«Asaxiy books» loyihasi taqdimoti
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida Asaxiy.uz internet doʻkoni ishtirokchilari hamkorligida “Asaxiy books” loyihasi doirasida sotuvga chiqarilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Asaxiy.uz internet doʻkoni 2013-yildan buyon elektron texnika va maishiy jihozlar sotish bilan shugʻullanadi.
Hozirgi kunda aholining koʻp qismi, xususan yoshlarning internetdan koʻp va tez-tez foydalanishi internetda kitob savdosini tashkil etish talabini ham oshirdi. Mazkur internet doʻkon yurituvchilari ham ayni shuni anglagan holda maishiy texnikalardan tashqari nashriyotlar bilan kelishgan holda kitob savdosini ham tashkil etdi.
Bugungi kunda kitob oʻqilmayapti, degan gap oʻz tasdigʻini topmayapti. Keng fikrlar maydoniga aylangan ijtimoiy tarmoqlarda agar kimdir biror kitob haqida oʻz fikrini bildirsa, unga qiziquvchilar, uning ingliz, rus, oʻzbek tilidagi nusxasini soʻraydiganlar talaygina.
Shu bois ham “Asaxiy books” loyihasi tashkil etildi. Loyiha internet orqali kitob sotish, jahon bozoridagi sara asarlarni tarjima qilish, elektron va audio kitoblar sotuvini yoʻlga qoʻyish bosqichlarida amalga oshiriladi. Hozirda ikkita bosqich faoliyat yuritib turibdi. Jorj Oruellning “1984” va Den Braunning “Raqamli qalʼa” romanlari tarjima qilindi, chop etildi va kitobxonlarga taqdim etildi.
– Ushbu loyihani hayotga tatbiq etishdan oldin jahon kitob savdosi, xususan Fransiyada qanday yoʻlga qoʻyilganini chuqur oʻrgandik, – deydi loyiha masʼuli Firuz Allayev. – Talab qanday? Kitobxonga nima kerak? Degan savollarga javob izladik. Tarjimonlar, muharrirlarni jalb etdik. Aslida nashriyotlarda chiqqan kitoblarni kitobxonga taqdim etamiz. Lekin oʻz loyihamiz doirasida oʻzimiz ham kitobni tanlab, kerak boʻlsa tarjima qildirib, nashr ettirib savdoga chiqara boshladik. Yurtimizdagi oʻquvchilar uchun qiziq, ijtimoiy ahamiyati yuksak boʻlgan adabiyotlarni tanlashga eʼtibor qaratyapmiz. Oʻzbekistonda internet orqali kitob savdosini yoʻlga qoʻyish asosiy maqsadimizdir.
Mazkur internet doʻkoni yurtimizning barcha hududlariga elektron toʻlov tizimi orqali puli toʻlangan kitobni yetkazib beradi. Chekka-chekka hududlarga ham yuborilyapti. Ayni vaqtda viloyat markazlariga buyurtma qilingan kitoblar 2-3 ish kunida, chekka qishloqlarga 5-7 ish kunigacha boʻlgan davrda yetkazib berilyapti.
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab boʻlgan Den Braunning “Raqamli qalʼa” romani tarjima qilingan. Tarmoq foydalanuvchilari Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq kitobni oʻqiydigan kitobxonning yoshi koʻrsatilmaganini tanqid qilgan.
Shu masala yuzasidan ham loyiha faollari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.