“Men ham robot yaratdim”
11 yoshli ixtirochi bolakay Ibrohim o‘zi yaratgan “Junior E” robotining imkoniyatlari haqida to‘lqinlanib so‘zlashini ko‘rgan kishi beixtiyor uning zehniga, yaratuvchanlik qobiliyatiga tahsin aytadi. Ha, bugunning yoshlari mana shunday inellektual salohiyatli bolalardir. Ibrohim poytaxtimizdagi “Barkamol avlod” respublika bolalar ekologiya va o‘lkashunoslik markazida ilk bor faoliyatini boshlagan robototexnika kursi o‘quvchisi. U o‘quv jarayonini boshlaganiga endigina 3 oy to‘lgan bo‘lsa-da, robotlarni yig‘ish, ularni dasturlash hamda sensorlardan foydalanib, robot konstruktorlarini yasashni o‘rgangan.
Xalq ta’limi vazirligi “In Tech” korxonasi bilan hamkorlikda ushbu markazda o‘quvchilar uchun robototexnika sinfi va RoboCraft kursi ochilishi munosabati bilan media-tur tashkil etdi.
Ushbu kurslarni tashkil etishdan maqsad o‘quvchi-yoshlarning innovatsion va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir, — deydi Xalq ta’limi vazirligining Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi direktori Rustam Karimjonov. — Ta’lim jarayoniga STEAM (fan, texnika, muhandislik, matematika) o‘quv uslubini joriy etish va keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan. Respublikamizda jami 210 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari mavjud. Joriy yilda mana shunday o‘quv kurslari sonini 20 taga yetkazish rejalashtirilgan. Kurslarga bir sinfda 11 yoshdan yuqori bo‘lgan 10—12 nafargacha o‘quvchi qabul qilinadi. Darslar haftada ikki marta tashkil etiladi. Dastlab bolalarga sodda tushunchalar, ya’ni elektronika asoslari, keyin maxsus dasturlarda ishlash o‘rgatilsa, keyingi bosqichda ular sensor orqali robot yig‘adi va harakatlantirishni o‘rganadi. Bu kursni tugatgan o‘quvchilar 3D modellashtirish, 3D dizayn bo‘yicha yuqori bilim va malakaga ega bo‘ladi.
Kurs o‘quvchilariga modellashtirish amallari ham o‘rgatilmoqda. Bolalar yaratmoqchi bo‘lgan mahsulotining 3D modelini chizadi va 3D printer orqali chizgan konstruktorlarini chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
O‘quvchilarga zamon talablari darajasida bilim berish, ularni favqulodda fikrlashga o‘rgatish bugungi ta’limning ustuvor vazifasidir.
Niginabonu SHUKUROVA