Yoshlarga bunday “QvZ” kerak emas!
1993-yildan buyon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi talabalarni “ommaviy madaniyat”ning turli tahdidlaridan himoyalashga, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, yoshlarni hurfikr, mehnatkash, vatanparvar etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan edi. Biroq, afsuski, so‘nggi paytlarda tanlov maqsadi va g‘oyalari mutlaqo o‘zgarib ketdi. Jamiyatdagi muammolarni yumor tarzida sahnaga olib chiqishi kerak bo‘lgan talabalar izlanishdan qochibmi yoki boshqa sababdanmi, tobora bachkanalashib, behayo askiyachilikdan o‘tolmay qoldi.
2018-yilning dekabr oyida efirga uzatilgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining final bosqichini tomosha qildim. Yoshlar tayyorlagan sahna chiqishlaridan kayfiyatim ko‘tarilmadi, balki ularning beo‘xshov xatti-harakatlari-yu behayo gaplaridan dilim xufton bo‘ldi. Toshkent moliya instituti “Moliyachi” jamoasining chiqishlaridagi bema’no qochiriqlar, uyat-andishaning chegarasizligi, ustoz-murabbiylar ustidan emin-erkin kulish, ochig‘i, chidab bo‘lmas darajada. Zalda o‘tirgan talabalar-u jamoalarni baholayotgan hakamlar hay’ati esa uyatsizlik oshkora namoyon etilgan sahna ko‘rinishlarini gulduros qarsaklar bilan olqishlardi. Tanlov yakunida eng uyatsiz, axloqsiz chiqishlarni namoyish etgan jamoaning g‘olib bo‘lganiga nima deysiz?! Tanlovga nisbatan bunday yondashuv boshqalarni ham bachkana va axloqsiz bo‘lishga chorlashi turgan gap. Tanlov davomida milliy qadriyat va an’analarimizga mos va xos birorta sahna ko‘rinishi namoyish etilmagani achinarli holdir.
“Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi orqali yetishib chiqayotgan qiziqchilar, aniqrog‘i, masxarabozlarning bugungi faoliyatini kuzatib turib ham “QvZ” qanday tanlovga aylanib qolganini anglash qiyin emas. “Million”ning yangi konsertini ko‘rib, o‘zbek qiziqchilik san’atining tobora abgor ahvolga tushib borayotganidan kuyungandik. Yaqinda televideniyeda namoyish etilgan “Bravo”chilarning konsert dasturi hammasidan o‘tib tushdi. Jamoa shovvozlari odamlar u yoq-bu yoqqa qarab, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilib, bir-biriga aytadigan hazillarni katta sahnada baralla aytishdi. Ularning har bir xatti-harakati sharmandalikning yorqin namunasi bo‘ldi. Shunday “mutoyiba”larga chapak chalgan muxlislarni ko‘rib o‘yga tolasan kishi: nahot saviyamiz, san’atga munosabatimiz shu darajaga tushib qoldi?!
Katta sahnada, minglab tomoshabinlar oldida axloqsizlikni targ‘ib qilayotgan bunday “QvZ” “tomosha”lari bizga kerak emas. Biz farzandlarimizning hamiyatli, o‘zini, o‘zligini anglagan insonlar bo‘lib voyaga yetishini istaymiz. Bu kabi tomoshalarning yoshlar uchun foydasidan zarari ko‘payib ketyapti. Shunday ekan, bu borada tegishli tashkilot-u mutaxassislardan ertaroq uyg‘onishlarini, yosh avlod oldida mas’uliyat his etishlarini so‘rab qolamiz.
Dilnoza QURBONOVA,
Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali matbuot kotibi