaat qilib, javob ololmadim...
...Maktabni bitirib, kollejga kirdim-u, yurolmay qoldim. Toshkent qaytardi, Samarqandda jonim omon qoldi. To‘rt marta murakkab jarrohlik amaliyotini boshimdan o‘tkazdim. Sochimni olib tashlashdi. Birinchi operatsiyadan keyin uyg‘onsam, boshimning terisini teshib, ikki chakkamdan temir bilan tosh osib qo‘yishgan ekan...”.
Shu joyga kelganda bo‘g‘ilasiz, o‘zingiznimi, o‘zgalarnimi, dunyonimi ayblagingiz keladi. Bu qizning dunyoda borligi, unga bu va bundan keyingi sinovlarning yuborilishi nimanidir anglatayotgandek tuyulaveradi. Birdan odam bolasi buncha bardoshni qaydan olishi haqida o‘ylaysiz. So‘zga suyangan, she’rdan madad olib yashagan bir sohir qalbning dodi qulog‘ingiz ostida yangrayveradi:
“Hu-uv o‘sha ichimga kirgan qaltiroqlar tashqariga she’r bo‘lib chiqar edi. Men lovullab yozdim, devonaday yig‘lab yozdim, majnun shamollarga sovrilib yozdim, goho tuproqdayin xokisor, gohida osmondan-da yuksalib yozdim. Shu she’rlarni o‘qisam, qaltiroqlar ovozimga ham qalqib chiqadigan bo‘ldi. Mast bo‘ldim, ko‘nglimning ichida sarson bo‘ldim”...
Endi uning she’rlari qanday paydo bo‘lganini fahmlay boshlaysiz. Shunda Baxtinisoning soddagina satrlari nega bunchalik ko‘ngilga yaqinligini tushunasiz. Tabassum ortidagi tubsiz dardning, shu dardga peshvoz chiqqan ulkan toqatning yaxlit manzarasi ko‘z oldingizda gavdalanadi. Yo‘q, she’r uning uchun dardni unutish, unga malham qo‘yish vositasi emas, shu dardga qarshi kurashning bir qismi, zalvorli qismi edi:
Ko‘zlarimni yumib oldim, bu dunyoning
Hasrat to‘la ko‘zlariga qaramayman,
Hayrat to‘la ko‘zlariga qaramayman,
Haybat to‘la ko‘zlariga qaramayman.
Jim ketaman...
Go‘yo Qismat degan rassom o‘zi chizayotgan suratning yanada jozibali chiqishi uchun eng kontrast ranglarni yonma-yon qo‘llagandek, zulmat tasviri yonida quyoshning eng yorqin nurlarini tasvirlagandek ko‘rinadi. Bu — inson umri. Bu — ijodkor umri. Bu — Baxtinisoning umri.
Usmon Azim, Xurshid Davron, Eshqobil Shukur, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Zebo Mirzo, Muazzam Ibrohimova, Nodir Jonuzoq va yana ko‘plab ijodkorlar uni o‘z farzandiday, singlisiday ko‘rardi. Saxovatli tashkilotlar va yaxshi insonlar ko‘magi bilan Baxtiniso Turkiyada tibbiy ko‘rikdan o‘tib qaytgach, uning oyoqqa turishiga umid borligi ayon bo‘ldi. Buning uchun oz emas, ko‘p emas 30 ming AQSh dollari kerak edi. Va’da shu: uchta jarrohlik amaliyoti va u yurib ketishi mumkin. Umid bor. Bu umidni asrash uchun hamma harakatga tushdi. Yurtimiz bo‘ylab va undan tashqarida ham xayriya aksiyasi boshlandi. Televizion kanallar, ommabop saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot avj oldi.
Kunlarning birida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xonanda Shuhrat Daryo va elimizning ardoqli ijodkorlari ishtirokida xayriya kechasi o‘tkazildi. Bu saxovat silsilasi boshqa oliy ta’lim muassasalariga ham yoyildi. Shuhrat Daryo va uning shogirdlaridan iborat “Navqiron” guruhi poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga borib “Baxtinisoning baxti uchun” shiori ostida ijodiy kechalar o‘tkazar, bir guruh jonkuyarlar xayriyadan tushgan mablag‘ haqida “Telegram” va “Facebook” sahifalarida ma’lumot berib borardi. Bu tashabbus vodiyu vohalarga qadar yoyildi.
Uning uchun yelib-yugurgan yigit-qizlarning ba’zilari Baxtiniso Mahmudovani ilgari ko‘rma¬gan ham. Operatsiya belgilangan sanaga o‘n kun qolganda kerakli mablag‘ning uchdan bir qismi jamg‘arilgan edi. Baxtiniso bo‘lsa, “Mayli, nima bo‘lsa roziman, atrofimda shuncha qadrdonlarim borligi, ular men uchun yelib-yugurayotganidan ortiq baxt bormi”, deb yozardi. Lekin ish shu bilan to‘xtamadi. “Teleg¬ram”ning o‘nlab ommaviy kanallari va guruhlariga e’lon tarqatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda “heshteg”lar avj oldi. Natijada zarur mablag‘ shiddat bilan yig‘ila boshladi.
