Qadriyatlar unutilmaydi
Surxondaryo — baxshilar eli. Bu yerga kelgan hech bir inson ularning dostonlaridan, xalq termalaridan tinglamay turib qaytmaydi, qaytolmaydi. Zero, bu diyorga sayyohlarni chorlagan eng katta kuch ham baxshi do‘mbirasining sehrli sadosi va dostonlarimizdagi sir-sinoatdir...
2019-yil, 3-fevral.
Bir daraxt turar yashnab...
Qariyb uch kundan buyon “Qadriyat film” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahoratli tasvirchi va rejissori Ma’ruf Hasanov bilan Surxondaryo viloyatida ijodiy safardamiz. Safarimizning asosiy maqsadi 2019-yilning 5—10-aprel kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” oldidan hujjatli film va ijodiy fotoasarlar yaratish va Surxon baxshilarining tayyorgarlik jarayonidan xalqimizni xabardor qilish.
Termiz vokzalida bizni kutib olgan viloyat madaniyat boshqarmasi xodimi Azamat aka bilan to‘g‘ri Sherobod tumaniga yo‘l oldik. U yerda bizni O‘zbekiston xalq baxshilari — Abdunazar Poyonov, Shodmon Xo‘jamberdiyev va shogirdlari — yosh baxshilar Sherali Egamberdiyev, Samariddin Xushboqov qarshi oldi. Salom-alikdan so‘ng har daqiqani g‘animat bilib, ijodni boshladik. Ma’ruf aka videokamerada, men esa fotokamerada o‘zgacha ishtiyoq bilan ishga kirishdik. Bizga biriktirilgan avtoulovda Sherobod tumanining betakror tabiatidan hayratlangancha Kallamozor qishlog‘i tomon yo‘l oldik.
Surxondaryoda meni hayratga solgan ilk holat — bodomning qiyg‘os gullagani bo‘ldi. Surxonga bahor shunchalik shoshib kelarkan-da!
Yodimga surxondaryolik ustoz shoir Barot Ergashevning ushbu satrlari keldi:
Bir daraxt turar yashnab,
Qarish nima bilmagan.
Bir daraxt turar yashnab,
So‘lish nima bilmagan.
Bir daraxt turar gullab,
Qurish nima bilmagan.
Bir daraxt turar kuylab,
Tolish nima bilmagan.
Bir daraxt turar yashnab,
Sinish nima bilmagan.
Bir daraxt turar gullab,
Chirish nima bilmagan.
Bu Vatandir, bu Vatan —
Mustaqil O‘zbekiston!
Ha, yurtimizning har bir go‘shasi, har bir qarich yeri o‘ziga xos, betakror. Avtoulov oynasini ochib, to‘yib nafas olgancha, Surxondaryo viloyatining betakror tabiatini kuzatib ketar ekanman, shu yurtning farzandi ekanligimdan yana bir bor g‘urur tuydim. Poyezddagi surxondaryolik yurtdoshimiz, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, O‘zbekiston paxtachilik ilmiy- tadqiqot instituti, Toshkent agrar universiteti Termiz filiali professori Saydulla Boltaboyev suhbat davomida keyingi yillarda Surxondaryo viloyati tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganini aytgandi. Aytganicha bor ekan...
Shodmon baxshi tug‘ilib o‘sgan Kallamozor qishlog‘i atrofidagi qumtepalarga chiqib, baxshilarning ijod namunalarini yozib olishni boshladik.
Bu yerdagi har bir holat menga ertaknamo tuyulardi. Maysalar, o‘t-o‘lanlar, qo‘ylar suruvi, yon-atrofimizda bizdan hurkmay, bemalol donlab yurgan kabutarlar, bahor nafasini sezib qumda sudralib yurgan jonzotlar va, eng muhimi, shu manzaralar fonida doston kuylayotgan baxshilarning o‘ziga xos sirli ovozi xayolimni uzoq-uzoqlarga olib qoc-har, qalbim esa bu sirli holatlar-
ning barchasini tasvirlarga muhrlashga undardi. Eh, ijod — qanday mo‘jiza-ya!
2019-yil, 4-fevral.
Safarimizning ikkinchi kuni Surxondaryo viloyat 22-bolalar musiqa, san’at va baxshichilik maktabi rahbari Komil Choriyev bizga hamrohlik qildi. U kishi yordamida viloyatning Termiz, Sherobod, Sho‘rchi, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida yashovchi xalq baxshilari va yosh baxshilarni Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohiga kiraverishdagi tarixiy devorlar yonida to‘plab, turli dostonlar va xalq termalaridan yozib oldik. Ijodiy hamrohim Ma’ruf Hasanov baxshilarning terma va dostonlarini g‘ayrat va shijoat bilan tasvirga olar, men esa mazza qilib suratga tushirishda davom etardim. Baxshilarning ovozi meni allaqachon sehrlab qo‘ygandi. Xayolimda, yana uch-to‘rt kun Surxonda yursam, o‘zim ham baxshiga aylanib, xalq dostonlaridan termalar kuylay boshlasam kerak, degan fikr aylanardi.
Do‘mbiramni qo‘lga olib chertayin,
Alpomishday dostonimdan aytayin.
Baxshilarning festivali boshlandi,
O‘zbekiston yurt haqida kuylayin, hayyora...
Ushbu satrlarni xirgoyi qilar ekanmiz, qalbimda baxshichilik san’atiga tobora mehr ortib borayotganini his qilardim.
Muzrabotlik xalq baxshilari Rasul baxshi, Chori baxshi, Qora baxshi O‘mirov, Qiziriq tumanidan Muhammad Eshboyev va uning shogirdi Hasan Musayev, qumqo‘rg‘onlik Zulxumor baxshi Shernazarova, sho‘rchilik Baxtiyor Ortiqov ijrosida xalq doston va termalaridan parchalar tinglay-tinglay, Surxonga bo‘lgan mehrimiz yanada oshdi.
Nasib qilsa, festival juda ko‘tarinki ruhda o‘tadi. Zero, bu yerda tayyorgarlik qizg‘in. Har bir baxshi festivalning yaxshi o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilmoqda.
Darvoqe, festivalda xorijiy davlatlardan taniqli folklorshunos olimlar, baxshi, shoir, oqin va jirovlar, ijodiy jamoalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va faxriy mehmonlar ishtirok etish istagini bildirmoqda. Mohir ijrochilar hay’at a’zolari tomonidan saralanadi. Tanlov joriy yilning 20-fevraliga qadar davom etadi.
Nazira BOYMURODOVA, tc "Nazira
BOYMURODOVA,"
jurnalist, fotorassom