Navoiy shatranj o‘ynaganmi?
Jonkuyar o‘zbek shaxmatshunosi marhum Mamajon Muhiddinovning “Shatranj majlisida zukkolar” maqolasida “Navoiy shatranj o‘ynaganmi-yo‘qmi?” degan masala shu qadar jiddiy qilib qo‘yiladiki, bu borada tadqiqotchimizning samarqandlik bir yosh olim (negadir, kimligi aniq aytilmagan) bilan yozishmalar qilgani, akademik V.Bartold va A.Semyonov kabi rus navoiyshunoslari ishlarini varaqlaganini bilib olamiz. Shuncha sa’y-harakatdan keyin shaxmatshunos “Navoiy shaxsan shatranj o‘ynaganligiga aslo shubha yo‘q. Lekin qachon, qayerda va kim bilan o‘ynaganligi hozircha bizga noma’lum, xolos”, degan xulosaga keladi.
Chindan ham, Navoiy shatranj o‘ynagan. “Shaxsan Navoiyning g‘amxo‘r va donishmand rahbarligi ostida yetishgan ko‘p olim va shoirlardan biri”(Izzat Sulton) — G‘iyosiddin Xondamir qalamiga mansub “Makorim ul-axloq”(“Yaxshi xulqlar”) asarida shunday hikoya keltiriladi:
“Bir kuni maqtovga loyiq Amir(Navoiy) fikrni kengaytirish uchun(!) Mavlono Fasihiddin sohib bilan shatranj o‘ynamoqda edi. Shu paytda to‘satdan Amir Burhoniddin Atoulloh majlisga kirib keldi. Ul hazrat izzat va hurmat marosimlarini bajo keltirib, iltifot va ko‘ngil so‘rash yo‘li bilan: “Qayerdan tashrif buyurdilar va nima ishlari bor?” — deb so‘radi.
Amir Burhoniddin shunday javob berdi:
“Har kuni shahardan madrasayi “Ixlosiya”ga qatnashdan qutulish uchun uzoq muddatlardan beri uning atrofidan bir hovli olish talabida edim. Hozir esa o‘shanday joy topdim va uch ming dinor kepakiyga sotib olmoqchiman. Biroq bu orada bir amaldor paydo bo‘lib, bu mablag‘ ustiga biroz qo‘shmoqchi. Sotuvchi esa joyini unga sotmoqni istaydi. Umid shuki, mulozimlaringiz u kishiga mazkur hovlini sotib olishdan voz kechish va menga qoldirish to‘g‘risida shafqat yuzasidan bir qog‘oz yozsalar”.
Daryo ko‘ngilli Amir bu so‘zlarga javob bermasdan, o‘rtadagi shatranj mashg‘ulotini tugatishga kirishdi. Bu jihatdan u janob(Atoulloh Husayniy) tashvishlanib: “Bu iltimosim oliy hazratning ko‘ngliga og‘ir tushdi”, — deb gumon qildi. Har holda, shatranj tamom bo‘ldi. Ehson va saxovat manbayi Amir(Navoiy) u zotga xitob qilib: “Agar faqirlardan biri maydoni keng, imorati ko‘p, havosi go‘zal va suvi shirin, ham madrasaga yaqin hovlini sizga tortiq qilsa, munosibroq bo‘ladimi yoki o‘sha o‘zingiz aytgan hovlining qo‘lingizga kirishi uchun harakat qilinsinmi?” — dedi. Ulug‘ nasabli janob bu so‘zni eshitib, shodlik va xursandlik izhor qilib, umidvor bo‘ldi.
O‘sha vaqtlarda baland martabali Mavlono Muinning hovlisi ul hazrat(Navoiy) devoniga taalluqli bo‘lgan edi. Haqiqatan, ko‘ngilochar va xushhavo bir joy edi, mana shu joyni u janobga in’om qilib, istagan maqsadini hosil qilib qaytardi”.
Ma’lum bo‘ldiki, Navoiy o‘z davrining yirik allomasi, adabiyot nazariyasiga oid mashhur asar — “Badoyi us-sanoyi’”ning muallifi Atoulloh Husayniyga yaxshi bir hovlini bepul bergan. Bu yerda Navoiy shatranj sura turib olimning dardini eshitgani, ammo o‘yin tugaguncha unga javob qaytarmagani qaydi — juda muhim. Hatto Atoulloh Husayniy shu sukut orasida arzini aytganiga pushaymon ham qilib o‘tiradi. Bu Navoiyning shatranjni kamoli diqqat bilan, jiddu jahd bilan o‘ynaganini ko‘rsatadi.
Navoiyning shatranjdagi raqibi — Mavlono Fasihiddin zamonasining eng boobro‘ nasabli allomalaridan va shoir edi. “Majolis un-nafois” tazkirasida Navoiy uning xushfe’lligini ta’riflab, “safar va hazarda(davralarda) ko‘prak avqot(vaqtlar) o‘z sharif suhbati bilan musharraf” qilganini aytadi. Xondamirning hikoyasi buni to‘la tasdiqlaydi.
Bu ikki do‘st safar va hazarda o‘zaro bot-bot shatranj surishganiga esa shubha yo‘q.
Sultonmurod Olimning “Navoiy — yoshlarga” kitobidan.