Barcha maktablarda “Kitob haftaligi” tashkil etilmoqda
Yurtimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk kamol topishi hamda intellektual salohiyatli bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar o‘rtasida o‘zbek va jahon adabiyotini tizimli targ‘ib etish orqali ular qalbida vatanparvarlik, ezgulik, insonparvarlik singari yuksak insoniy tuyg‘ularni shakllantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining badiiy adabiyotni mutolaa qilish hamda kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida joriy yilning fevral-may oylarida axborot-resurs markazi, sinf rahbarlari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, kutubxonachilar va yoshlar yetakchilari ishtirokida “Kitob haftaligi”ni o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqildi. Mazkur rejaga asosan “Kitob haftaligi” tadbirlari ona tili va adabiyot fani darslarida, tarbiyaviy soatlar jarayonida hamda o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtida yuqori saviyada tashkil etilishi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, haftalik doirasida o‘zbek milliy hamda jahon adabiyoti namoyandalarining sara asarlari mutolaa qilinishi belgilangan. O‘quvchilar dunyoqarashini rivojlantiruvchi asarlar sirasiga she’r, hikoya va qissa, shuningdek, qiziqarli ertaklar ham kiritilgan. Ushbu badiiy adabiyotlar o‘g‘il-qizlarning yoshiga mos tarzda tanlangan. Jadvalga binoan har hafta belgilangan adabiyot sinflar kesimi bo‘yicha mutolaa qilinadi. Barcha sa’y-harakatlar pedagoglarning faolligini oshirishga, shu bilan birga haftalikni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Kitob haftaligi” joriy yilning 4-fevralida boshlanib, 25-mayida yakunlanadi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati