3D printer texnik model yaratadi
O‘quvchi-yoshlarning ilmiy, texnikaviy bilimga ehtiyoji yildan yilga kuchayib bormoqda. Qo‘shimcha bilim oladigan bolaning intellektual darajasi oshadi. “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyot markazida to‘garak a’zolarining ortib borayotgan ehtiyojlarini o‘rganish, qondirish, mashg‘ulot jarayonini yangilash birinchi darajali vazifaga aylanmoqda.
Asrlar mobaynida odamzod mehnat qurolini takomillashtirish, tabiiy energiyani o‘ziga bo‘ysundirish, turfa xil mashina va moslamalar yaratish ustida bosh qotirib keladi. Bugun esa bunday qurilmalardan oddiy maktab o‘quvchisi ham bemalol foydalana oladi. 3D printer yordamida texnik model yaratish texnologiyasi joriy o‘quv yilidagi yangiliklarimizdan biri bo‘ldi.
Dastavval “3D printer yordamida VAT-1 robotining tayyorlanish texnologiyasi” mavzusida o‘quv filmi suratga olindi. Robototexnika yo‘nalishi bo‘yicha Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan “Biz — XXI asr intellektuallarimiz” tanlovida to‘garagimiz a’zolarining ikkinchi o‘rinni egallab qaytgani murabbiylarimizni ijodkorlikka undamoqda.
3D printer dasturiy boshqaruvga asoslangan, modelni qatlamlab yaratish metodini qo‘llaydigan dastgohdir. 3D formatda nashr qilish additip ishlab chiqarishning bir ko‘rinishi, shuningdek, tez prototiplash uchun juda qulay qurilma hisoblanadi. “Aviamodel”, Avtomodel”, “Robototexnika va elektron o‘yinchoqlar”, “Raketomodel” kabi to‘garaklarda bu printerdan foydalanib, texnik modelning turli qismlarini aniq o‘lchamda, juda qisqa muddatda tayyorlash mumkin. 3D printerda “VAT- 1” o‘rgimchak-robotini tayyorlash oson va qulay.
Bu printerning xotirasiga zarur dasturiy ta’minotni o‘rnatish orqali amalga oshiriladi. Avvalo, printerning o‘zi qurilma ishchi stolida model qismlarini chizib, so‘ngra kesib chiqadi. Tayyor bo‘lgan qismlar bo‘laklanadi va ortiqcha plastik chiqindilardan tozalanadi.
So‘ng diametri 4 millimetr, uzunligi taxminan 1,5 metr oddiy alyuminiy simdan tirgakli val vazifasini o‘tovchi modelning asosini tayyorlaymiz. Chizma asosida bukiluvchan simni ma’lum o‘lchamda qo‘l bilan buklab, val hosil qilamiz. So‘ngra tirgakli valga model qismlari o‘rnatiladi. Mikrokonroller, ultratovush datchigi, motorcha va batareyka yordamida o‘rgimchak-robot harakatlanadi.
Yaratilgan yangi modelni barcha to‘garak rahbarlariga yetkazish uchun “Texnik ijodkorlik yo‘nalishidagi to‘garaklarni rivojlantirish omillari”, “Texnik ijodkorlik to‘garaklarida 3D printerni ishlatish jarayonlari” mavzularida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazdik. Xususan, Samarqand va Toshkent viloyatida, Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar markazida o‘tkazilgan o‘quvlar o‘z samarasini bermoqda. 100 nafardan ziyod ishtirokchi pedagog 3D printerni ishlatishni zo‘r qiziqish bilan o‘zlashtirdi. Tajriba almashish jarayoni davom etmoqda.
Xadicha ZOKIROVA, “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazi direktori