Bolaning bolaligini o‘g‘irlamang!
Maktabga farzandini kuzatgan ota-onalarning jigarbandidan umidi katta bo‘ladi. El-yurt koriga yarasin deb g‘amxo‘rlik qilishadi, bisotida borini sarflaydi. O‘zi yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Buni hammamiz bilamiz. Biroq bola nimani o‘ylayapti, xayolida nima bor? Bunga ko‘pchilik qiziqmayapti.
Ayrim ota-onalarimiz tirikchilik payida yuraverganidan bo‘sh vaqtlari umuman yo‘q-da! Ota-bola, ona-bola bo‘lib gaplashmaydilar. Ishga borib-kelishadi. Xorijga ketib, yilda bir keladi yoki yo‘q. Farzandlar esa ota-ona mehridan bebahra qolaveradi.
Bolaning o‘zi katta bo‘lib qoladi. “Ustozi bor, tarbiyalaydi-da. Maosh olyapti, ta’lim-tarbiya bersin-da!”. Ana shunday fikrdagi ota-onalar ham bor.
Ammo bola 6 soat maktabda bo‘lsa, 18 soat ota-onasi bag‘rida bo‘ladi. Ustoz 6 soatga mas’ul bo‘lsa, ota-ona 18 soatga mas’ul. Vaqti ham, imkoniyati ham uch barobar ko‘p bo‘la turib, mas’uliyatni unutib qo‘yayotgan ota-onalar borligi achinarli. Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi. Biroq bu mutanosiblikni ba’zi oilalarda umuman uchratmaysiz. “Ta’limni ham, tarbiyani ham o‘qituvchi bersin!” degan tushunchani mahkam ushlab olishgan. Maktablarda ayrim ota-onalarning ustozga o‘dag‘aylashi, tahdidini kechirib bo‘lmaydi. Buni qonun orqali taqiqlab qo‘yish kerak.
Hamkasblarimdan biri gapirib qoldi: “Yaqinda to‘polonchi bolalarning biri bilan profilaktik tadbir o‘tkazdim. Uni o‘zimga yaqin oldim. Shunda u yorildi:
— Ustoz, otam har kuni ichadi. Qo‘shnilar qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadi. O‘zimdan o‘zim nafratlanib ketyapman. Tog‘alarim biznesmen, topishi zo‘r. Onam ishlagani xorijga ketgan. Qo‘ni-qo‘shnilar oyimni yomon otliqqa chiqarishgan. Endi ayting-chi, men nima qilishim kerak? Dars tayyorlamayotganim, gapingizga quloq solmayotganimning ham sababi bor. Sinfdoshlar orasida obro‘mga putur yetkazib qo‘yishdan cho‘chiyman. Harbiy bo‘lishni orzu qilardim. Ammo otam qamalib chiqqan, men harbiy bo‘la olmasam kerak...
Yakka tartibdagi suhbatdan keyin o‘quvchimni turnik oldiga olib bordim. Kuchini sinadim — 14 marta turnikka tortildi. 100 metrga yugurtirdim, marraga 13 soniyada keldi. Sekin-asta harbiy sohaning sir-asrorlari bilan tanishtirdim. Sinf sardori qilib q‘ydim. Bola o‘zgardi-qoldi. Mas’uliyatni his qila boshladi. Darsdan so‘ng qolib mashg‘ulot o‘tadigan bo‘ldik. Bir kuni bola yana ko‘nglini ochdi: “Ustoz, men bilan hech kim bunday dildan suhbat qurmagan. “O‘qimaysan. Sen odam bo‘lmaysan!” deb boshimni qotirishgan. Endi sizday ustoz bo‘lgim kelyapti”.
Shu o‘smirning o‘zgarganidan suyundim. O‘zini, o‘zligini anglaganidan quvondim”.
