Yangi ma’rifiy loyiha
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi “Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi” loyihasini amalga oshirishni boshladi.
Loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va pozitiv psixologiya metodini o‘qitish orqali bullingning oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.
Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQShlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. Professor Lori Vulf AQShda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasida stress holatini aniqlash va uni boshqarishga ixtisoslashgan ekspert. Lori Vulf AQShning turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritgan.
Maktabda ta’lim oladigan bolalar va o‘smirlar turli murakkab, bahsli vaziyatlarga duch kelishi sir emas. Loyihada asosiy e’tibor yurtimizdagi maktab psixologlariga ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, o‘qituvchi va psixologlar uchun trening va mashg‘ulotlar orqali stressni yengib o‘tishiga ko‘mak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarining oldini olishda yordam beradi.
Loyiha Toshkent shahridagi 241-, 64-, 133-, 324-umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qamrab oladi. Ushbu maktab o‘qituvchilari hamda psixologlari bullingning oldini olish va ijobiy psixologiya metodi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.
Mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasini xalq ta’limi tizimidagi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga ham joriy etish rejalashtirilgan