Shunday kunlarning birida Baxtiniso Mahmudovaning yoniga bir inson kelib qo‘liga 10 ming AQSh dollari tutqazadi. Shunda shoira: “Menga qarang, men firibgar bo‘lsam-chi, atrofimdagilarni ham yollagan bo‘lsam nima qilasiz? Hozir bunaqalar ko‘p-ku. Qanday qilib shuncha pulni ishonib beryapsiz?” — deb qoladi. U inson bergan ehsoniga rozi bo‘lib, yaxshi niyatda yig‘ib yurgan pulini qizga tutqazadi. O‘n kun ichida keragidan ham ortiq mablag‘ yig‘ildi. Buning hammasiga bir ijodkorning, bir orzumand qalbning hayoti va baxti uchun kuyingan, unga yordam bergan minglab oqko‘ngil insonlar sabab bo‘lgandi.
O‘sha kezlari ko‘zga tashlanib turgan illatlar haqida o‘ylab, nahotki, biz hech qachon yakdil bo‘lolmaymiz degan, og‘riq xayolimni egallab olgan paytlar edi. Bir yoqda katta-katta amaldorlar pora bilan qo‘lga tushayotgan, bir yoqda ona bolasini pullagan, kimdir o‘z padarining joniga qasd qilgani kabi mudhish xabarlarni kuzatar ekanman, ahvolimiz naqadar og‘ir ekani haqidagi bir iqror bo‘g‘zimga qadalib turardi. Nahotki, shunchalik tubanlashib ketdik, deb yurgan kezlarim Baxtiniso opa sabab, uning atrofida yuz berayotgan go‘zal amallar tufayli dunyoda yaxshilar ham ko‘pligiga amin bo‘ldim. Ko‘z oldimda bir-birini talayotgan emas, bir iste’dodli qizning hayoti uchun jips bo‘lib birlashgan millat, xalq namoyon bo‘ldi. G‘ururlandim. Shodlandim.
Nazarimda, bu qiz odam emas, Xudoning bizga dunyoda yaxshiliklar, sabrlar, go‘zal iztiroblar borligini ko‘rsatish uchun yuborgan mo‘jizasi edi. U oyoqqa turganda butun millat quvonishi, yosh-u qari ich-ichdan Yaratganga shukrona keltirishini bilardim.
Kerakli mablag‘ oshig‘i bilan yig‘ilgandan so‘ng, Baxtiniso Turkiyaga, o‘zi mehr va ixlos qo‘ygan Mavlono Rumiy diyoriga shifo istab uchib ketdi. Rumiy unga doim kuch berib kelgan, uni darddan yuksalishga, Olloh bergan sinovlarni mardonavor qabul qilishga o‘rgatib kelgan.
Biz-ku ko‘nikkanmiz, yo‘q zorlarimiz,
Lek bizdan rozimi bahorlarimiz?
Dardimiz, sabrimiz, ozorlarimiz,
Doshlarimiz nadir, ey, Rumiy bobo?
Endi... u oramizda yo‘q. U o‘zi mixlangan aravachadan turib sayr qilib yurishini tushlarida ko‘rardi. Endi bemalol sayr qilib yuradi. Bu dunyoning hasrat to‘la ko‘zlariga qaramaslik uchun ko‘zlarini yumib olgan. Yetti soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti juda muvaffaqiyatli o‘tgani, jarrohlar ham hayron qolgani, qon bosimi ham tushmagani, hatto oyoqlarini seza boshlagani haqida shoiraning o‘zi “Telegram” sahifasida audioyozuv qoldirgan. Ammo keyinroq uning ahvoli yana og‘irlashgach, jonlantirish bo‘limiga olib ketiladi va...
Telefonimda Baxtiniso opaning samolyotga chiqish oldidan televideniyega bergan intervyusi bor: “Bilasizmi, nimani o‘ylayapman? Men aeroportga tushib kelaman. Hech kim meni tanimaydi. “He-ey, kimni kutayapsizlar?”, deyman. “Iye, sizmisiz?”, deydi hamma. Keyin birga oyoq kiyimlarini yechamiz-da, oyoqyalang aeroportdan chiqib ketamiz. Hamma bizning ustimizdan kuladi. Lekin biz bu yurtning eng baxtli yoshlari, birlashib orzularga yetgan yoshlari bo‘lib bu yerdan chiqib ketamiz...”.
Uni dard yengmadi. Yenga olmasdi ham. U dardni yengib bo‘lib, dunyodan ko‘z yumdi. Balki, uning hayotidan ma’no ham shunda bo‘lgan. U eng og‘ir damlarida ham orzularini tark etmadi. Baxtinisoning ortidan go‘zal orzulari va bir dasta betakror satrlar qoldi:
Dard yomg‘irday yuzga to‘kilganida,
Boshimni silasa Ayyub bardoshi.
Majnuna hislardan iltifot kutib,
G‘amlanib botganda ruhim quyoshi,
Siz yetib kelasiz orzular bilan...
Suhrob ZIYO