Bola ota-onadan andoza oladi. Oilada topa olmagan mehrni o‘zga makondan izlaydi. Sabr-toqat, qanoat, sadoqat, halollik oila bag‘rida shakllanadi. Maktabda takomillashadi. Oilada tarbiya yaxshi bo‘lsa, o‘quvchining atrofdagilar bilan muomalasida, munosabatida ham seziladi. Yaxshi bo‘lsa, xo‘p, aksi bo‘lsa-chi, barchaga, ayniqsa, sinf rahbariga muammo olib kelishi tayin.
Aytaylik ota: “Bolam, meni uyda yo‘q deb ayt!” deydi. Shu kundan boshlab bolaning yolg‘on gapirish reflekslari ishga tushadi. Har xil yolg‘on to‘qiydi. Aslida ota-ona — birinchi muallim. Ularga to‘g‘riso‘zlikni o‘rgatmoq joiz. Bolaning ko‘nglini samimiyat bilan to‘ldiraylik. Farzandlarimiz qalbida unib chiqqan oqibat, g‘urur, oriyat ularga yo‘lchi yulduz bo‘lsin. 10-“D” sinfda o‘qiydigan T.I. otasining havas qilarli inson emasligidan o‘ksinadi. 11-“B” sinf o‘quvchisi M.A. “Mening onam Imom al-Buxoriy bobomizning onalaridek bo‘lsa edi”, deb orzu qiladi. Ehtimol, sizning farzandingiz ham ana shunday xayollar girdobida yurgandir.
Birinchidan, farzand tar-biyali bo‘lsa, ota-onani, qo‘ni-qo‘shni, yaqinlarini ardoqlaydi. Ota-onaning qadriga yetgan bola o‘zgalarning ham qad-riga yetishi shubhasiz.
Ikkinchidan, farzand ota-onaga itoatli bo‘lsa, Prezidentiga, el-yurtiga, ustoziga ham itoat qiladi. Tarbiyali farzand oilaning oriyatini, mahalla, Vatan sha’ni-shavkatini yuksaklarga ko‘taradi. Vatani uchun sidqidildan xizmat qiladi.
Bola balog‘at yoshida “Hamma men bilan hisoblashishi shart!” deb o‘ylaydi. Ular ichki menini boshqalardan ustun qo‘yadi. Bu davrda ota-ona-ning ko‘magi juda zarur. Bolaning bolaligini o‘g‘ir-lamang! Aytaylik, sinfda 40 nafar o‘quvchi bor. Barchasi sinfda jim o‘tiradi. 45 daqiqa ustozning sabog‘iga quloq tutadi, desak yanglishamiz. Ba’zi o‘quvchi o‘rnidan turib, nimadir qilmoqchi bo‘ladi. Ustoz yoniga keladi yoki sinfdoshidan nimadir so‘ragisi keladi. Bunday holatda ustoz juda sergak bo‘lishi kerak! O‘quvchilarga imkoniyat berishimiz, nazoratni susaytirmasligimiz lozim. Bir qolipga solib qo‘ydingizmi, tamom, bolaning bolaligini o‘g‘irlagan bo‘lasiz. Ha, bu ham o‘g‘rilik! Holatga, voqeaga o‘z vaqtida e’tiborsiz bo‘lsangiz, o‘quvchi yuqori sinfga o‘tganda, albatta, sizning umringizni o‘g‘irlaydi. Ularni tartibga keltiraman deb vaqtingiz havoga sovriladi. Hadeb tarbiyaviy soat o‘taverasiz-o‘taverasiz.
Donishmandlardan biri “Tartib-intizomning eng zo‘r maktabi — oila”, degan edi. Farzand oilada intizomli bo‘lsa, maktabga o‘z vaqtida boradi, yaxshi o‘qiydi, ustoz o‘gitini quloqqa oladi. Hayotimizning har bir soniyasida bola tarbiyasiga mas’ulligimizni esdan chiqarmaylik.
Razzoq SHOYMARDONOV,
Olmazor tumanidagi 243-maktabning ChQBT fani o‘qituvchisi, iste’fodagi podpolkovnik