Markaz kitobxonni o‘ziga chorlaydi
Kitob bilan do‘st tutingan odam aqliga tayanib ish ko‘radigan, chuqur mushohadali, kamtar va fidoyi bo‘ladi. Afsuski, kitob mutolaasi davrimizning o‘tkir muammosiga aylanadi.
Ayniqsa, badiiy adabiyotga qiziqish achinarli ahvolga kelib qoldi. Buning sabab va oqibatlari chuqur o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 12-yanvarda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi, shuningdek, 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Prezident qarori muhim ahamiyat kasb etdi.
Toshkent moliya institutining ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi jamoasi fakultetlar bilan hamkorlikda yangi adabiyotlar taqdimotini o‘tkazib kelmoqda. Ayni paytda professor-o‘qituvchi va talabalar tomonidan ko‘p so‘raladigan, biroq fondda kam bo‘lgan ilmiy, ilmiy-ommabop, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy adabiyotlar ro‘yxati shakllantirilib, tegishli nashriyotlarga qo‘shimcha buyurtma berish hamda ularning elektron shakllarini tayyorlash jadal olib borilmoqda. Bu borada “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, “Yangi asr avlodi”, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari bilan boshlagan hamkorlik imkoniyatlarimizni yanada kengaytirishiga umidvormiz.
Institut axborot-resurs markazida bugungi kun talablariga mos uchta o‘quv zali (bittasi xorijiy tillar adabiyoti) faoliyat olib bormoqda. Ularda professor-o‘qituvchi va talabalar nafaqat kitob, gazeta yoki jurnal mutolaa qilishadi, balki “Armat” dasturiga kiritilgan 8644 ta adabiyot va 2370 dan ziyod elektron resursdan ham foydalanmoqda.
56 nomdagi ilmiy, ilmiy-ommabop, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy gazeta va jurnallar ham o‘z o‘quvchilariga ega. “Finans”, “Dengi i kredit”, “Ekonomist” kabi qator chet el jurnallari professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda talabalarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida respublikamiz va xorijiy mamlakatlar gazeta jurnallari obunasi uchun 55264250 so‘m ajratilganligi mazkur farmon hamda qaror ijrosini ta’minlashning amaliy ko‘rinishlaridan biridir.
Axborot-resurs markazining elektron kutubxonasi korporativ va internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 48 ta kompyuterdan foydalanish imkoni yaratilgan. Ularda ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, o‘quv-uslubiy majmualar hamda boshqa oliy o‘quv yurtlaridan olingan kitoblarning elektron ko‘rinishlari mavjud. Hozir fonddagi barcha o‘quv adabiyotlarining elektron ko‘rinishini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Markaz xodimlari shahar va respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovlarda ham faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarga munosib ko‘rilmoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda “AKT sohasidagi innovatsion g‘oya” nominatsiyasi bo‘yicha faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, sertifikat hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandik.
Obunachilarimiz soni nafaqat o‘zimizda, hattoki xorijiy mamlakatlarda ham kundan kunga ortib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida elektron kutubxonamizdan 36 mingdan ortiq o‘quvchi foydalangan. Bu esa pedagog va talabalarimizning xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik rishtalarini bog‘lashida yangi imkoniyatlarni ochadi.
Surayyo XO‘JAYEVA, axborot-resurs markazi direktori,
Nuriddin OCHILOV, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi